Shu kunlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʼtkazilayotgan Innoweek.uz 2020 — innovatsion gʼoyalar haftaligi doirasida juda koʼplab qiziqarli innovatsion loyihalar taqdim etilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan koʼrgazmalar zalining kirish qismida katta ekrandagi reanimatsion stolda yotgan “qahramon” koʼpchilikning qiziqishiga sabab boʼlmoqda. Mazkur loyiha bizning ham eʼtiborimizni tortgani uchun ushbu innovatsion texnologiya haqida batafsil maʼlumot olish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi sogʼliqni saqlash va rivojlantirish boʼlimi yetakchi mutaxassisi Jamol Ergashevga murojaat qildik.
— Bu Portugaliyaning “Take The Wind” kompaniyasi tomonidan yaratilgan “Body Interact” platformasi, yaʼni “Virtual bemor” dasturi boʼlib, uning asosiy vazifasi tibbiyot muassasalarida oʼqiydigan oʼquvchi va talabalarga virtual oʼrganish imkoniyatini beradi. Ushbu platforma juda mukammal ishlangan boʼlib, algoritm ravishda barcha koʼrsatmalar keltirilgan.
Tasavvur qiling, qabulingizga virtual bemor keldi. U sizga qanday shikoyati borligini aytadi. Tabiiyki, bemor holatiga baho berish maqsadida undan tahlil sinamalari olasiz. Fonedoskop yoki rentgen, MSKT, KT kabi barcha amaliyotlarni mana shu ish stolida virtual tarzda oʼtkazsangiz boʼladi. Hozir bemorning tahlil natijalarini oldik. Oʼpkasida oʼzgarish bor. Qonda kislorod qay darajada toʼyinganligini tekshirganimizda, saturatsiyasi pasaygani koʼrindi. Demak, bemordagi belgilar tojdor virusning alomatlariga oʼxshamoqda.
Klinikada bemor koʼrigi virtual tasavvur qilinadi va olib boriladi. Muhimi, bemorni koʼrish va davolash uchun maʼlum vaqt beriladi. Inson hayotini saqlab qolish uchun boʼlgʼusi shifokorlarda tezkor harakatlanish zaruriyatini ham singdiradi. Belgilangan muddat oraligʼida bemorga tashxis qoʼyish bilan birgalikda davo choralarini qoʼllash ham talab etiladi. Talabalar bemorning holati boʼyicha baho berishlari shart.
“Virtual bemor” platformasi, asosan, 3-bosqichni tamomlagan talabalar uchun kerakli va asosiy qoʼllanmadir. Platforma virtual holatda masofaviy klinik taʼlimni yaxshilaydi. Yurtimizda bir qancha tibbiyot muassasalari va oliy oʼquv yurtlari mavjud. Ularni har yili minglab talabalar tamomlab, mustaqil ravishda faoliyatga kirishadi. Inson oʼz xatolari ustida ishlasagina, mukammallikka erishadi. Lekin shifokorning xato qilishga haqi yoʼq. U inson hayotiga javobgar shaxs. Buning uchun koʼp tajribalar orttirishi va oʼz ustida ishlashi lozim. “Virtual bemor” aynan shunday tajriba maydoni boʼla oladi. Natijada ular haqiqiy bemorni qabul qilishga tayyor boʼlishadi. Bu platformada talaba barcha kasalliklarning klinik holati va alomatlarini batafsil oʼrganishi hamda uni davolash imkoniyatiga ega.
Platforma kamida 100 ta qon va bioximik tahlillarni tekshira oladi. 30 ga yaqin tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Qizigʼi, qabulingizga kelgan “virtual bemor” holatiga qarab, dori-darmonlar boʼlimi orqali kerakli muolajalarni qoʼllashingiz mumkin. Аgar toʼgʼri davolasangiz, u oʼzini yaxshi his qilishini aytadi. Аksincha, notoʼgʼri dorilarni tanlasangiz, bemor holati ogʼirlashadi. Davolash jarayoni yakunida ushbu platforma har bitta kasallik punkti boʼyicha baholarini taqdim etadi. Demak, talaba oʼzi mustaqil ravishda oʼzini oʼzi baholash imkoniyatiga ham ega boʼladi.
Qoʼshimcha maʼlumot. Ekrandan qoʼngʼiroq ham oʼrin olgan boʼlib, bu orqali shifokor tor doiradagi mutaxassislar bilan bogʼlanishi (parhezshunos, endokrinolog, jarroh va hokazo) mumkin.
Mazkur platforma respublikaning oliy taʼlim muassasalarining professor-oʼqituvchilari va talabalariga 3 oyga bepul foydalanish boʼyicha Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʼliqni saqlash vazirligi hamda mazkur “Take The Wind” kompaniyasi oʼrtasida kelishuv memorandumi imzolandi.