Bugun Innovatsion rivojlanish vazirligida mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik va vazirlik tizim tashkilotlari xodimlarining farzandlariga yozgan maktublarini ota-onalari orqali topshirdi.

Global pandemiya davrida Innovatsion rivojlanish vazirligi ming yillar davomida shakllanib kelgan xat yozish anʼanasini aynan shu kunlarda tiklashga jazm etdi va Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik xodimlarining 7 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan farzandlariga maktub yoʻllab, ularning koʻngliga quvonch va motivatsion ruh bagʻishladi.

Vazirdan xat olgan bolalarning his-hayajonlari va bu xat ularning keyingi faoliyatida muhim oʻzgarishlarga sabab boʻlgani haqida ko‘plab ijobiy fikrlar eshitdik.

Shu sababli kuchli motivatsiya va bolalar hayotida tub burilishlarga sabab boʻlgan “Vazirdan maktub” loyihasini “Innovator” jurnali oʻquvchilari uchun ham tashkillashtirishga qaror qildik. Barchangizga vazirdan xat olish baxti nasib etishini tilab qolamiz.

Maʼlumot oʻrnida: Joriy yilning 1-iyun – “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan vazirlik hamda vazirlik tizimi tashkilotlari xodimlari farzandlari vazirdan maktub olishgandi va ulardan ham javob xatlari keldi. Bolajonlarning vazirga yo‘llagan maktublarini ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali berib boramiz.