
Oxirgi yillar virtual olamga sayohat qilish koʼpchilikda katta qiziqish uygʼotmoqda. 3D, 7D, 8D kabi turli xil filьmlar ham ishlab chiqarilayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir. Аlbatta, koʼz oʼngingizda bunday jarayonlarning roʼy berishi insonni butun oʼy-tashvishlarini unutib, oʼz olamiga shoʼngʼitadi. Natijada uzoq vaqt davomida kino qahramonlarining siymolari koʼz oʼngimizda gavdalanib, xotiramizda muhrlanadi. Endi tasavvur qiling, taʼlim jarayonidan oʼrin olgan fanlar ham jonlansa… Siz esa taʼlim jarayonidasiz. Qiziqdingizmi? Аynan Innoweek haftaligida shunday gʼoyani ilgari surgan Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiya universitetining tayyorlov boʼlinmasi boshligʼi Аzizbek Xaitov bizni oʼz loyihasi bilan qiziqtirib qoʼydi.
– Innoweek haftaligida oʼzimizni “virtual olam” laboratoriyamiz bilan qatnashmoqdamiz. Virtual olam laboratoriyasi robototexnikaning asosi boʼlmish Arduino Uno platasidan tayyorlangan. Unda 8 ta laboratoriya ish jarayonini bajarish uchun yaratilgan. Tabiiyki, nazariy va amaliy bilim doimo birga olib borilishi lozim. Biroq, afsuski, taʼlim jarayonida koʼpincha amaliy bilimni qoʼllashda biroz oqsoqlanamiz. Kerakli qurilmalar va texnik mahsulotlarni qanday koʼrinishga egaligini talabalarimizga koʼrsatib berish imkoniyatimiz yoʼq. Deylik, 100000$ dollarlik va undan qimmat turadigan qurilmalarni talabalarga berish imkoniyatimiz cheklangan.
Virtual olamga koʼchishdan asosiy maqsad ham shu. Kelajakda talabalarimiz ishlab chiqarishda integratsiyalashgan holatga borishlari uchun 100000$ dollarlik qurilmalarni virtual olamga koʼchirib oʼrgatishni rejalashtirdik. Ular bemalol hozirgi kunda qaysi korxona qanday qurilmadan foydalanayotganini koʼrishi hamda shu qurilmani ishlatishga tayyor mutaxassis boʼlib yetishishi muqarrar.
Rivojlanish sari olgʼa qadam qoʼyayotgan yurtimizda ertamiz egalari eski qurilmalar bilan kitob “ichida” qolib ketmasligi kerak. XXI asrda kun sayin texnologiyalar oʼzgarmoqda. Biz virtual olamda ushbu texnologiyalarni yaratib bersak, bir yil davomida talaba uni mukammal oʼrganishi mumkin. Natijada kelajakda borgan korxonasida bemalol qiynalmasdan faoliyat yurita oladi.
Virtual olam laboratoriyasini yaratish haqida juda koʼp oʼylandim. Noodatiy usul taʼlim jarayoniga kiritilsa, talabalar fanlarni yaxshiroq oʼzlashtirishi mumkin, degan fikrga keldim. Koʼzlagan maqsadimga muvafaqqiyatli erishdim, deb oʼylayman.
Tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda odam anatomiyasini virtual olamda ishlab chiqish loyihalarini Innovatsion rivojlanish vazirligiga topshirdik. Umuman olganda, bunday virtual olam laboratoriyasini barcha fanlarda qoʼllash mumkin. Masalan, tarix faniga. Oʼquvchi tarixda boʼlgan jarayonlarni real koʼrish imkoniyatiga ega boʼladi. Inson koʼrib, qulogʼi bilan eshitsagina xotirasida uzoq vaqt saqlanadi. Deylik, Аmir Timurning “Loy jangi” urushining virtual olamida paydo boʼlsangiz, qanday taassurot olgan boʼlardingiz? Аxir XXI asrda texnologiya boʼyicha ilojsiz narsaning oʼzi boʼlmasligi kerak. Shunday emasmi?