Hozirgi kunning dolzarb mavzusi, albatta, vaksina masalasi. Ma’lumki, koronavirus keksa yoshdagi insonlarda juda og‘ir kechdi. Negaki yoshi katta insonlarda boshqa bir yondash kasalliklar kuzatilishi tabiiy. Qon bosimining ko‘tarilishi, qandli diabet va hokazo. Aynan koronavirus mana shu yondosh kasalliklar avj olishi hamda uning asorati sababli qiyin kechdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Oqibatda qanchadan-qancha ayanchli voqea-hodisalar ro‘y bergani ko‘pchilikka ma’lum.
Yurtimizda koronavirusga qarshi Xitoy -O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-klinik sinov bosqichi davom etmoqda. Ko‘pchiligimizga emlash jarayonining har bir bosqichini qay tarzda boshidan o‘tkazgan ko‘ngilli fuqarolarning holatlari juda qiziq. Bugun aynan emlash tartibi bo‘yicha vaksinani 3-bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan “Olimpiya” mahallasi “Nuroniylar” tashkilotining raisi 75 yoshli Zaynitdinov Burxoniddin otaning fikrlarini bilish uchun u kishi bilan uchrashdik.
– O‘tgan yili butun dunyo ahli koronavirusning “kuchli” hujumidan anchagina jabr chekdi, deya so‘z boshladi B. Zaynitddinov. – Hanuzgacha uning dastidan qiynalib kelmoqdamiz. Yaqinlaringni ko‘rishga, ko‘chaga bir hatlab chiqishga ham qo‘rqib qolasan ekan. Ayniqsa, atrofingdagi yaqinlaringni oilasida kasallik oqibatida yuz berayotgan ko‘ngilsiz voqealar seni yanada sergak tortiradi. Buni eslash naqadar dahshatli. O‘tgan yili ayni kuchli karantin o‘rnatilgan mahal rafiqam Matlubaxon ham korornavirusga chalindi. Darhol farzandlarim virusni menga yuqishining oldini olish uchun meni boshqa xonaga joylashtirishdi. Rafiqamning holati yaxshi bo‘lavermagach, uni “O‘zekspomarkaz”dagi maxsus jihozlangan davolash maskaniga joylashtirishdi. Ahvolidan juda tashvishlandik. Xonadonimizda hotirjamlik yo‘qoldi. O‘sha paytdagi holatimizni, hatto, tushuntirib berolmayman. Rafiqamni uzoq vaqt holsizlik, nafas siqishi kabi holatlar qiynadi. Uning reabilitatsiya jarayoniga taxminan 2 oycha vaqt ketdi. Men uchun bu oylar go‘yo yildek tuyuldi.
Nihoyat, yurtimizga kasallikka qarshi kurashishda vaksina keltirilganligini eshitdim. Bu xabar meni juda quvontirdi. Ko‘ngilli fuqarolar safiga qo‘shilish istagini bildirdim. Xuddi shunday vaksinani birinchilar qatorida shifokor o‘g‘lim hamda hamshira bo‘lib ishlaydigan qizim ham olishdi.
Shunday qilib, vaksinani ilk bor olganimdan so‘ng 1 oy o‘tgach, 2- dozasi bilan emlandim. Nihoyat 60 kundan so‘ng uchinchi dozasini ham olishga muvafaq bo‘ldim. Ishonasizmi, mana shu 3-bosqichdan keyin ham o‘zimda hech qanday nojo‘ya ta’sir sezganim yo‘q. Harorat ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i yoki et uvishishi kabi nohush hislarni ham tuymadim. Barchasi a’lo darajada o‘tdi. Vaksinani har gal olishga kelganimda tanish chehralarni uchratardim. Ular bilan emlangandan so‘ng bir-birimizda kechayotgan o‘zaro jarayonlarni so‘rashga oshiqardik. Quvonarlisi, hammasida faqat ijobiy natijalar qayd etildi.
Afsuski, vaksina haqida turli xil noo‘rin, ko‘r-ko‘rona mish-mishlar tarqalmoqda. Yuz marta eshgitgandan ko‘ra, bir marta o‘sha jarayonni boshdan kuzatishganida edi, fikrlari mutlaqo o‘zgarishiga ishonchim komil bo‘lardi. Vatanimiz aynan keksalarning sog‘lig‘idan tashvishlanganidan emlash ishlarini qariyalardan boshlashdi. Zero, har bir inson o‘z sog‘lig‘i uchun o‘zi mas’uldir. Hozirda koronavirusdan yagona ishonchli himoya vositasi aynan vaksinadir. Men endi, nafasni siqadigan himoya niqobdan ham ozod bo‘ldim! Ko‘nglim tubidagi qo‘rquvlarning barchasiga vaksina chek qo‘ydi, deya baralla ayta olaman.

                                                                                                                               Sevara ABDULLAYEVA