Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili inshootlarning seysmik bardoshliligi bo‘yicha muhandis, AQShning Kaliforniya shtati Berkli shahridagi universitetning yetakchi mutaxassisi, katta miqyosdagi Structures eksperimental laboratoriya mudiri Shahzod Taxirov bilan suhbat uyushtirgan edik. Muloqotimiz davomida qahramonimiz yurtimizda yetuk muhandislarni tayyorlash uchun o‘z bilim va tajribalarini bo‘lishish hamda Urganch Davlat universiteti qoshida ikki haftalik ta’lim, tadqiqot ma’ruzalari va laboratoriyaga oid darslar berishni yo‘lga qo‘yish istagida ekanligini aytgandi. Bugun suhbatimizni ana shunday ulkan rejalar qay tarzda bajarilayotgani hamda tarixiy obidalarning seysmik bardoshliligi holati xususida aniqroq ma’lumot olish uchun Shahzod Tohirov bilan onlayn suhbat o‘tkazishga qaror qildik.

— Shahzod aka, grand bo‘yicha aynan O‘zbekistonda faoliyatingizga doir turli loyihalar amalga oshirishingiz haqida aytgan edingiz. Ko‘zlagan maqsadingizga qay darajada erishdingiz?
— Xabaringiz bo‘lsa, 2019 yilda O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi orqali mablag‘ olib yangi loyiha boshlagandim. Bu loyxa American Councils orkalik boshkariladi. Aynan shu yilda Urganch va Xiva shaharlariga safar uyushtirib, O‘zbekistonning qadimiy yodgorliklarga boy ekanligi va dunyo miqyosida noyobligiga tan bergandim. Shundan so‘ng muqqadas Ona vatanimiz sha’nini yuksaklarga ko‘taradigan bebaho boyliklarimizni asrab-avaylash borasida o‘ylay boshladim. Shu sababli loyihamning mavzusini ham aynan shu o‘lkaning yodgorliklarini saqlashga yo‘naltirdim.
O‘tgan yili Xivaga borganimda, do‘stim Bahodir Rahmonov hamda Urganch Davlat Universitetining Qurilish kafedrasi professorlari bilan uchrashib, mo‘’jizakor binolarni qanday saqlab qolish haqida uzoq gaplashgan edik. Asosiy maqsadim O‘zbekistonda ham zamonaviy muhandislarning yangi avlodini tarbiyalash va kasbimga oid muammolarning amaliy masalalarini yechishdan iborat. Qolaversa, ushbu loyiha orqali O‘zbekiston muhandislarini dunyo miqyosida ishlatiladigan ilmiy usullar bilan tanishtirish va bu usullarni Xivadagi qadimgi yodgorliklardan birida qo‘llashga qaratishni niyat qilgandim.
2019 iylda ana shunday dolzarb mavzuga bag‘ishlangan ma’ruzada yuzdan ortiq o‘qituvchi va talabalar qatnashishdi. Ma’ruzamning asosiy mazmuni AQSh va butun dunyo bo‘ylab qadimgi yodgorliklarni saqlab qolish borasida qilinadigan ishlar va ularning natijalari to‘g‘risida bo‘ldi. O‘qigan ma’ruzalarim ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va ko‘plab savollar hamda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu ma’ruza asosida, Urganch Davlat Universiteti professorlari va talabalari uchun universitet qoshida intensiv nazariy va amaliy darslar berish rejalashtirildi.
– Qanday muhim tadbirlar uyushtirishga muvaffaq bo‘ldingiz va bu nechog‘lik o‘z samarasini ko‘rsatmoqda?
– Dastlab nazariy va amaliy darslar master-klass formatida o‘tkazilishi kerak edi. Afsuski, pandemiya sababli nazariy darslarni onlayn o‘tishga to‘g‘ri keldi. Binolarning seymik zilzilabardoshligining zamonaviy va innovatsion usullari nazariyasiga oid ma’ruza 12 ta onlayn darsga mo‘ljallangan edi. Har bir dars ikki soat atrofida davom etishi belgilandi. Biroq o‘zbekistonlik muhandislarning katta qiziqishini ko‘rib, dars muddatini uzaytirdik. Savol-javoblar va munozaralar ham olib borildi.

Zoom orqali o‘tkazilayotgan ma’ruza
– Xivada lazer skanerini qo‘llash ishlari boshlangan ekan. Bu jarayon qanday kechmoqda?
– Odatda, berilgan nazariy bilimlar amaliy dars orqali o‘rgatilishi kerak. Urganch Davlat Universiteti professorlari bilan amaliy darsni Ichan Qal’adagi Juma Masjidida sinab ko‘rishga kelishgandik. Aynan shu amaliy darsni o‘zim Xivaga borib o‘tkazmoqchi edim. Biroq pandemiya sababli Kaliforniya universiteti xalqaro safarlarni man qilgandi. Shu bois Toshkent shahridan lazer skaner bilan ishlaydigan mutaxassislarni jalb etishga majbur bo‘ldim. Ular bilan ko‘p yillardan buyon Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Toshkentda joylashgan qadimgi yodgorliklarni lazer skaner qilish masalasini o‘rganib chiqqanmiz. Jamlangan ishchi guruh bilan Telegram orqali bog‘lanib, o‘z tavsiyalarimni berib, nazorat qilib turdim.

Loyiha guruhi Xivadagi Ichan Kal’a lazer skaner qo‘llanilayotgan amaliy dars vaqtida [2]
O‘tkazilgan dars natijasida dunyoda ilk bor Xiva shahrida lazer skaner amaliyoti qo‘llanildi. Skaner orqali Juma Masjidining nuqtalari katta aniqlik bilan o‘lchandi. Bu texnologiya buyicha, lazer nurini chiqish va qaytish vaqti bo‘yicha nuqtaning koordinatasi olinadi. Shu kalkulyatsiyada polyar va azimutal burchaklar ishlatiladi. Skaner lazer nurlarining yo‘nalishini o‘zgartirib, atrofdagi barcha nuqtalarni o‘lchab chiqadi. Yig‘ilgan nuqtalar «nuqtalar buliti» deyiladi. Skanerning har bir turgan joyi stansiya deb ataladi. Har xil stansiyalardan yig‘ilgan nuqta bulitlari bir-biriga solishtiriladi va bir-biriga biriktiriladi. Bu ro‘yxatdan yoki «registratsiya»dan o‘tkazish jarayoni deb ataladi. Natijada ob’ektning tashqari va ichkari sirtlari, bitta 3-o‘lchamli ob’ekt shaklida kompyuterda saqlanadi.
Zamonaviy texnologiya asosida ob’ektning raqamli egizagi yaratiladi. Skaner kamerasi yordamida sirtning hayotdagi ranglari 3-o‘lchamli modelga beriladi. Aynan bunday innovatsion texnologiya yordamida madaniy merosimizni saqlab qolishimiz mumkin. Negaki o‘z chizmalariga ega bo‘lmagan ob’ekt bo‘yicha barcha ma’lumotlarni 3-o‘lchamda saqlab qolishga erishamiz. Hammasi bo‘lib nuqtalar bulutlari 11 stansiyada yig‘ildi. Bu texnologiya muloqotsiz o‘lchaydigan xususiyatga ega bo‘lganligi sababli qadimiy milliy inshootlarni ta’mirlash borasida eng kerakli asbob deb hisoblayman.

Juma masjidining 11 stansiyada olingan nuqtalar buliti [2]

– Qo‘llanilgan texnologiyalar bizning yosh mutaxassislarimizga qanday natijalar ko‘rsatishi mumkin?
– Avvalambor, Urganch Davlat Universiteti professorlari va talabalari zamonaviy innovatsion asbobni ishlatishga muvaffaq bo‘lishdi. Ikkinchidan, ilk marotaba lazer skaner orqali Juma masjidining katta aniqlikda olingan 3-o‘lchamda raqamli egizagi mavjud. Bu milliy mo‘’jizakor obidalarimizni saqlab qolish yo‘lida juda katta va muhim jarayondir. Uchinchidan, ob’ektning anomaliyaga uchragan joylarini 3-o‘lchamda olishga muvaffaq bo‘ldik. Masalan, minoraning vertikal tarzda qiyshayganligi o‘lchandi va oldingi o‘lchamlarga solishtirildi. Masjidning og‘ishi yillar davomida kuchayotganligi katta aniqlik bilan isbotlandi. Uning o‘zgarishi monitor qilish yordamida batafsil ko‘rsatildi. O‘zbekistonda ham xuddi Italiyadagi Piza minorasiga o‘xshash minora borligi sayyohlarni ko‘proq jalb etishi ma’lum. Xammaga ma’lumki, Piza minorasining qiyshayishi 4,0 gradusga teng. Bizning o‘lchamlarimiz natijasida Juma masjidining minorasi 2,2 gradusga qiyshayishi ko‘rsatildi. Qiyshayishini to‘xtatish uchun obidaning konstruktiv mustahkamligini amalga oshirishimiz kerak. Amaliy ish natijasida tayyorlangan maqolamiz Portugaliyada o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyada (SHMII-10) katta qiziqish bilan qabul qilindi [2]. Bu konferensiyada dunyo bo‘yicha konstruktiv monitoring bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimot qilinadi va xalqaro munozaralar bo‘lib o‘tadi.
Endilikda lazer skaner orqali olingan o‘lchamlar Juma masjidining matematik modelini yaratishda ishlatilmokda. Birinchi bosqichda minora modelini yaratishdir. Qolaversa, uning statik va dinamik kuchlarga bardoshligi o‘rganilyapti. Modelning geometriyasi katta aniqlik bilan olingan minoraning nuqtalar bulitidan yaratilgan. Qadimgi g‘ishtlar tadqiqotlar yordamida o‘rganilib, minoraning jismoniy xususiyati topilgan va ular ushbu modelga kiritilgan. Shu tariqa tuzilgan model orqali minoraning konstruktiv tomonlama kuchaytirish ishlari ishlab chiqilishi mumkin. Kuchaytirish faoliyatlari quyidagi chizma orqali namoyon etilgan.

Minoraning matematik modeli o‘ng tomonda; modelning tepa va past kesimlari chapda [3]
– Kelajakdagi rejalaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz…
– Yaqin orada yaratilgan matematik modelni real ob’ektga yaqinlashtirish uchun Juma masjidini boshqa zamonaviy asboblar bilan o‘rganish ishlari rejalashtirilgan. Bu loyihaning ikkinchi amaliy darsi davrida bajarilishi ko‘zda tutilmoqda. Quvonarlisi, amaliy darsning sharofati bilan dunyo miqyosida ishlatiladigan o‘lcham asboblari qo‘llaniladi. Dars vaqtida Juma masjidining quyidagi parametrlari o‘lchanadi: asbob qo‘yilgan joylarning tezlanishi va nisbiy siljishlari. Siljishlarning obi-xavo haroratiga qarab o‘zgarishi tekshiriladi. Bu amaliy dars shu yilning bahorida o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Ishlatiladigan zamonaviy asboblarning boshqa ob’ektlarda qo‘llanilishi bizning O‘zbekiston olimlari bilan hamjihatlikda tayyorlagan maqolada ham aks etgan [4].
Olib borilgan faoliyatimiz va u haqda yoritilgan maqolalarimiz Ispaniyada bo‘ladigan xalqaro konferensiyada (SAHC-2021) [3] katta qiziqish bilan qabul qilindi. Bu konferensiyada dunyo bo‘yicha qadimgi yodgorliklarni saqlash hamda olib borilayotgan ishlar taqdimot qilinadi.

Tezlanish asboblari: ko‘prik o‘rganish loyiha davrida [4]
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur! Barcha ko‘zlagan maqsadlaringizga erishishingizga tilakdoshman!
Sevara ABDULLAYEVA suhbatlashdi

Linklar:
1. https://youtu.be/LxqljtSayrc
2. Shakhzod Takhirov, Bakhodir Rakhmonov, Ravshanbek Nafasov, Abbos Samandarov, Sevara Sultanova, Javlon Musurmanov, Bakhtiyor Takhirov (2021). Structural Health Monitoring of Juma Mosque in Itchan Kala, Uzbekistan by Laser Scanning. 10th International Conference on Structural Health Monitoring of Intelligent Infrastructure. 30 June – 2 July, 2021, Porto, Portugal.
3. Shakhzod Takhirov and Bahodir Rakhmanov (2021). Structural Health Monitoring of Monuments in Itchan Kala in Khiva (Uzbekistan): STRUCTURAL HEALTH MONITORING OF THE JUMA MOSQUE IN ITCHAN KALA IN KHIVA (UZBEKISTAN): LASER SCANNING COMBINED WITH NUMERICAL MODELLING. (SAHC 2020), Barcelona, Spain, September 29-30, and October 1, 2021.
4. T. Rashidov, S. Takhirov, A. Gilani, and S. Kudratov (2020). AUTOMATED MESHING AND FINITE ELEMENT MODELLING OF BRIDGES FROM POINT CLOUDS WITH SUBSEQUENT MODEL UPDATING BASED ON AMBIENT VIBRATION DATA. The 17th World Conference on Earthquake Engineering, 17WCEE, Sendai, Japan, September 13-18 2020.