Keyingi yillarda ishbilarmon yoshlar tomonidan «start up» atamasi keng qo‘llanilyapti. Ular o‘z g‘oya va loyihalarini startap bilan bog‘lashayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Startap o‘zi nima? U qanday maqsadlarda qo‘llaniladi? Zamonaviy texnologiyaning unga qanday bog‘liqlik jihati bor? O‘zbekistonda ham startaplar bormi? Shu kabi savollarga quyida javob izlashga harakat qilamiz.
                                                 Startap nima degani va u nima uchun kerak?
Startap ingliz tilidan olingan so‘z bo‘lib, start-up – start olmoq yoki biror ishni boshlamoq kabi ma’nolarni anglatadi. Bu endigina ochilgan yosh kompaniya, firmalar yoki loyihalar va noyob g‘oyalarni yaratishga aytiladi. Shuningdek, biror-bir mahsulotni sotish uchun investorlarni qiziqtirish va jalb qilish ham startapning asosiy maqsadidir.
Startap faqat internet-texnologiyalar sohasida emas, sog‘liqni saqlash, tibbiyot jihozlari, telekommunikatsiyalar, media loyihalar, moliyaviy xizmatlar va hakozo yo‘nalishlarda ham yaratiladi.
                                                                                          Tarixga nazar
1939 yili AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan Stendford Universitetining ikki yosh talabasi – Uilyam Xyulett va Devid Pakkard informatsion texnologiyalar bo‘yicha birinchi startapni yaratishdi. Vaqt o‘tishi bilan talabalar o‘ylab topgan startap faoliyati jadal rivojlanib, butun jahonga mashhur Hewlett-Packard (HP) yirik kompaniya darajasiga yetdi.
1990 yillarning oxiri – 2000 yillarning o‘rtalarida — yangi internet kompaniyalar o‘rtasida startaplarning shiddat bilan rivojlanishi kuzatildi. Jumladan, bunga misol qilib IT-texnologiya va informatsion texnologiyalarni aytish mumkin.
Startap haqida yaxshiroq tushunchaga ega bo‘lish uchun mashhur kompaniya-startaplarini keltirib o‘tamiz:
• Microsoft kompaniyasi 1975 yili Bill Geyts va Pol Allen tomonidan yaratilgan.
• Applega esa 1976 yili Stiv Djobs tomonidan asos solindi.
• Google – dunyoga mashhur kompaniya Lerri Peydj va Sergey Brin tomonidan 1998 yil o‘ylab topildi.
• Facebook – olamda shuhrat qozongan ijtimoiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. U yosh olim Mark Sukerberg va uning do‘stlari tomonidan yaratildi. Hozirda ushbu kompaniya 100 mlrd. dollarga baholanmoqda.
• «V kontakte», «Odnoklassniki» — ko‘pchilikning aloqa vositasiga aylangan ijtimoiy tarmoqlari ham xuddi Mark Sukerberg g‘oyasiga o‘xshash startapdir. Biroq bu tarmoqlar Facebook singari u darajada mashhurlikka erishmagan bo‘lsa-da, baribir o‘z ixlosmandlarini topib ulgurgan. Ayniqsa, Runetda bu tarmoq yaxshigina shuhrat qozongan. «V kontakte» ijtimoiy tarmog‘i Pavlom Durov tomonidan yaratilgan.
• Vikipediya – dunyoga mashhur internet-ensiklopediyasi sanaladi. U 2001 yilda yaratilgan. Vikipediyada bir necha tillarda ma’lumotlar berilgani bois unga talab yuqori.
• YouTube – qiziqarli videoroliklar orqali omma e’tiborini tortgan. 2005 yilda internet tizimidan munosib joy olgan.
• Twitter – qisqa va lo‘nda yangiliklardan xabardor qiluvchi ijtimoiy tarmoq.
• Skype – bunday dasturning yaratilishi bir-biridan uzoqda istiqomat qilayotgan yaqin insonlar uchun ajoyib ixtiro bo‘ldi. Sog‘ingan va ancha paytlar ko‘rmagan do‘stlarimiz, qarindosh va tanishlarimiz bilan video orqali muloqot qilishimiz mumkin.
Xullas, ro‘yxatimizni davom ettirsak bo‘ladi. Biroq shu yerda to‘xtab, startapning boshqa xususiyatlariga e’tibor qaratamiz.
                                                                              O‘ziga xos xususiyati
Startapning qanday xususiyatlari borligiga aniqlik kiritish uchun uni 6 ta belgiga bo‘lib o‘rganamiz:
1. Innovatsion g‘oya. Har qanday startap, albatta, innovatsion yoki original g‘oyadan boshlanadi. Masalan, kimningdir muammosini yechish, yangi va talablarga xos mahsulotni yaratish, odamlarning hayotini yaxshilashi uchun biron-bir loyiha yaratilishi mumkin.
2. Yaratilish tezligi. Chet davlatlarda agar startap o‘zining g‘oyasini 6-8 oy ichida ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ymasa, ya’ni foyda keltirmasa, u holda startap bekor qilinadi. Ko‘pincha startapning 2-3 yil mobaynida ishga solish uchun vaqt ketganligiga guvoh bo‘lamiz. Biroq bu startap emas, biznes turiga kiradi.
3. Startapni yoshlar yaratadi. Odatda, startapyorlarning yoshi 24-25 yoshlar atrofida bo‘ladi. Demak, ularning aksariyat qismi talabalardan tashkil topgan. Aynan yosh va navqiron, bilimga chanqoq o‘quvchilarda buyuk g‘oyalar ham yaraladi. Afsuski, o‘ylangan g‘oyani amalga oshirish uchun ko‘pincha talabalarda yetarli mablag‘ bo‘lmaydi. Ilgari startaplarni “garaj” biznesi, deya nomlashgan. Negaki pulsiz yoshlar o‘z faoliyatini aynan garajda boshlashgan.
4. Ko‘zlangan cho‘qqini zabt etishda muammolar uchraydi. Masalan, birinchi yil o‘z ishini 30 % startaplar boshlasa, ikkinchi yili esa bunday loyihalar bilan shug‘ullanishga faqatgina 15-20 % ishtirokchi qoladi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 10 ta o‘z ishini boshlagan startaplardan faqat bittasi “tirik” qolishi mumkin ekan.
5. Har qanday startapni yaratishdan asosiy maqsad — katta innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish va mo‘maygina daromad ko‘rishdir.
6. Guruh bo‘lib ishlash. Har qanday startapni yaratish uchun bir xil g‘oyani ilgari suradigan guruh zarur. Albatta, g‘oyani bir inson o‘ylab topadi. Biroq uni amalga oshirishda guruhning o‘rni beqiyos.
                                                                       Rivojlantiruvchi bosqichlari
1. Yuzaga kelish bosqichi. Bu bosqichda g‘oya tug‘ilgandan so‘ng uni o‘rganish uchun test qilish jarayonidan o‘tiladi. Keyin yangi loyihani amalga oshirish uchun investitsiya jalb qilinadi. Agar tushum bo‘lmasa, boshqa bosqichga o‘tilmaydi. Asosan, startaplarga har xil fondlar yoki jismoniy shaxslar homiylik qiladi.
2. Ishga tushish bosqichi. Bevosita yangi loyiha qachon ish boshlasa, investorlar birinchi tushgan daromaddan ulushlarini chiqarib olishadi.
3. O‘sish bosqichi. Yangi loyiha ish boshlagandan so‘ng uning mahsulotlari xaridorgir bo‘lsa, daromad o‘sishni boshlaydi.
4. Kengayish bosqichi. Yangi startap muvaffaqiyatli bo‘lib, talab ortsa, tovar aylanmasi ishga tushadi. Keyingi safar yanada ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
5. Yakuniy bosqich. Qachonki startap jismoniy shaxsga yoki yirik kompaniyalarga sotilsa, bu yakuniy bosqich hisoblanadi. Shunday maqsadlarni ilgari surgan holda ham startaplar yaraladi. Investorlar dastlab yangi ish boshlaydigan startap uchun pul sarflaydi. Keyinchalik o‘zini ulushini boshqa investorlarga pullashi yoki foiz daromadlarini olishi mumkin.
                                            O‘ZBEKISTONDA ENDI OMMALASHMOQDA
Startap – bu “jamoaviy o‘yin” ekanligini esdan chiqarmaslik lozim. Har bir shunday jamoada g‘oyalar asoschisi (agar sport terminini qo‘llasak – trener) bo‘ladi, uni ijrochi (sportchi) va investorlarni izlash bo‘yicha agent qo‘llab-quvvatlaydi.
Bizning mamlakatimizda startaplar o‘zlarining ilk odimlarini boshlamoqda, yaqin vaqtlarda bu biznes shakllanishining ushbu juda amaliy va qiziqarli mexanizmini rivojlanishiga olib keladi. Bizda startaplar hali Yevropa mamlakatlari va Amerikadan farqli o‘laroq yangilik hisoblansa-da, O‘zbekistonda yosh tadbirkorlar g‘oyalariga o‘zlarining mablag‘larini kirtishga tayyor investorlar bor. Bu ishda birlashtiruvchi bo‘g‘in hisoblanadigan loyihalar ham mavjud. Agar sizda investitsiyaga ehtiyoji bo‘lgan startap bo‘lsa yoki siz o‘z mablag‘ingizni startapga kiritmoqchi bo‘lsangiz, u holda quyidagilarga murojaat qilish mumkin:
Idea Lab – IT-startaplarni erta bosqichda qo‘llab-quvvatlaydigan konsultativ dastur. U startapni baholash va tahlil qilishga yordam beradi hamda investorlarni izlashda ko‘mak ko‘rsatadi. Bu loyihada ishtirok etish uchun siz tashlashdan o‘tishingiz kerak va eng yaxshi startaplarga “g‘oya” bosqichida bepul konsultatsiya va investorlarni izlashda ko‘mak beriladi;
StartupFactory.uz – IT-loyihalar uchun akselerator, u barcha boshlovchi IT-ishlab chiquvchilarga o‘z g‘oyalarnini ro‘yobga chiqarish hamda investorlarni izlashda yordam beradi. Har qanday xohlovchi mazkur dasturda ishtirok etishi mumkin.
Startaplarning paydo bo‘lishi va ularni ro‘yobga chiqarish imkoniyati, ularni foyda keltiradigan biznes-loyihaga aylantirish, tadbirkorlarimizning zamonaviy biznes-tafakkurlarining rivojlanishi belgisidir. Bunday turdagi loyihalarning ro‘yobga chiqarilishi tufayli mavjud tadbirkorlar avlodi o‘rniga xizmatlar va tovarlar bozoriga yangi g‘oyalar kiritadigan yangi yosh tadbirkorlar keladi.
  Furqat Nurjonov,
Toshkent Axborot texnologiyalari
universiteti doktoranti