Bolalar juda ziyrak va qiziquvchan bo‘lishadi. Dunyoga hayrat ko‘zi bilan boqib, o‘z tasavvurlaridagi olamni yaratishga xarakat qiladilar. Bunday paytda bolalarning qanday multfilmlarni tomosha qilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bevosita mult qahramonlarning hatti-harakatlari ularning tarbiyasida, dunyoqarashida, kelgusi hayotida muhim o‘rin tutadi, desak yanglishmaymiz.
Ezgulik doim yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishi Disney multfilmlarining asosiy bosh g‘oyasi. Jumladan, “Oppoqoyim va yetti gnom”, “Sohibjamol va mahluq!”, “Qirol sher” va hakazo. Bunday multfilmlarni nafaqat bolalar, hatto kattalar ham birdek mazza qilib tomosha qilishadi. Shu tobda multfilmlar olamida mashhurlik shohsuppasini egallagan Disney multfilmlari nechi yoshga to‘lganiga qiziqdim. Darhol uning tarixi va tashkil etgan asoschisi haqida ma’lumotlar izlashga tushdim. Sehrli ertaklar olamiga yetaklaydigan orzular mamlakatini tashkil etgan qahramon, ehtimol sizga ham qiziq tuyular.

    «Walt Disney Company» tarixi 1901 yili 5 dekabrda AQShning Chikago shtatida oddiy duradgorlik orqasidan kun ko‘radigan irlandlik Uolter Elias Disney oilasida to‘rtinchi farzandi dunyoga kelishi bilan boshlanadi. Chaqaloqga ota-onasi Uolt ismini berishadi. Bolakay 4 yoshga to‘lganida, uning oilasi Missuri shtatining kichik Kanzas Siti shahriga ko‘chib kelishadi. U yerda bir fermani tirikchilik qilish uchun Disneylar oilasi sotib olishadi. Rasm chizishga bo‘lgan qiziqish Uoltda erta namoyon bo‘ladi. Ota-onasidan bolakay qog‘oz va qalam olib berishini bir necha bor iltimos qiladi ham. Biroq nochor umr kechirayotgan oilasi farzandining xohishini bajarishga qurbi yetmasdi. Natijada qalam o‘rniga cho‘pni yelimga ishqalab, suratlarini yerga chizib gavdalantiradi.
Bolakay bolaligidan bir to‘g‘ram nonni topishga o‘zi harakat qilardi. Kichik yoshidanoq gazetalarni poyezdlar yuradigan stansiyalarda tarqatishni boshlaydi. Shu bilan birga u fermada ham ota-onasiga qarashgan. Mehnatkash va iste’dodli bolakayning qobiliyati kichik shaharda tezda ovoza bo‘ladi. Bir kuni bolakayning ijodiy ishlarini kuzatgan keksa veteran, doktor Shervud, Uoltga otining rasmini chizishni taklif qiladi. O‘shanda Uolt endigina 7 yoshni qarshilagan edi. Qariya kerakli rasm uchun anjomlarini xarid qilgach, bolakay hayvonni chiroyli qilib, suratda aks etadi. Otining rasmidan mamnun bo‘lgan Shervud, Uoltga 25 sent haq to‘laydi. Bu uning birinchi marotaba rassomchilik uchun ishlab topgan puli edi. Ehtimol, o‘sha tobda uning qobiliyati va rasm chizishga bo‘lgan muxabbati kelajakda olamshumul multfilmlar yaratishi mumkinligi haqida Uolt o‘ylamagandir. Aynan otning rasmi Disneyning rassomlik sohasini tanlashiga turtki bo‘lgan yo‘l sanaladi.
  Rassomchilik qobiliyatidan foydalangan Uolt keyinchalik komiks va karikaturalarning ham rasmini chizib, tirikchilik qilish yo‘liga o‘tadi.

                                           «Walt Disney Company» dunyoga kelishi!🎭

  Multiplikatsiyaga bo‘lgan jiddiy qiziqishi Uolt Disneyda kun sayin rivojlanib borardi. U o‘z qobiliyatini kengroq ommaga tanitish maqsadida 1923 yili bir necha animatsion rasmlarni qo‘liga olib, cho‘ntagida 40 dollar bilan Gollivudga yo‘l oladi.
« Men bir studiyadan ikkinchi studiyaga o‘taverdim. Barcha xonalarga kirib chiqdim ham. Kadrlar bo‘limidan tortib, suratga oladigan shaxobchagacha… Gollivud olamida yagona erishgan mavqeim — statist (so‘zsiz rollarni ijro etuvchi artist) roli edi. Men shunchaki otda bir necha metr masofada boshqa menga o‘xshash artistlar bilan o‘tib ketishim kerak edi. Biroq juda kuchli yomg‘ir yog‘di. Shu sababli suratga olishni boshqa kuniga qoldirishdi. Keyin esa ssenariydan shunchaki ushbu kadrni qirqib tashlashdi. Bu esa mening aktyorlik faoliyatimning yakuniga yetgani bo‘ldi”, — Uolt Disney o‘zi haqida shunday xotirlaydi.
Gollivudga katta orzularni ko‘zlab kelgan Uolt tushkun kayfiyatda yaqin atrofda yashaydigan amakisi Robertning uyiga joylashadi. Vaqt o‘tib, fikrlarini bir joyga jamlagan Uoltda birdan yangi fikr tug‘uladi. Akasi Royedan multfilmlar ishlab chiqarish maqsadida zarur bo‘ladigan bo‘yoq, chyotka va projektor xarid qilish uchun pul oladi. Ukasining qizg‘in ish pallasiga sho‘ng‘iganini kuzatgan Roye bunday rejalarni amalga oshirishda hamkorlikni taklif qiladi. Shunday qilib, aka-ukalar birgalikda «Disney Brothers Cartoon Studio» ni tashkil etishadi.
                                       “Alisa mo‘jizalar mamlakatida”
1924 yilning 1 martida aka-ukalar mashhur yozuvchi Lyuisa Kerrollning asari asosida “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” filmini suratga olishadi. Ushbu animatsion tasvir o‘sha davrda qo‘yilgan multfilmlardan mutloqo farq qilardi. Filmda animatsiya olamiga tushib qolgan oddiy odam haqida hikoya qilingan. “Alisa mo‘jizalar mamlakati” Uolt Disney kutgan barcha natijalarni ortig‘i bilan qoplaydi. Aka-ukalar yaxshigina daromad olib, kompaniyaning nomini yanada aniqroq nomlash uchun uni Walt Disney Companysiga o‘zgartiradi.
1927 yili esa “Osvald quyoncha” multfilmi ekran yuziga chiqib, Disneyning mashhur mult qahramonlari galeriyasidan joy oladi. Biroq bora-bora quyoncha Osvaldga bo‘lgan qiziqishlar so‘nishni boshlaydi. Negaki kino olamida katta o‘zgarishlar yuz berayotgandi…
                                 Yangi davr Mikki-Maus bilan!

   1927 yilda kinomatografiya olamida ovozli kinolar davri boshlanayotgan bir paytda multiplikatsiyachilar ham yana oldinga qadam tashlashga harakat qilishlari lozim edi. Shu chog‘da kompaniya Mikki-Maus sichqoncha ishtirokidagi dastlabki ikki qismni suratga olishgandi. Biroq uni sotishga xaridor topilmaydi. Negaki ular ovozsiz olingan bo‘lib, bu paytda anchagina kinoteatrlarga ovozli kinolar kirib kelgandi. Demak, Disneylar ham vaqt bilan hamohang birga yurishi darkor. Ovozsiz multfilmlarning esa davri nihoyasiga yetdi. Uolt shu chog‘da barcha hamkor-kinomatograflarini ishga solib, multfilmga ovoz berishni boshlaydi.
Shunday qilib, 1928 yili 18 noyabrdan ekran yuziga Mikki Mausning 3 qismi ovoz bilan chiqadi. E’tiborga molik tomoni shundaki, ekran orqali birinchi marotaba gapirgan mult qahramon aynan Mikki Maus bo‘lgan. Qizig‘i, Mikki sichqoncha yigirma yil mobaynida shaxsan Uolt Disneyning ovozi orqali gapirgan. Tez orada Mikki Maus Amerikaning o‘ziga xos ramzlariga ham aylanib ulguradi.
 «Dastlab, olamga mashhur sichqonchaning ismini Mortimer Maus, deb nomladik. Biroq bu nom rafiqam Lillianga yoqmadi. Shunda u bizga Mikki deb nomlashni taklif qilgandi. Albatta, bunday mayda narsani men rad etolmasdim. Shunday qilib, kompaniyamning butun dunyoga dovrig‘ini taratgan Mikki-Maus qahramoni paydo bo‘ldi, deydi Disney.
Bir vaqtning o‘zida Uolt Disney “Ahmoqona simfoniya” nomli Mikki Mausning yangi qismini ishlab chiqardi. Aynan bu qismi rassomchi Disney uchun mashq qiladigan maydonga o‘xshardi. Ular yangi multiplikatsiya texnikalarini katta loyihalarda qo‘llashdan oldin multfilmda aks ettiradi. Buni qarangki, aynan shu qismdagi multfilm 1932 yilda “Eng yaxshi chizilgan film” nominatsiyasi bo‘yicha mashhur va obro‘li “Oskar” mukofatini qo‘lga kiritadi. Urushdan oldingi oxirgi o‘n yillikning oxirigacha Disney multfilmlari har yili “Oskar” mukofatida eng yuqori shoxsupani egallab kelgan. O‘zining faoliyati davomida Uolt Disney 29 ta “Oskar” mukofatining sohibi bo‘lgan.
1933 yili Disney “Uch cho‘chqacha” nomli eng birinchi rangli multfilmini taqdim etdi. “Biz kulrang bo‘ridan qo‘rqmaymiz” qo‘shig‘i esa milliy xitga aylandi. Shu tariqa studiya kundan kun rivojlanib borardi. “Kulguli ohanglar” filmi orqali bolajonlarning sevimli qahramonlaridan biri Donald Dak, uvilloq Pluto va Gufi kabi bir qator qahramonlar yaratildi. Bundan tashqari Disney «Kolumbiya Pikcherz», «Yunayted Artists» kabi kompaniyalar bilan ham shartnoma imzolaydi.
1934 yili Uolt Disney o‘zining xodimlariga to‘liq metrajli “Oppoqoyim va yetti gnom”multiplikatsion filmini suratga olish niyatida ekanligini ma’lum qiladi. Dastlab, bu fikrga ko‘pchilik shubha bilan qaraydi. Negaki suratda tirik aktyorlar mavjud emas. Tabiiyki, ommaning katta kino singari qiziqishini uyg‘otish va e’tiborini jalb qilish qiyin. Filmni suratga olish jarayoni 3 yilga cho‘ziladi. Kino uchun $1,499 summa harajat qilinadi. Bu summa o‘sha davr uchun juda katta mablag‘ edi. Biroq natija ham shu pulga yarasha bo‘ldi. Oppoqoyim bir necha yillar mobaynida eng daromadli va yuqori reytingli filmlar qatoridan joy egallaydi. Olamshumul mavqega erishgan to‘liq metrajli film uchun Uolt Disney 1939 yilda yana “Oskar” mukofatiga sazovar bo‘ladi.
E’tiborli jihati, taqdimotda katta “Oskar” mukofatidan tashqari, uning yoniga yetti mitti odam kurinishidagi “oskarlarni” ham Disneyga topshirishgan. Qolaversa, 1940 yilda suratga olingan “Fantaziya” multfilmini Uolt Disney, Filadelfiya orkestri dirijyori Leopold Stokovskiy bilan hamkorlikda yaratadi. Kino tanqidchilarning aytishicha, 9 ta musiqiy nomerdan iborat ushbu multfilm haqiqiy durdona hisoblangan.
                                            Qirg‘oqqa yo‘l…
   Ikkinchi jaxon urushi davrida suratga olingan “Pinokkio”, “Dambo” va “Bembi” kabi multfilmlar ham xuddi Oppoqoyim keltirgan shuhratni takrorlashi uchun barcha imkoniyatlari mavjud edi. Biroq dahshatli urushning ta’sirida ushbu kinolar inqirozga yuz tutadi. Ammo har doim shirin ertaklardagidek, barcha yovuzliklar o‘z nihoyasiga yetadi. 50-yillarning boshlarida Disney Companysi urush yillarida olib chiqilgan tashqi bozorlarni qaytarib oladi. Kompaniya yana to‘liq metrajli filmlar olishni boshlaydi. Biroq animatsion mult qahramonlardan tashqari endilikda jonli aktyorlar ham suratga olinadi.
1954 yili Disney Companysi o‘z teledasturlarni efirga uzatishni yo‘lga qo‘yadi.
                          Disneylend

        Disneyning oilasi Chikagodan ko‘p nochor oilalar kabi yaxshi daromad olish maqsadida, Missuri shtatining Kanzas Siti shahriga ko‘chib kelishadi. Bunday burilish Uoltning hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Kanzas Siti shahrida bir badavlat insonning dang‘ilama saroyi bor edi. Uyning atrofi esa katta to‘siqlar bilan to‘silgan, hovlisini yam-yashil chiroyli bog‘ o‘rab turardi. Ajoyib kashona xususiy mulk egasiga tegishli bo‘lib, mahalliy bolalarning uni ko‘rish va hovlisida o‘ynash istagi kuchli bo‘lgan. Shu sababli bolalar qandaydir sirli teshiklar orqali kirib, bog‘da to qorovul tomonidan haydalmagunlaricha o‘ynashardi.
Xuddi shunday Uolt ham ko‘p marotaba u yerga kirishga harakat qilgan. Biroq barcha urunishlari bejiz ketadi. Shu payt u o‘ziga ont ichadi: “Katta bo‘lsam, albatta, hashamatli saroy quraman! U yerda bolalar o‘ynashi uchun ko‘ngil maskanlari va bog‘ bo‘ladi! Oradan 40 yil Disneyning yurak tubida yashagan niyat “Disneylend” nomi bilan paydo bo‘ladi.
Birinchi bor Disneylend 17 iyul 1955 yilda Kaliforniya shtatining Anaxaym shahrida quriladi. U yerning shuhrati butun mamlakatga tarqaladi. Natijada bunday mujizakor bog‘ni yanada kengaytirish va boshqa rivojlangan shaharlarda ham «Disneylend» maskanini ochishni rejalashtirishadi. Shunday qilib, 1983 yili «Disneylend» Tokioda, 1992 yili esa Parijda barpo etiladi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, Disneylendning ochilish marosimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri televideniyaga uzatilib, ushbu dasturni Amerikaning bo‘lajak prezidenti, aktyor Ronald Reygan olib borgan.
Kaliforniyadagi San’at Instituti
Uolt Disneyning yana jiddiy amalga oshirgan ishlaridan biri 1961 yili Kaliforniyada San’at Institutini tashkil etgani bo‘ldi. Institutda musiqa, rassomchilik, teatr, haykaltaroshlik, kinomatografiya hamda moda olamidan saboq beriladi.
 Uolt Disney 1966 yili 15 dekabrda o‘pka saratoni kasalligidan vafot etadi.
                                        Kompaniyaning keyingi hayoti…
1968 yili Disneyning multiplikatsiya olamiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun AQShning yuqori Kongress oltin medali uning oila a’zolariga topshiriladi. Uoltning vafotidan so‘ng Walt Disney Companysini 1971yilga qadar akasi Roye boshqargan. Undan so‘ng esa kompaniyani Kard Uoker, Donn Teytum va Ron Miller egallaydi. Uolt Disney o‘z vorislariga o‘zi amalga oshira olmagan ko‘plab loyihalar va g‘oyalar qoldirdi.
Uoltning g‘oyalari asosida kompaniya bugungi kunga qadar ham o‘z obro‘yi va dovrig‘ini saqlab kelmoqda! Aynan u yaratgan kompaniya butun dunyo bo‘ylab yirik multfilmlar imperiyasiga aylandi. «Men shunchaki, pul ishlash uchun filmlar yaratmayman. Aksincha, filmlar suratga olish maqsadida pul ishlayman” degandi afsonaviy inson Uolt Disney.
                               Sevara ABDULLAYEVA tarjimasi