
Har qanday mamlakat rivojida u yerda yaratilgan kashfiyot va ixtirolarning o‘rni beqiyos. Ular insonlar turmush tarzini yaxshilab, taraqqiyotning olg‘a siljishiga zamin yaratadi. Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri Amerika xalqi, mana, necha asrdirki, ana shunday buyuk-buyuk ixtirolarga guvoh bo‘lib kelmoqda. Bunday kashfiyotlar nafaqat Amerika, balki butun dunyoda mislsiz o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur davlatning eng mashhur ixtirochilaridan biri bo‘lgan Tom Edison ham o‘zining yorqin iste’dodi va bilimi bilan dunyo texnika ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Tomas Alva Edison – mashhur amerikalik ixtirochi, ishbilarmon va elektro texnik. U past bo‘yli, ozg‘in hamda eshitish qobiliyatida muammolar bo‘lishiga qaramay, mingdan ortiq ixtirolari bilan Amerika kashfiyotchilari tarixida chuqur iz qoldirgan. Unga ilk olam shumul muvaffaqiyatni elektr toki va fonograf (tovushni yozib oladigan va qayta eshittiradigan asbob)ning yaratilishi olib keldi. Keyin telegraf, telefon va Amerika kino sanoati rivojiga katta hissa qo‘shgan kinetograf (harakatlantiradigan tasvirni tasmaga yozadigan apparat) kabi ko‘plab ixtirolar muallifiga aylandi. Tom Edison birinchilardan bo‘lib ilmiy tekshirish markazini yaratishga muvaffaq bo‘lgan olim sanaladi.
Atigi 3 oygina maktabga borgan
Olim 1847 yil 11 fevralda Amerikaning Ogayo shtati Milan shahrida dunyoga kelgan. Uning otasi Samuel bug‘doy savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkor bo‘lgan. Biroq Tomas dunyoga kelgandan so‘ng savdosi inqirozga uchraydi. Natijada ularning oilasi qiyin ahvolga tushib qoladi va Michigan shtatidagi Port-Guron shahriga ko‘chib ketadi. O‘sha paytda bo‘lajak olim 7 yoshda edi.
Edison bolaligida qizilcha kasalligi bilan og‘rib qoladi. Biroq iqtisodiy tomondan mushkul ahvolga tushib qolgan oilaning bu kasallikni davolatishga qurbi yetmaydi. Davosiz qolgan xastalik yillar o‘tib, o‘z asoratini ko‘rsatadi. Tomas butun umr eshitish qobiliyati yaxshi emasligidan qiynalib yashaydi. Sog‘lig‘idagi bu nuqson uning maktabda tahsil olishiga ham xalaqit beradi. Darslarni yaxshi o‘zlashtirolmasligi va diqqatini jamlashga qiynalishi natijasida o‘qituvchisi tomonidan keskin tanqidlarga uchraydi. Oxir-oqibat onasi bunday munosabatga barham berish maqsadida Tomasni maktabga jo‘natmay qo‘yadi va savodini chiqarishni o‘z zimmasiga oladi. Tomas bor-yo‘g‘i uch oy maktabga borgan. Nensi xonim bir vaqtlar o‘qituvchi bo‘lib ishlagani uchun o‘quv dasturlarini unga bosqichma-bosqich o‘rgata boshlaydi.
Ilk tajriba
Uyda tahsil olishni boshlagan bolakay kimyo faniga mehr qo‘yadi. Har xil tajribalar o‘tkazishga qiziqadi. 10 yoshida uyining yer to‘lasida birinchi laboratoriyasini ochadi. Biroq uni mablag‘ masalasi qiynaydi. Dastlab Tomas meva va sabzavotlar, keyinchalik ko‘p daromad toppish maqsadida aholi gavjum joylarda, poezd bekatlarida gazeta va obaki shirinliklar sotadi. Bo‘sh vaqtlarida ilmiy-tajribaviy kitoblar o‘qiydi. Otasi uning bolaligini shunday xotirlaydi: «Tomas bolalar o‘yinlari haqida hyech narsa bilmasdi. Asosiy ovunchog‘i tutunli mashina va mexanik asbob-uskunalar bo‘lgan», degan.
Tomasning asosiy vaqti poezdda o‘tgani uchun u o‘z laboratoriyasini vagonga ko‘chiradi. Biroq ko‘p o‘tmay ushbu vagon yonib ketadi. Bu hodisaga Tomasning tajribalari sabab bo‘ldi, deb bor aybni unga ag‘daradi.
Baxtsiz tasodif – baxtli kelajak
1962 yili Edison bexosdan poezd tagida qolib ketishiga bir baxya qolgan bolakayni ko‘rib qoladi va uni qutqaradi. Uning bu qahramonligi unga chinakam omad olib keladi. Negaki falokatdan omon qolgan bolakayning otasi Port-Guron yaqinidagi «Mont Klemens» bekati boshlig‘i bo‘lib chiqadi. U yosh yigitni cheksiz minnatdorligining ifodasi sifatida telegrafda operator lavozimiga ishga taklif qiladi. Bu ish Edisonni butunlay o‘ziga maftun qiladi. Bir necha yillar mobaynida Edison «Western Union» (bu kompaniya hozirga qadar mavjud. Telegraf inqirozga uchragani bois pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanadi) kompaniyasining har xil telegraf filiallarida faoliyat olib boradi. Bu soha olimga kashfiyotlar yaratishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Edison telegraf sohasida besh yil davomida ishlaydi. 1868 yil Maykl Faradeyaning «Elektr ustidan ilmiy tajribaviy tadqiqot olib borish» kitobini o‘qib chiqadi. Mutolaadan qattiq ta’sirlangan Edison o‘zini ixtirochi sifatida sinab ko‘rishga ahd qiladi. Bir necha oy o‘tgach, birinchi patentini olishga muvaffaq bo‘ladi. U saylovda ovoz berish uchun elektr hisoblagich uskunasini ishlab chiqdi. Ixtiroda saylovchilardan «ha» yoki «yo‘q» tugmachasini bosish talab etilgan. Biroq bu ixtiro o‘zini u darajada oqlamagan. Shundan so‘ng u odamlarga foydali bo‘lgan narsalarni ixtiro qilishga ahd qiladi.
1870 yilning oxirida fond birjasini ko‘chirib olish uchun 40 ming dollar oladi. Bu mablag‘ yordamida Nyu Yorkda o‘zining birinchi dastgohini ishga tushiradi. U har qanday narsaga pulni tejasa ham, tajribalari uchun eng sifatli uskunalarni xarid qilgan.
Edisonning muhim ixtirolaridan biri yangicha telegrafning (kvadrupleks) maxsus sxemasini yaratishi bo‘ldi. Yangi apparat bir tizimda ikkitadan to‘rttagacha bo‘lgan xabarlarni uzata olgan. «Western Union» kompaniyasi o‘zining yillik hisobotlaridan birida Edison haqida shunday deydi: «Uning ixtirolari bizga yiliga yarim million dollarni tejab qolish imkonini berdi». Ixtirochi uni 4-5 ming dollarga baholadi. Natijada 1874 yili «Western Union» kompaniyasiga 10 ming dollarga sotadi. Olingan mablag‘ga Menlo-Park qishlog‘ida birinchi ilmiy-tadqiqot sanoat laboratoriyasini ochadi. U yerda mehnat sevar olim 16-19 soatlab tinimsiz tadqiqot olib boradi. Shu yillar Edison haqida turli baland parvoz gaplar tarqaladi. «Daho degani bu – 1 % ilhomlanishva 99 % mehnatdir» – bu ta’rif Edisonga aynan mos edi.
Elektr tokining yaratilishi
1874 yilda rus muhandisi Aleksandr Lodigin birinchi cho‘g‘lanma lampani ixtiro qildi. Bu ixtiro Edisonni qiziqtirib qo‘yadi. Tez orada olim uning kashfiyotini sotib oladi. U barcha uy va ko‘chalarni yoritishni orzu qilgani bois lampochkaning xususiyatini yanada yaxshilash uchun ko‘p vaqt sarflaydi. Edison elektr lampasining patronga biriktiriladigan metal qismini o‘yib, ichiga volfram (kimyoviy element)dan spiralsimon shakl yasab, o‘rnatadi. Natijada xuddi niyat qilganidek uy va ko‘chalar ushbu ixtiro yordamida yorug‘ nur tarata boshlaydi. Olim katta masshtabda lampochkaning keng imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida elektrostansiya ochadi va butun Nyu-York ahlini elektr toki bilan ta’minlaydi. Tadqiqot ishlari yuksak muvafaqqiyatlarga erishgandan so‘ng Edison: «Biz elektrni shu darajada arzonlashtiramizki, faqat boylargina sham yoqishi mumkin», deydi.
Edison hayotining so‘nggi damlarini oilasi davrasida rafiqasi, bolalari va nevaralari bilan o‘tkazadi. Biroq umrining so‘nggi yillarida qandli diabet kasalligidan aziyat chekadi. 1931 yil 18 oktyabrda kasallik alomatlari zo‘rayib, hayotdan ko‘z yumadi.
Ilmiyunvonlar
Tomas Ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun bir qator davlat mukofotlariga loyiq topilgan. Gremmi vasiylik kengashi unvoni, Franklin, Mateuchchi, Jon Skot, Albert shular jumlasidan. Shuningdek, Rumford mukofoti bilan AQSh kengashining oltin medaliga sazovor bo‘lgan.
Nazira Shakarova, O‘zMUtalabasi