6 aprel kuni Rossiya Federatsiyasining «Skolkovo» jamg‘armasi raisi Arkadiy Dvorkovich Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi. Tashrif avvalida A. Dvorkovich startap loyihalar doirasida yaratilgan ishlanmalar, tayyor mahsulotlar va sanoat namunalari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

So‘ngra A. Dvorkovich Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan startap loyihalar mualliflari bilan uchrashib, ular bilan suhbat qurdi, yoshlarning savollariga javob berdi. Xususan, «Skolkovo» jamg‘armasi raisi o‘zi erishgan marralarga yetish uchun nimalar qilish lozim, degan savolga quyidagicha javob berdi:

– Avvalo ta’lim. Men matematika maktabida o‘qiganman, keyin, albatta, oliy ta’lim. Odam qaysi sohada ishlamasin, matematik fikrlash muvaffaqiyat sari eltadi, deb hisoblayman. Ikkinchidan, jamoa. Men o‘zim shakllantirgan jamoalarda ham, mavjud jamoalarda ham faoliyat yuritganman. Jamoaning malakasi, jipsligi va maqsadga yo‘naltirilgani ko‘p narsani hal qiladi. Va albatta, mehnat. 28 yoshimda hukumatda faoliyatimni boshlaganimda kuniga 20 soat ishlardim.

Uchrashuvning ikkinchi qismida O‘zbekiston rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va «Skolkovo» jamg‘armasi raisi Arkadiy Dvorkovich o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasida tomonlar hamkorlikda startap loyihalar tanlovlarini o‘tkazishga kelishdilar.

«Skolkovo» jamg‘armasining startap loyihalarni venchur moliyalashtirishdagi tajribasini inobatga olgan holda, I. Abdurahmonov jamg‘armani «UzVC» milliy venchur fondiga boshqaruv kompaniyasi tanlovida ishtirok etishga taklif etdi. Ta’kidlash joizki, «Skolkovo» jamg‘armasi 2000 dan ziyod startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, ularga 140 mln dollar investitsiya kiritilgan hozirda esa ularning daromadi 800 mln. dollarni tashkil etadi. Mazkur startaplar 28 mingta ish o‘rinlarini tashkil etishga va 150 ta innovatsion mahsulotlarga patent olishga xizmat qildi.

Shuningdek, tomonlar Innovatsion rivojlanish vazirligiga «Skolkovo» jamg‘armasi tomonidan venchur moliyalashtirish bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy etish masalasini ham muhokama qildilar. «Skolkovo» texnoparki tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda innovatsion texnoparklarni takomillashtirsh, axborot texnologiyalari sohasida startaplarning rivojlanishi uchun maqbul ekotizimni yaratish borasida fikrlar almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “CAT Science” Ilmiy startaplar platformasi «Skolkovo» xorijiy akseleratorlari bilan hamkorlik o‘rnatgan bo‘lib, «Skolkovo» bilan hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik 25 ta startap loyihalari mualliflari «Softlending» dasturida ishtirok etgandi. Dasturning samarali o‘tgani va erishilgan natijalarni inobatga olib, uchrashuvda tomonlar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi a’zolari va yosh startapchilar uchun «Softlending» dasturini davom ettirishga kelishdilar. Shuningdek, jamg‘arma bilan hamkorlikda o‘tkazilishi rejalashtirilgan va o‘tgan yili pandemiya tufayli o‘tkazilmagan «Startap tur» joriy yilning kuz oylarida tashkil etish ma’qul deb topildi.

Bundan tashqari, tomonlar Innovatsion rivojlanish vazirligi ko‘rgazmalar zalida “«Skolkovo» burchagi»ni tashkil etish lozimligini qayd etdilar. A. Dvorkovich jamg‘arma tomonidan tibbiyot sohasidagi innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ko‘rgazma uchun taqdim etilishini aytdi.