
Og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanishi ko‘pchiligimizga tanish holat. Ammo bu a’zomizning kasalliklariga ko‘pincha beparvolik bilan qaraymiz. E’tiborimizdan chetda qoladigan arzimas xastalik qaysidir jiddiy kasallikni qo‘zg‘atishi hyech gap emas. Eng yomoni, og‘iz bo‘shlig‘i xastaliklari sog‘liq uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin.
Toshkent davlat stomatologiya instituti terapevtik stomatologiya kafedrasi professori Haydar Komilov va shogirdi Aliya Qodirboyeva (terapevt-stomatolog) tomonidan yaratilgan yangi usul og‘iz bo‘shlig‘i saratoni kasalligini erta bosqichda aniqlashga yordam beradi. Ular S.O.C. (Stop oral cancer) startapi bilan C.A.T. Science accelerator dasturida qatnashishdi. Namoyishda ushbu loyiha ko‘pchilikning diqqatini tortdi. Salomatlikni asrash yo‘lida o‘ylab topilgan har qanday ixtiro omma e’tiborini tortishi tabiiy. Axir sog‘liqdan afzalroq narsa bormi?
Ushbu loyiha mualliflaridan biri Aliya Qodirboyeva bilan uchrashib, unga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildik.
— Aliyaxon, eshitishimcha, og‘iz bo‘shlig‘ida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, asosan, inson organizmidagi noxush holatlardan darak berar ekan…
— Darhaqiqat, ko‘p hollarda og‘iz bo‘shlig‘idagi o‘zgarishlar boshqa a’zo va tizimlar haqida xabar beradi. Uning yallig‘lanishiga moddalar almashinuvi (avitaminoz, qandli diabet), asab tizimi hamda oshqozon osti bezi faoliyati buzilishi ham turtki bo‘lishi mumkin. Yoki bo‘lmasa, juda issiq yoki sovuq, nordon va sho‘r ovqatlarni iste’mol qilish, noto‘g‘ri gigiena, o‘z vaqtida davolanmay qolgan tishlar, chekish va alkogol ichimliklar ichish, noto‘g‘ri ovqatlanish, gormonlar o‘zgarishi yoki endokrin tizimi kasalliklari, gijjalar ham og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasini zararlaydi.
Qizig‘i shundaki, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatini zararlaydigan kasallik turlari har xil bo‘lishiga qaramay (stomatit, gingivit, gerpes yoki jarohatlanish) aksariyat hollarda umumiy belgilari juda o‘xshash. Jumladan, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati qizaradi, atrofdagi to‘qimalar shishadi hamda jag‘ osti limfa bezlari kattalashadi va hokazo.
— Ayting-chi, aynan qaysi og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari saratonni chaqiradi? Va qanday hollarda unga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak?
— Og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatini zararlaydigan va saraton kasalligi yuzaga kelishiga turtki bo‘ladigan kasalliklar sirasiga, asosan, yassi temiratki (ploskiy lishay) va leykopilakiyani kiritishimiz mumkin. Bu kasalliklar belgilaridan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish hammamiz uchun muhim.
Yassi temiratki surunkali kasallik bo‘lib, teri shilliq qavatida rivojlanadi. Asosan, 60 va 80 foiz aynan og‘iz bo‘shlig‘ini zararlashi kuzatiladi. Ushbu kasallikning qanday kelib chiqishiga aniq bir sabab keltirish qiyin. Biroq uning rivojlanishiga asab tizimi kasalliklari, immunitet zaiflashishi, allergik ta’sir, organizmdagi turli infeksion kasalliklar (tonzillit, karies, gaymorit) ham yassi temiratki rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Klinik belgisida bemorning tili va labi yupqa qizil parda bilan qoplanadi.
Leykoplakiya xastaligi, asosan, sigaret chekuvchilarda uchraydi. Kasallik turli ko‘rinishga ega. U o‘z ishini dastlab milk va yuz ichki shilliq qavatini zararlashdan boshlaydi. Og‘iz bo‘shlig‘i terisi shilliq qavati qalinlashadi. Tilda oq va kulrang toshmalar paydo bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan qizil toshmalar ham og‘iz bo‘shlig‘ini qamrab oladi. Bu esa xavfli kasallikka aylanishi mumkin.
— Saraton kasalligini aniqlaydigan S.O.C. (Stop oral cancer) qanday tartibda ishlaydi? Shuningdek, bugungi kunda bunday kasallikdan aziyat chekuvchilar soni taxminan necha foizni tashkil etadi?
— S.O.C. (Stop oral cancer) og‘iz shilliq pardasi saratonining dastlabki bosqichini aniqlash va uni joriy etishga qaratilgan loyiha hisoblanadi. Turli mualliflarning fikriga ko‘ra, saraton oldi kasalliklarining aksariyati, asosan, 4,5 foizi og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati xastaliklari asoratidan rivojlanar ekan. Biroq 19,9 foizi surunkali og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari natijasida yuzaga kelib, ushbu kasalliklar bilan og‘rigan bemorda vaqt o‘tishi bilan og‘iz bo‘shlig‘i saratoni shakllanishi xavf solishi mumkin.
Biz tomondan tavsiya etilgan usul esa xatarli jarayonning boshlang‘ich davri haqida ma’lumot beradi. Shu tariqa bemorni o‘z vaqtida davolash va zaruriy choralar qo‘llashga imkon tug‘iladi. Tashxis uchun dastlab bemor og‘zidan surtma (mazok) olinadi. Keyin esa u quritiladi (fiksatsiyasiga hojat yo‘q) va uning inversiyalanganligi mikroskop yordamida tekshiriladi. Xavfli jarayonning eng dastlabki bosqichi rivojlanishi kuzatilganda, nurli mayda zarralarga (xavfli o‘smalarning tug‘ilishi, ya’ni malignizatsiya markeri) ergashuvchi zarralar ajraladi. Ularning soni va joylashganligiga qarab, kasallikning paydo bo‘lishi yoki rivojlanish jarayoni haqida ma’lumot bersak bo‘ladi.
Shunday holatda stomatologlar — aynan bizning yordamimiz orqali saraton oldi holatini oldindan aniqlashga erishadi. Natijada shifokor bemorni davolanish uchun kerakli mutaxassislarga yo‘naltirishi mumkin. Biroq bizning loyiha aniq bir yakuniy tashxis qo‘yishga qodir emas.
— Saratonni erta aniqlaydigan boshqa tashxis turlarining analoglari bormi?
— Hozirgi vaqtda og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavqatining saraton oldi holatini tashxislash uchun sitologiya va gistologiya tekshirish usullari qo‘llaniladi. Bunday tekshiruvlarning natijasini kutish uzoq muddatni talab etadi. Ammo bemorga aniq tashxis va uni to‘g‘ri davolash uchun har bir soniya qadrlidir. Bizning loyihamizning muhimligi ham shunda.
— Loyihangiz asosida qanday tekshiruvlar o‘tkazdingiz?
— 2016-yili ilmiy rahbarim Haydar Komilov bilan bir qator tadqiqot ishlarini amalga oshirdik. Tadqiqot ishlari Toshkent davlat stomatologiya institutining terapiya bo‘limi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika patogenazomiya markazi asosida o‘tkazildi. Kuzatuvlar doirasida bemorlarga tez xulosa chiqarib, kerakli yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishga erishdik.
— Kasallikdan saqlanish uchun qanday qoidalarga amal qilish lozim?
— Og‘iz bo‘shlig‘i saraton oldi holatining oldini olish uchun, avvalo, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerak. Zararli odatlardan voz kechish, eng muhimi, og‘iz shilliq qavati zararlanishining dastlabki bosqichlarida stomatologga ko‘rinish lozim. Shundagina xavfli kasallikning rivojlanishini to‘xtatish mumkin.
Sevara Abdullayeva suhbatlashdi.