Olamga mashhur “Siemens” kompaniyasi haqida deyarli hamma biladi. Biroq unga asos solgan va mustahkam poydevor yaratgan Verner haqida ko‘pchilik yetarli ma’lumotga ega emas.

      Nemis muhandisi Verner fon Simens buyuk ixtirochi va dunyo bo‘yicha birinchi raqamli tadbirkor sifatida e’tirof etiladi. U kompaniyaga asos solish bilan birga jamiyat uchun foydali bo‘lgan ko‘plab ixtirolar yaratgan.

Afsonaviy shaxsning hayoti davomida qilgan eng katta ishi bu – o‘zi asos solgan “Simens” kompaniyasi sanaladi. Yillar osha uning sa’y-harakati va tashabbusi bilan dunyoga kelgan telekommunikatsion  kompaniya o‘z yo‘nalishi bo‘yicha eng yirik global rivojlanish darajasiga ko‘tarildi. Uning rahbarligida kompaniya dunyodagi eng yirik telekommunikatsion kompaniyalardan biriga aylandi. Hattoki ushbu kompaniyaning aksariyat aksiyalari haligacha uning avlodlariga tegishli.

Verner fon Simens 1816-yilning 13-dekabr sanasida Germaniyaning Gerden shahrida oddiy kambag‘al fermer oilasida dunyoga keldi. Otasining ismi Ferdinand Simens va onasi ismi Eleonora bo‘lgan. Boshlang‘ich maktabda tahsil olib yurgan kezlaridayoq bolakayning aniq fanlarga qiziqishi o‘zgacha edi. Shu bois oddiy o‘quvchi paytidanoq ta’lim jarayonida katta yutuqlarga erishdi. Maktabni tamomlagach, o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan «Bauakademiya» texnik maktabida o‘qishni juda xohlaydi. Ammo ota-onasining o‘g‘lini bu maktabda o‘qitishga qurbi yetmaydi. Taqdirga tan bergan Verner 1835-yilda “Prussiya harbiy muhandislik akademiyasi”ga o‘qishga kiradi. U yerda esa muhandislik va texnika ilmidan saboq oladi. O‘qishni bitirgach, yosh ofitser ko‘p vaqtini texnika va aniq fanlar sohasida turli xil tajribalar o‘tkazishga sarflaydi. 1840-yilning kuzida galvanik yo‘li bilan kichik metall buyumlarni o‘tkazishga erishadi. Shuningdek, bug‘da yuradigan mashina faoliyatini yaxshilash maqsadida, texnologik jarayon bilan boshqarilib, differensial nazorat usuli orqali ishlaydigan uskuna ishlab chiqdi. Olim, odatda, ixtirolarini sotib, shuning hisobiga kun kechirgan. Nochorlikdan qiynalib yashaydigan ota-onasiga doim yordam bergan. Negaki oilada Vernerdan tashqari yana 13 nafar farzand bor edi.

                              Kasbiy faoliyati

Bolaligidan texnika ilmiga mehr qo‘ygan Vernerning harbiy sohadan ko‘ra ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi kuchli bo‘lgan. 1837-yili aynan tahsil olgan oliygohida birinchi marta telegraf ko‘rib, unga qiziqib qoladi. O‘quv maskanni tamomlashdan bir yil avval, Siemens telegrafni xalqaro muloqot qilish darajasiga ko‘tarish yo‘llarini izlay boshlaydi. 1846-yili u elektron telegraf bilan shug‘ullanishga kirishadi. O‘sha davrda telegraf texnik aloqalar ichida eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. U qo‘l telegrafiga shaxsiy uzgich o‘rnatib, yangi ko‘rinishini tanlovda taqdim etadi. Natijada Prussiya davlat telegraf tarmog‘ida foydalanish uchun eng maqbul yo‘li, deya baholanadi.

Har bir buyuk inson ortida yana bir buyuk shaxs yashiringan, deya bejizga aytishmagan. Xuddi shunday uzoq yillar mobaynida Simensga ixtirolarini amalga oshirishda universitet mexanigi, hamfikr va maslahatdoshi Iogan Georg Galsk katta yordam berib kelgan. Qo‘l telegrafi omma orasida shuhrat qozongandan so‘ng ular birgalikda 1847-yili Telegraphenbauanstalt Siemens & Halske yoki S&H sifatida qisqartirilgan kompaniyaga asos solishadi.

Kompaniya o‘zining dastlabki faoliyat yillarida nafaqat telegraf qurilmalarini ishlab chiqarish, balki optika, aniq mexanika, elektronika va tibbiyot sohalarida tadqiqotlar olib borish bilan ham shug‘ullangan. Kompaniyaning ikki yillik faoliyatidan so‘ng 1848-yilda Daniya bilan Germaniya urushi paytida muhandis Germaniyada birinchi telegraf aloqa tizimini qurish bo‘yicha buyruq oladi. Uddaburon Simens Berlin bilan Frankfurt o‘rtasidagi aloqani muvaffaqiyatli o‘tkazadi.

Vernerning o‘ziga xosligi shundaki, u innovatsion g‘oyalarini gavdalantirish qobiliyatiga ega edi. Negaki g‘oyalar ko‘pchilikda tug‘iladi. Lekin uni amalda qo‘llash uchun kishidan kuchli jasorat va matonat talab etiladi. Jumladan, u yer osti yo‘llarida o‘rnatiladigan kabel simlarini namlikdan saqlash maqsadida maxsus konstruksiya ishlab chiqadi. Kabelni maxsus bostirish yo‘llari yordamida unga tropik o‘simliklar shirasidan olinadigan elastik modda bilan izolyasiya qilish va qattiq presslash orqali tabiatda yuz beradigan namlik, harorat o‘zgarishi va boshqa hodisalarga ko‘proq chidamli bo‘lishini taklif qilgan. Bu ko‘rsatma amalda muvaffaqiyatli qo‘llanildi. Keyinchalik Simens firmasi nafaqat Germaniya, balki chet elda ham boshqa telegraf liniyalarini qurish uchun shartnoma oldi. Rossiya, Buyuk Britaniya va Hindistonni bunga misol keltirish mumkin.  Bu mustahkam o‘rnatilgan innovatsion g‘oya kompaniyaning dadil va mustahkam oyoqqa turishiga turtki bo‘ldi. Aynan Simens boshchiligi davrida kompaniya Hindiston bilan yevropani bir-biriga bog‘laydigan kabel simini muvaffaqiyatli o‘tkazishga erishgan. Bu esa olim faoliyatining eng yuksak yutug‘i sanaladi. Umuman, bu qo‘llanilgan innovator g‘oya kompaniyaning ochilishidan boshlab toki olimning nafaqaga chiqquniga qadar 43 yil davomida (1890-yil) telegraf aloqasi va telekommunikatsiya sanoati rivojini yuqori cho‘qqida ushlab turdi.

Verner fon Simens hamkasbi Tomas Edison singari faqat nazariy ilmiy tadqiqotlar bilan cheklanib qolmagan. Hamma joyda o‘z kashfiyotchilik qobiliyatini namoyon qilishga uringan. Shu tariqa amaliyotda ham o‘zi va boshqalarning ham tajribasini sinovdan o‘tkazgan. 1851-yilda olim Uinston va Kuk tomonidan yaratilgan strelkali telegraf dizaynini yaxshilashga erishadi. Qolaversa, Simens mustaqil ravishda o‘zgarmas tok generatorini ishlab chiqib, 1867-yili omma e’tiboriga havola qiladi. Generator shu darajada samarali va muammosiz ishlaydiki, undan uzoq yillar davomida energiya va kon sanoati tarmoqlarida elektr asboblarini kuchaytirish uchun ancha vaqtdan beri foydalanilgan.

Ernst Simens boshchiligidagi S&H firmasi dunyo bo‘yicha muhim hisoblanadigan bir nechta kashfiyotlarni yaratdi. Ularning aksariyati bugungacha ham qo‘llanilmoqda. 1879-yilda dunyodagi birinchi elektr temir yo‘li loyihasi taqdim etildi. 1860-yilning o‘rtalarida Verner dinamo-elektr mashinasining harakat tamoyilini ishlab chiqishga kirishdi. Elektr toki orqali ishlaydigan dinamo-mashinasining yuzaga kelishi boshqa turli mexanizmlar harakatlanishini tartibga solib, o‘rnatilishiga turtki bo‘ldi. Jumladan, ixtironing sharofati bilan elektrotboyka bolg‘asi, shaxtali elektrventilyatorining paydo bo‘lishiga zamin yaraldi. Shuningdek, aynan Verner fon Simens «elektrotexnika» terminini tatbiq etgan olim sanaladi.

1880-yili uning g‘oyalari asosida birinchi bor mexanizmning tortish quvvatini bir qismidan ikkinchisiga uzatib turuvchi uzun o‘q yordamida ishlaydigan lift ishga tushdi. Bir yil o‘tgach, Berlinda birinchi elektr tramvay liniyasi ham barpo etildi. Shuningdek, elektr yordamida ichimlik suvini ozon naychasi orqali tozalash yordamida ozon (kislorodning bir ko‘rinishi)ni  qo‘lga kiritish usulini ishlab chiqdi.

1865-yilda birinchi marta pnevmopochta ham Verner ko‘rsatmasi asosida dunyoga keldi. Pnevmopochta – muayyan nuqtalarda bir-biriga ulangan quvurlar to‘plamidan iborat. Ko‘pincha bunday tizimlar katta binolar yoki bir necha binolar orasidagi aloqada qo‘llaniladi. Masalan, bu hujjatlar muhim ochiq savdo hujjatlari yoki pul bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi tez va ishonchli harakatni talab qilganligi bois pnevmopochtaning yaralishiga ehtiyoj tug‘ilgan.

Olim va ixtirochi 1892-yili 6-dekabrda 75 yoshda oilasi davrasida vafot etdi.

       Xayrli ishlar — yuksak hurmatga sazovordir!

Siemens hayoti davomida nemis xalqi va yevropa elektrotexnikasining rivojlantirish borasida juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. U Berlin elektrotexnika ittifoqini rivojlantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatdi. Shuningdek, Berlindagi patent jamiyatining asoschisi va raisi bo‘lgan. Bundan tashqari, Verner Simens fan va madaniyat sohasida xayr ehson borasida ham saxiy insonlar qatoridan joy olgan. U Berlin Milliy Fizika-texnika laboratoriyasini yaratish uchun 500 ming markani taqdim etdi. Aynan uning sa’y-harakatlari va moliyaviy ko‘magi tufayli Sharlorttenburgda Fizika-texnika instituti ochildi.

1860-yilda olimga fizika va amaliy elektrotexnika sohasida erishgan yutuqlari uchun “Fan doktori” berildi. 1874-yili Prussiya Fanlar Akademiyasi, 1882-yilda esa Sankt-Peterburg Fanlar akademiyasining a’zosiga aylangan.

1881-yili Parijda o‘tkazilgan birinchi xalqaro elektrotexnika ko‘rgazmasida eng katta muvaffaqiyat Edison va Simens eksponatlariga kulib boqdi. U yerda ikkala buyuk arbob uchrashib, do‘stlashib qolishadi. 1888-yili Verner Simens feodal jamiyatda yuzaga kelgan va yevropa tarixining o‘rta asrlarida ushbu jamiyatning davlat asosini tashkil etadigan imtiyozli sinfga aylandi va unga Vernerom fon Simens nomi berildi.

Sevara Abdullayeva tayyorladi.