Dunyoda turli xil sport turlari majud. Ammo aql gimnastikasi sifatida shaxmat o‘yini hozirgacha yagona bo‘lib qolmoqda. Shaxmat o‘ynashda sportchidan talab qilinadigan eng katta narsa – sabr.
Oxirgi yillarda aynan shaxmatni eslatadigan “Tojmot” o‘yini quloqlarga tez-tez chalinmoqda. To‘g‘risi, bu o‘yinning ta’rifini bilishga oshiqdik. Tojmot o‘yini shaxmatni sevgan, turnir va musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan Monolit Toshmatov tomonidan chuqur tahlillar asosida yaratilgan ekan.
Monolit aql gimnastikasi sifatida shaxmatdan farq qiladigan o‘yin yaratish ustida uzoq vaqt izlandi. Uning fikricha, yaratiladigan o‘yin yangicha ko‘rinishda, yangicha doskada, yangicha kataklarda, yangicha figuralarda, yangicha yo‘nalishlarda va turli kombinatsiyalarda yurishlar amalga oshiriladigan bo‘lishi kerak edi. Nihoyat, 7 yillik izlanishlardan so‘ng, 2012 yilda “TOJMOT” nomli yangi aql gimnastikasi o‘yini yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan Toshmatov Manolit Zaxidjanovichga ushbu o‘yin yaratuvchisi sifatida mualliflik guvohnomasi berildi. Shu bilan birga 2014 yil 11 dekabrdagi №385-sonli guvohnoma asosida Farg‘ona viloyatida O‘zbek milliy Tojmot federatsiyasi tashkil etildi.
Tojmot o‘yini mantiqiy fikrlashni talab qilgani bois, yoshlarga matematika fanini chuqurroq o‘zlashtirishga yordam beradi. U o‘yinchida doimo intilish, olg‘a yurish, rejalar tuzish, kengroq, teran fikrlash hamda matematik yechimlarni tezkorlik bilan topish kabi xususiyatlarni shakllantiradi. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarga matematika fanidagi mavzularni tushuntirishda Tojmot foydalidir. Negaki, shaxmatda o‘rin olgan figuralar ko‘rinishdan farqli o‘laroq, boshqa nomlar bilan aytiladi. Yosh bola esa uni darhol o‘zlashtirishga qiynalishi turgan gap. Tojmot o‘yinida esa mutloqo boshqacha.
                                                Shaxmatdan farqi nimada?

Tojmot figuralari 0-9 gacha bo‘lgan rim va arab raqamlari hamda X – noma’lum son belgisi ko‘rinishidan iborat. O‘yin matematik amallarga asoslangan. Raqamlar ko‘rinishidagi figuralar esa o‘ynash qoidasini tez o‘zlashtirib olishini ta’minlaydi. Shaxmatdan farqli ravishda bu o‘yinda o‘yinchilar figuralarni saqlash, ko‘paytirish yoki qaytarish imkoniyatiga egalar.
Bundan tashqari, shaxmatning doska ko‘rinishi to‘rt burchakdir. Tojmotning taxtasi esa nomiga munosib toj shaklidan iborat. O‘yinda 89 ta rom shaklidagi kataklar mavjud. Shaxmat taxtasida 64 ta katak o‘rin olgan. O‘yinning yurish yo‘nalishlari raqamlar ko‘rinishida belgilangan. Tojmotda figuralarning yurishi shaxmatga qaraganda yanada matematikani chuqur o‘zlashtirishga imkoniyat beradi. Misol uchun, tojmotda x figuralarini oladigan bo‘lsak, matematikada shular orqali masala yechiladigan bo‘lsa, x noma’lumlik belgisi sanaladi. X ko‘rinishidagi figuramiz ikkinchi qator raqib 0 tomonga chiqsa, aniq songa aylanadi. Bu matematikadagi bog‘liqligi odiy yurish yo‘nalishida tushinilmoqda. Bu nafaqat ushbu misolda, balki tojmotdagi hamma figuralar, misollar va masalalar yechishga bog‘liqdir.
O‘yinning toj deb atalishi ham bejiz emas. Tojmotdagi raqamlar toji 1 hisoblanadi. Aynan raqamlarning toji 1 ni mot qilishga raqib raqamlar asosiy urg‘uni qaratadi. Boshqa raqamlarning vazifasi esa o‘z tojini himoya qilishdir. Hujum qilayotgan donalar 1 raqami joylashgan hududga kirishi mumkin emas. 1 raqamining hududi chegarasi doskada aniq belgilangan. 1 raqamini (toj) berish orqali boshqa kataklarga yurib bo‘lmaydigan holatga keltirilganda raqib tomon g‘alaba qozongan hisoblanadi(mot). Agar raqamlar toji boshqa joyga yurishga joy topolmasa, u mot bo‘ladi. O‘yin g‘olibli yoki durang bilan tugashi mumkin.

                                                                          Kelajakdagi rejalar…
Ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur o‘yinni xorij davlatlarida ham keng targ‘ib qilish maqsadida ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz, Tojmot o‘yinini nafaqat o‘yin sifatida, balki ilmiy asoslangan aql gimnastikasi sport turi sifatida dunyo hamjamiyatiga tanitish, buyuk matematik ajdodlarimiz izidan borib, O‘zbekiston nomini yanada yuqoriga ko‘tarishdan iborat.
Ma’lum bir vaqt kelib Tojmot o‘yinining tarixiy vatani O‘zbekiston ekanligidan faxrlanib, g‘ururlanib yurish va kelajak avlodga yaxshi iz qoldirish uchun barchangizni o‘z hissangizni qo‘shishga chorlab qolamiz.