
Joriy yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish hamda tijoratlashtirishgacha yetkazish maqsadida innovatsion loyihalarni moliyalashtirish yo‘lga qo‘yildi. Tijoratlashtirishga tayyorlash bo‘yicha ishlarini amalga oshirish, joriy etiladigan ishlanmalarning texnik-iqtisodiy asosnomalarini tayyorlash va ishlanmalarning sanoat namunalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 115 ta yakunlangan ilmiy loyihalar mualliflari taqdimot o‘tkazdilar. Shulardan 51 ta istiqbolli loyihalar saralab olindi. Saralab olingan loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy, texnik ekspertizasi va tarmoq xulosalariga asosan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan hamda tijoratlashtirishgacha tayyorlash maqsadida 19,037 mlrd. so‘mga teng 37 ta loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirildi. 13 ta loyihaga tarmoq va xususiy sektorning 1,9 mlrd. so‘mga teng mablag‘lari jalb qilindi.
Jumladan, mazkur loyihalar doirasida Namangan viloyati Chust tumanini innovatsion hududga aylantirish maqsadida mayda urug‘li sabzavot ekinlarini ekish mashinasi, innovatsion chizel-kultivator, kartoshka kovlagich agregati, tola sifatini yaxshilovchi separator, gidronaporsiz ishlaydigan mikro GESning sanoat namunalari, kovul o‘simligini qayta ishlash texnologiyalari yaratiladi. Bundan tashqari, Chust tumanida onkologik kasalliklarni diagnoz qilish innovatsion skrining markazini tashkil etish loyihasi moliyalashtirildi.