Shahzod Taxirov: «Bor bilimim va tajribamni Oʼzbekistonda yangi muhandislarni tayyorlashga bagʼishlamoqchiman»
Zilzila sodir boʼlgan vaqti inson juda nohush holatga tushishi tabiiy. Uning davomiy yoki tez-tez tebranishi esa insonni xavotirga solishi aniq. Yerning bunday «gʼazablanishi» binolar ichida kuchayadi, natijada katta falokatlarga olib kelishi mumkin. Shu orqali fanning inshoatlarni seysmik bardoshligi sohasi bilan shugʼullanadigan olim fikri bilan qiziqdik.
Negaki zilzilabardosh binolar va uylarning qurilishi mazkur soha vakillari tomonidan tadqiqotlar orqali sinovdan oʼtgachgina, barpo etiladi. Shunday ekan, inson salomatligi va tinchligini asrashda ushbu masʼuliyatli kasb egalarining oʼrni nihoyatda muhimdir.
Bugungi sahifamizda fan doktori (PhD), inshoatlarni seysmik bardoshligi buycha muhandis, АQShning Kaliforniya shtati Berkli shahridagi universitetning yetakchi mutaxassisi, katta miqyosdagi Structures eksperemental laboratoriya mudiri Shahzod Taxirov bilan aynan shu sohasida olib borilayotgan innovatsion va ilmiy ishlar yuzasidan suhbatimizni eʼtiboringizga havola etamiz.
– Shahzod aka, suhbatimizning avvalini Structures eksperemental laboratoriyaning faoliyati bilan boshlasak. Аytingchi, ushbu laboratoriyada qanday ishlar amalga oshiriladi?
– Eksperimental laboratoriyamizda inshoatlarni seysmik bardoshligi sohasiga doir juda keng koʼlamdagi ishlar bajarilib kelinmoqda. Jumladan, ushbu sohaga tegishli tajribalar oʼtkaziladi. Shu tariqa ,ilmiy ishlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlashim mumkin.
Аsosiy yoʼnalishimiz binolarning seysmik bardoshliligini oʼrganish boʼlsa-da, lekin shu sohaga aloqasi boʼlgan boshqa tadqiqotlarni ham amalda qoʼllashga harakat qilamiz. Masalan, bino va koʼpriklarning monitoring yoʼnalishiga doir koʼplab ishlarni bajarishga muvaffaq boʼldik. Аytish joizki, bu boradagi ilmiy ishlar butun dunyo buyicha bajarilmoqda, hatto yurtimizda ham. Shuningdek, energetika sohasiga oid anchagina tadqiqotlarni ham amalga oshirmoqdamiz. Deylik, qimmatbaho, muhim elektr podstantsiyalarda oʼrnatilgan asbob-uskunalarning seysmik mustahkamligini yaxshilash boʼyicha ham tekshiruvlar oʼtkazdik. Qolaversa, dengiz toʼlqinlarining quvvatini elektr quvvatga aylantirishda qoʼl keladigan innovatsion stantsiyani yaratishda hamda rivojlantirishda faol ravishda izlanishlarni davom ettirmoqdamiz. Ilmiy ishlarga qoʼshimcha ravishda biz talabalar bilan ham shugʼullanamiz va ishlaymiz. Nazariy va amaliy bilimlarni birgalikda olib borish lozim. Shundagina yetuk mutaxassislarni tarbiyalashga erishamiz.
— Talabalarni inshoatlarni seysmik bardoshligi sohasiga qiziqtirish va ushbu fanni oʼzlashtirish borasida qanday choralar koʼrasizlar?
– Talabalarimiz bilan faxrlanaman. Ular bir necha xalqaro musoboqalarning gʼolibi boʼlishdi. Yuqori natijalarga erishib kelishayotgani bizni quvontirmoqda. Аlbatta, talabalarning oʼz sohasini sevib oʼrganishi va oʼzlashtirishida shubhasiz, musobaqalarning oʼrni beqiyos. Sohamizga oid uchta eng mashhur, qiziqarli, insondan katta kuch va masʼuliyat talab etadigan musoboqa mavjud. Birinchisi, betondan qayiq yasash [1]. Musobaqa shartiga koʼra, ellik nafarga yaqin talaba guruh boʼlib, betondan yengil va mustahkam qayiq yasashlari lozim. Keyin esa qayiqni suvda suzdirib, poygada qatnashadilar. Natijada belgilangan manzilga birinchilardan boʼlib yetib borgan guruh jamoasi gʼolib deb topiladi.
Ikkinchisi –temir koʼprik yasash musoboqasi [2]. Qiziqishlari bir-biriga yaqin boʼlgan talabalar guruhga ajraladi. Tanlov shartiga koʼra, ular yengil hamda mustahkam koʼprik barpo etishlari kerak. Koʼprik qismlardan iborat boʼlib, shu qismlar berilgan hajmga sigʼishi darkor. Bu bellashuvda ham koʼprikni tezkorlik bilan ogʼirlikka chidamli va kuch taʼsirida kam choʼkadigan tarzda yigʼib berishlari lozim.
Uchinchisi – seysmik bardoshlilik boʼyicha musobaqa. [3]. Tanlovda talabalar koʼp qavatli binoning modelini yogʼoch qismlardan yaratishlari lozim. Binoning seysmik bardoshliligini kuchaytirish uchun yogʼoch qismlar testlarda sinaladi. Binoning matematik modeli esa kompьyuterda tayyorlanadi. Musobaqa vaqtida binoning mustahkamligi seysmik eksperiment orqali koʼrsatilishi lozim.
Bunday musobaqalar yordamida talabalarimiz loyihani boshqarishni, guruh boʼlib ishlashni, loyiha byudjetdan oshib ketmaslikni, metalni payvandlashni, metal va yogʼoch elementlarni kompьyuter boshqaradigan mashinalarda kesishni va yasashni, beton qorishni, materiallarni test usulida sinashni oʼrganishadi. Tabiiyki, bu usullarning barchasi ular kelajakda oʼz sohasining yetuk mutaxassislari boʼlib yetishishlariga zamin hozirlaydi. Laboratoriyamizda talaba va aspirantlar oʼz ilmiy tadqiqotlarini dunyoga mashhur professor-olimlar rahbarligida olib borishadi.
Shunday yetuk mutaxassislarga ega boʼlgan universitet muhandislik sohasida boshqa davlat universitetlari ichida birinchilikni egallaydi. Аgar xususiy universitetlarni ham hisobga oladigan boʼlsam, universitetimiz АQSh boʼyicha uchinchi oʼrinda turadi [4].

Beton qayiq guruhi poyga davrida[1]. Temir koʼprik guruhi musobaqa davrida[2] Seysmik dizayin guruhii[3].

 

– Kaliforniyaning Berkli universitetida koʼplab tadqiqotlar oʼtkazgan ekansiz. Аytingchi, izlanishlaringiz qay darajada oʼz samarasini koʼrsatmoqda?
– Аsosiy kasbim qattiq moddalarning deformatsion mexanikasini oʼrganishdan iborat. Nomzodlik ishimni himoya qilish davrida binolarning seysmik bardoshligi va seysmik toʼlqinlar mexanikasiga tegishli jarayonlarni tadqiqot qilishni boshladim. 1995 yilda tadqiqot ishlarimni davom ettirish yoʼlidaАQShning Fulbrayt fondining grand sohibiga aylandim. Olti oy davomida Berkli shahridagi Kaliforniya universitetida oʼz kuzatuvlarimni davom ettirdim. Аlbatta, bu ilmiy stajirovka mening hayotimda oʼchmas iz qoldirdi. АQShdan qaytgach esa doktoranturani tamomladim. 1997 yili Kaliforniya universitetiga tadqiqot ishlarimni davom ettirish maqsadida yana chaqirtirishdi, to 2014 yilga qadar universitetga qarashli Tinch okeanidagi zilzilalarni muhandislik tadqiqot markazi (Pacific Earth quake Engineering Research Center)da ishlab keldim.
Dastlabki loyihamni jiddiy muammoning yechimiga qaratdim. Yodingizda boʼlsa, 1994 yili АQShning Norsridj shahrida kuchli yer silkinishi sodir boʼlgandi. Natijada temir romlardan qurilgan binolar ancha jabrlandi. Inshoatlardagi ustinlar va gorizontal toʼsinlar bir-biriga payvandlash yoʼli orqali bogʼlangandi. Zilzila natijasida ushbu payvandlangan choklarning aksariyati yorilgan. Nazariy va eksperimental ravishda olib borilgan tadqiqotimizda[5] bogʼlanish yoʼllarining yangi usullarini amaliyotga tatbiq etdik. Shu tariqa ,АQShning qurilish normativlariga tegishli oʼzgartirishlar kiritildi.

 

Kompyuterdagi matematik model[4]. Laboratoriyada sinalgan ustin bilan toʼsin bogʼlanmasi[5].

 

Keyingi eng katta loyihalarimdan biri zilzila vaqtida elektrni inshoatlardan imkon darajada saqlab qolish masalasiga ([6] va [7]) qaratilgandi. Zilzila taʼsirida elektr energiyasining zarar koʼrishi katta iqtisodiy ziyonga olib keladi. Masalan, Janubiy Koreyada joylashgan Samsung kompaniyasining kompьyuter mikrosxemalarini ishlab chiqaradigan zavod yarim soatga elektr energiyasiz qolgani bois 85mln. АQSh dollariga yaqin zarar koʼrdi [8]. Bunday muammoni bartaraf etish yuzasidan butun dunyo boʼylab izlanishlar olib borilmoqda.Bizning nazariy va eksperimental tadqiqotimiz natijasida elektrotexnik asbob-uskunalarga yangi talablar rivojlantirildi. АQShda va butun dunyo boʼyicha ishlatiladigan IEEE693 normativga tegishli oʼzgartirishlar kiritildi. Biz shu standartni ikkita oxirgi versiyasida faol qatnashdik.

245-kV elektr seysmoplatformada [6]. Chinnidan yasalgan izolyatorning kompьyuterdagi tahlili [7]. 500-kV elektr uskuna seysmoplatformada [8].

Uchinchi katta ilmiy yoʼnalishim – bu inshoatlarni va asbob-uskunalarni seysmik damperlar va izolyatorlar bilan mustahkamligini oshirish edi. Seysmik izolyatorlar binolar va koʼpriklarning tagiga qoʼyiladi. U xuddi yumshoq «yostiqqa» oʼxshab ishlaydi. Natijada, zilzila vaqtida inshoot joyida turadi, biroq uning tagidagi poydevor yer bilan birga tebranadi. Bu sohada shu vaqtgacha tadqiqotlar olib bordik. Qurilish normativlarining oʼzgartirilishiga koʼmak berdik. Seysmik izolyatorlarning ikkita asosiy turlarini oʼrganib chiqqanmiz. Birinchisi rezina va temirdan yasalgan boʼlsa,  ikkinchisi siljish mexanikasiga assoslangan izolyatorlardir.

Rezina va temirdan yasalgan seysmik izolyatorning kompyuterdagi matematik modeli [9]. Laboratoriyada sinalayotgan sirpanish asosida yasalgan izolyator [10].

2014 yildan beri oldingi laboratoriyadan 5 marotaba katta laboratoriyani boshqarib kelmoqdaman. Dastlab, mening rahbarligimga topshirilgan laboratoriya juda yomon ahvolda edi. Bor kuch va shijoatimni ishga solib,  ikki yil mobaynida zararga botgan laboratoriyani o‘zini ta’minlaydigan darajaga yetkazdim. Hozirgi kunda biz o‘rtacha 10 ta loyiha ustida  ishlamoqdamiz. Barcha ishchilarimizning dunyo miqyosidagi ta’limotdan xabardor bo‘lishiga jiddiy ahamiyat qaratamiz.

Bugungi kunda amaliyotga tegishli muammolarga qiziqish juda katta. Tadqiqotlarga qo‘shimcha ravishda dunyoga mashhur kompaniyalar ham o‘zlarini qiynayotgan muammolarning yechimini topish maqsadida bizga murojaat qilishadi. Masalan, bizning mijozlarimiz orasida  Google, Tesla, USGypsum, Rockfon, Knauf, Mitsubishi, Hilti, Siemens va boshqalar bor.

– Siz zilzilabardosh va chidamli qurilish ishlari bo‘yicha juda ko‘plab izlanishlar va ma’ruzalar bilan chiqish qilgansiz. Sohangiz bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar olib borgansiz. Hozirda zilzilabardosh qurilishlar bo‘yicha qanday innovatsion loyihalarni ilgari surdingiz va shunga asosan qanday ishlar bajarildi?

– Har bir tadqiqot amaliy muammoga tegishli va u yangi innovatsion usullar ishlatishni talab qiladi. Bu degani, har loyihani amalga oshirish zamirida yangi eksperimental mashina yaratishga to‘g‘ri keladi. Dastlab, loyihaning konsepsiyasi rivojlantiriladi(chapdagi rasm) va undan keyin uch o‘lchamli chizmalari tayyorlanadi. Eksperimental mashinaning katta bosimli kuchlar ta’sirini ko‘tara olishi kompyuterda tekshiriladi. Kuzatuvlar natijasida kamchiliklar to‘ldirilib boriladi. Shundan so‘ng kompyuterboshqaradigan tokarlik stanogida qismlari yaratiladi. Kerak bo‘lsa, qismlari bir-biriga elektr yeki gaz payvandlash (svarka- ShT) yoki murvat (bolt – ShT) orqali o‘rnatiladi. So‘ng kuch yaratadigan gidravlika bog‘lanadi. U esa kompyuter tomonidan boshqariladi. Natijada yagona dizaynga ega eksperiment o‘tkazadigan mashina (o‘ng tamondagi rasm) quriladi. Bu juda ham murakkab jarayon.

Eksperimental apparatning konsepsion chizmasi Eksperimental apparatning tayyor bo‘lgan holatii[11].

 

Oxirgi 10 yil ichida, sensor texnoligiyalarida revolyutsion o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bunday zamonaviy rivojlanish davrida bizlar ham faol qatnashib kelmoqdamiz. Shu o‘rinda, ikki masalaga to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Ko‘pincha Kaliforniya shtatida katta yong‘inlar bo‘lib turadi. Ko‘p insonlar o‘z vaqtida qochib ulgurmasligi sababli o‘lim holatlari ro‘y berayotgani achinarli hol. Oxirgi yong‘inda 90ga yaqin odam halok bo‘ldi [11]. Asosan yong‘in holati issiq kunlarda shamolning ta’sirida qayd etilayotganini alohida ta’kidlashimiz mumkin. Daraxt shoxlari elektr simlarining ustiga tushib ketgani tufayli uchqun sodir bo‘lmoqda. Men shu masalaga yechim topish istagida yangi usulni o‘ylab topdim. G‘oyamni shakllantirshda lazer skanerlarning yordamiga tayandim. Avtomobillarga o‘rnatilgan lazer skanerlar atrofdagi ob’ektlarni katta aniqlikda yozib olishga qodir. Olingan ma’lumot bo‘yicha daraxtning yoki daraxt shoxlarining xavf solishi mumkinligi va uning kesilishi kerak bo‘lgan hajmini bilsak bo‘ladi (chapdagi rasm) [12].

Ikkinchi misol, Smart Siti tarmoqlariga tegishli. Aniqligi yuqori bo‘lgan lazer skanerlash usuli orqali binolarning deformatsiya holatini  monitoring qilishga mo‘ljallangan. Bu sensor simsiz rejimda ishlaydi. Ma’lumotni zudlik bilan monitoring markiziga yetkazishi mumkin (o‘ng tomondagi rasm)[13].Olingan xabardan xulosa qilgan holda binodagi odamlarni evakuatsiya qilish, uning yoniga bormasdan va ichiga kirmasdan turib markaz tomondan qabul qilinishi mumkin.

Ayni damda O‘zbekistonda ham yangi laboratoriyalar tashkil etishga harakat qilmoqdaman. Laboratoriyalarda ishlash uchun bilimdon muhandislar nihoyatda zarur. Afsuski, yurtimizda bunday mutaxassislar sanoqli. Kaliforniya universitetidagi laboratoriya yangi muhandislarni tayyorlashga shay. Berilgan mablag‘ga qarab, ushbu ta’limot O‘zbekistonda yoki Amerikada olib borilishi mumkin.

O‘simliklarning elektr simlarga yaqinligini aniqlash[12]. Binolar deformatsiyasini lazer skaner bilan monitoring qilish[13].

– Binolarning zilzilabardoshligi bo‘yicha boshqa mamlakatlarda ham kuzatuv ishlarini amalga oshirgan ekansiz. U yerda qanday muammolar kuzatilmoqda? Muammolar yechimi bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

– Bizning tajribamiz va bilimimizga dunyo bo‘yicha talab katta. Universitetda amalga oshirilayotgan tadqiqodga qo‘shimcha ravishda, dunyo bo‘yicha ko‘plab amaliy muammolarni yechishda qatnashib kelmoqdaman. Jumladan, yana bir ishim AQShda eng katta –quyosh nurlarini elektr energiyasiga aylantiradigan stansiya qurilishiga bog‘liq [14]. Ivanpax nomli bu stansiya Nevada va Kaliforniya shtatlari chegarasida joylashgan cho‘llarda qurilgan. Bu yerda kuchli shamollar bo‘lib turadi. Quyosh nurlari oynalar bilan bitta nuqtaga yig‘iladi. Shu nuqtaga qarata katta hajmli qozon qo‘yilgan. Qozon minoraning ustiga o‘rnatilgan(hammasi bo‘lib uchta minora qurilgan). Kuchli shamol esganda minoralar titrashi oqibatida nurlar yig‘ilgan nuqtadan qozon siljib qolishi mumkin. Ushbu silkinishlarni kamaytirish uchun maxsus damper o‘rnatilgan. Bizning vazifamiz shu damperning to‘g‘ri ishlashiniisbotlashdan iborat edi.

Yana bir katta o‘tkazgan loyihalarimizdan biri Yangi Zelandiyada qurilayotgan katta elektrik podstansiyaga tegishlidir [15]. Bizning vazifamiz hamma elektr asbob-uskunalarning seysmik bardoshliligini ta’minlashga qaratilgandi. Yelkamizga qo‘yilgan burchni ado etish yo‘lida butun dunyo bo‘yicha tadqiqotlar olib bordik. Barcha asbob-uskunalarning seysmik bardoshligi seysmoplatformalarda zilzila ta’sirida isbotlandi. Mazkur eksperimentlarni AQSh, Olmoniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Gretsiya va boshqa mamlakatlarda o‘tkazishga erishdik.

Bundan tashqari, yana bir ishimiz Meksikadagi ichimlik suv ta’minlaydigan trubalarning seysmik mustahkamligini yaxshilashga qaratildi. Ushbu trubalar eski normativ qoidalari asosida qurilgan. Hozirgi zamon talablariga mutlaqo mos emas. Meksika shahri esa ko‘lning o‘rnida qurilgani bois shahar yerlari doimo cho‘kib borayotgandi. Kuchli yomg‘ir yoki zilzila vaqtida o‘pirilish holatlari ro‘y beradi [16]. Oqibatda suv ta’minoti ko‘p vaqtgacha to‘xtatilardi. Bizni ushbu muammoga yechim topish maqsadida chaqirtirishdi. Ancha vaqt olib borilgan kuzatuvlarimiz va tahlillarimiz natijasida ushbu trubalarni yangi texnologiya asosida Yaponiyada ishlab chiqariladigan trubalarga almashtirish lozimligini aniqlashga erishdik.

– Tabiiyki, tarixiy obidalar har bir mamlakatning ko‘rki va faxridir. Ularni uzoq yillar saqlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirilayapti?

– Tarixiy obidalarni saqlashda dunyo bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirib kelayotganimiz ko‘pchilikka ayon. Tadqiqot uchun, albatta, innovatsion texnologiyalarga tayanamiz. Birinchi xalqaro tadqiqotimiz 2010 yili Gaitining Port-o-prins shahrida yuz bergan zilziladan keyin boshlandi. Ushbu tadqiqotda innovatsion lazer skanerlashtirish texnologiyasini qo‘lladik. Lazer skaner ob’ektning million yoki milliard nuqtalarini uch o‘lchamda aniqlab, ularni yig‘ib, yozib oladi. Natijada ob’ekt geometriyasi nuqtalar buliti (oblako – ShT) shaklida qayd etiladi. Shu texnologiya asosida dunyoda birinchi marta binolar va inshoatlarningjarohatlarini uch o‘lchamda o‘lchadik hamda shu murakkab o‘lchamlarni oddiy, muhandislar uchun tushunarli holatga aylantirib berish usullarini rivojlantirdik. Shunga o‘xshash ishlar 2014 yilda AQShningNapa shahrida bo‘lgan zilziladan keyin ham davom ettirildi. Zilzila natijasida binolar va inshoatlarning jarohatlari tekshirildi va tiklash usullari tavsiya qilindi.

O‘zbekistonda lazer texnologiyasini 2013 yildan boshlab qo‘llab kelyapmiz. Birinchi tadqiqotimiz Samarqandning Registon maydonini lazer skaner bilan o‘lchab chiqishdan boshlandi. Undan keyin Toshkent, Buxoro va Shaxrizabzdagi tarixiy obidalarni lazer skaner bilan o‘rgandik. Yig‘ilgan nuqtalar bulitlari asosida bir necha binoning kompyuterlashtirilgan modellari yaratildi. Ushbu modellarning zilzila ta’siriga va unga bardoshligi kompyuterda tekshirildi. Shu tadqiqot natijalari bo‘yicha rekonstruksiyaga tegishli strategiya usullari rivojlantirildi [17]. Innovatsion damperlarning binolar mustahkamligini oshirishda juda yaxshi usulligi ko‘rsatildi. Bu damperlar zamonoviy texnologiyalar asosida yaratilgan. Qolaversa, ular kam joy egallaydi va obidalarning tashqi ko‘rinishiga u darajada ta’sir ko‘rsatmaydi.

Gaitidagi ko‘prik jarohati.

 

 

 

 

 

Mirzo Ulug‘bek madrasasining portali  (nuqtalar buliti). Tillakori machitining nuqtalar buliti (kesimi ko‘rsatilgan).
Lazer skaneri Kampanila Minorasini o‘lchashda (Kaliforniya Universiteti – Berkli)


–  O‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarda O‘zbekiston bilan ham aloqalar o‘rnatganingiz qayd etilgan. Zilzilabardoshlik bo‘yicha bizda rivojlanish qay darajada? Bu borada qanday yangi texnologiyalar qo‘llanilmoqda?

–  Asosiy ta’limni O‘zbekiston va Rossiyada olganman. Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir. Bizda nazariy ta’lim kuchli bo‘lgan. Lekin nazariy bilim amaliyotda qo‘llanilmasa, u bilim ishlatilmay, esdan chiqadi. Talabalik davrida yoshlar nazariyani tadqiqot orqali qanday ishlashini ko‘rsa, bu bilim butun umr xotirasida muhurlanadi.

Afsuski, yurtimizda dunyo darajasidagi eksperimental asbob-uskunalar va laboratoriyalar mavjud emas. Zilzila kuchlari juda qattiq zarb berishi bor. Bunday kuchga chidamli texnologiyalarni yaratish va tekshirish uchun maxsus binolar va asbob-uskunalar bo‘lishi lozim. Shu bois men o‘zimning bilimimni va dunyo bo‘yicha yig‘ilgan tajribamni O‘zbekistonda yangi muhandislarni tayyorlashga bag‘ishlamoqchiman. Xalqaro tadqiqot va ta’lim markazi ochilishi bo‘yicha o‘z taklifimni Kaliforniya universiteti orqali yozib,O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish Vazirligiga topshirdim. O‘ylaymanki, markaz bir-biriga yaqin bo‘lgan ko‘p muhandislarni  birlashtirib, O‘zbekistonning amaliy muammolarini yechishga xizmat qiladi. Bundan tashqari markaz qoshida zamonaviy dunyo talablariga rioya qiladigan laboratoriya ochishni ham tavsiya qilmoqdamiz. Biz yoshlarni maktab davridan muhandislik sohalariga qiziqtirib, keyinchalik talabalik paytida ular bilan ishlashni davom ettirishni e’tiborga oldik. Eng iqtidorli talaba va aspirantlarni shu markazda tadqiqotlar qilishiga jalb qilish niyatidamiz. Markazda ishlashga dunyo bo‘yicha taniqli ekspertlarni ham taklif qilishni ko‘zlab qo‘ydik.

Ko‘zlagan maqsadim, markazda bajarilgan tadqiqotlar natijasida O‘zbekistonning qurilish normativlari zamonaviy talablarga mos ravishda o‘zgartiriladi. Ikkinchidan, innovatsion monitoring usulari asosida qurilgan bino va inshoatlarning mustahkamligi kundan-kunga kuzatilib turiladi. Uchinchidan, laboratoriyaning bir qismi temir yo‘llarning muammolarini bartaraf etishga qaratilishini ham inobatga oldim. Bunda poyezdlarning tezligi va og‘irligini oshirish muammolari yechiladi. Keng qo‘lamdagi ishlar innovatsion monitoring usullari va eksperimentlar bilan amalga oshiriladi. Masalan, tez yurar poyezddan yozib olingan kuchlar laboratoriyada takrorlanishi va shu kuchlarni kamaytirish yo‘li topilishi mumkin.Shuningdek, laboratoriyada katta seysmoplatforma o‘rnatilishi tavsiya qilingan. Unda katta yoki asl masshtabda bo‘lgan binolarning zilzilabardoshligi tekshiriladi. Qo‘shimcha tarzda O‘zbekistonda chiqqan elektr uskunalarning seysmik bardoshligi tekshirilib, chet elda sotilishi uchun seysmik kvalifikatsiyadan o‘tkaziladi. Markazda yig‘ilgan ma’lumotlar yangi zamonoviy va innovatsion usullar bilan tahlil qilinadi: sun’iy intellektga tegishli usul, yangi sensorlar va yangi monitoring usullari yaratiladi.

–  Shahzod aka, kelajakdagi rejalaringiz bilan ham bo‘lishsangiz.  Hozirda qanday izlanishlar bilan bandsiz?

–  Ayni damda mazkur xalqaro markazni hayotga tadbiq etishga harakat qilmoqdaman. Yaqinda yana bir grantning g‘olibi bo‘ldim. Grantga AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi orqali mablag‘ ajratilgan. Loyihamga doir ishlar yurtimizda olib boriladi.

Bu grant buyicha chet elda orttirilgan bilim va tajribamni yosh tadqiqotchilar bilan bo‘lishish maqsadida Urgench Davlat universiteti qoshida ikki haftalik ta’lim, tadqiqot ma’ruzalari va laboratoriyaga oid darslarni berishni yo‘lga qo‘yish arafasidaman. Albatta, ma’ruzalarimga qatnashgan talaba, aspirant va domlalar zamonaviy innovatsion monitoring usullari bo‘yicha yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Ta’lim jarayonimnning yakuniy amaliy ishi qadimgi Xiva shahrida bo‘lib o‘tishini rejalashtirdim. Qadimgi inshoatlardan birini tanlab, uni lazer skaner va boshqa innovatsion monitoring usullari orqali birlashtirib o‘rganamiz.

Zilzilabardoshlik va boshqa xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha bilim va tajribaga ega xalqaro ekspertlarni ham O‘zbekistonga jalb qilishga kirishdim. Shuningdek, dunyoga mashhur Miyamoto International kompaniyasining filialini Toshkentda ochishga erishdim. Uning dunyo bo‘yicha 20 ta filiallari mavjud edi. Mana O‘zbekistondagi filiali 21-chi bo‘ldi[18].

Xursandmanki, tashabbusim tufayli 2019 yilda 750 nuxsadan ortiq ilmiy kitob va jurnallarni O‘zbekiston Milliy Kutubxonasiga yetkazildi[19]. Bu aksiyada ko‘plab vatandoshlarimiz va AQShning taniqli professorlari qatnashishdi.

Xullas, qo‘l qovushtirishga vaqt yo‘q. Rejalar va ishlar juda ham bisyor. Shuni ham alohida qayd etishim joizki, hayotda erishgan zafarlarimga oilamning yordami nihoyatda katta. Doimo meni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun eng, avvalo, turmush o‘rtog‘im hamda farzandlarimdan juda minnatdorman.

Qahramonimiz universitetdagi faoliyatidan tashqari ikkita yuqori texnologiyalar, sensorlar va zamonoviy monitoring yo‘nalishlariga oid kompaniyalarni ham boshqarmoqda. Qolaversa, San-Fransisko va KurfazaningO‘zbek Jamiyati Markazining (UCC) [20] direktorlar kengashi a’zosi ham.

Sevara Abdullayeva   suhbatlashdi.    

Qiziqqanlar uchun qo‘shimcha ma’lumotlar:

  1. https://www.berkeley.edu/news/media/releases/2009/06/19_canoe.shtml
  2. https://steelbridge.berkeley.edu/photos.html
  3. https://www.dailycal.org/2014/08/01/cal-seismic-design-shakes-competition-2nd-place-finish/
  4. https://www.usnews.com/best-graduate-schools/top-engineering-schools/university-of-california-berkeley-02021
  5. Kim, T., Whittaker A.S., Gilani A.S.J., Bertero V.V., Takhirov, S. Cover-Plate and Flange-Plate Reinforced Steel Moment-Resisting Connections. Pacific Earthquake Engineering Research Center, University of California at Berkeley, PEER 2000/7, September 2000.
  6. Shakhzod Takhirov, Frank Blalock, and Jerry Stewart. ‘Experimental Evaluation of System Level Properties of Porcelain Post Insulators Based on a Large Set of Full-Scale High-Voltage Insulators’. 7AESE, 7th International Conference on Advances in Experimental Structural Engineering, 6-8 September 2017, Pavia (Italy).
  7. Takhirov S., Fenves G., and Fujisaki E. ‘Seismic Qualification and Fragility Study of Line Break 550-kV Disconnect Switches’, Pacific Earthquake Engineering Research Center, University of California at Berkeley, PEER 2004/08, February 2005.
  8. https://www.reuters.com/article/us-samsung-elec-plant/samsung-electronics-chip-output-at-south-korea-plant-partly-halted-due-to-short-blackout-idUSKBN1Z01K3
  9. J. M. Kelly & S. M. Takhirov, “Tension buckling in multilayer elastomeric isolation bearings”, Journal of Materials and Structures, Vol. 2, No. 8, 2007, pp.1591-1606.
  10. Shakhzod Takhirov, Leon Kempner, Michael Riley, Eric Fujisaki, and Brian Low (2019). NEW IEEE693 SEISMIC QUALIFICATION PROCEDURE OF SEISMICALLY PROTECTED HIGH-VOLTAGE SUBSTATION EQUIPMENT BY TESTING AND ANALYSIS IN A DETAILED CASE STUDY. Transactions, SMiRT-25 Charlotte, NC, USA, August 4-9, 2019.
  11. https://en.wikipedia.org/wiki/Camp_Fire_(2018)
  12. S. Takhirov and M. Israilov (2019). Automated Monitoring of Vegetation Interference with Power Lines by Analysis of Point Clouds Combined with Cable Mechanics. Proceedings 9th International Conference on Structural Health Monitoring of Intelligent Infrastructure. August 4-7, 2019 – St. Louis, Missouri (USA).
  13. Shakhzod Takhirov, Amir Gilani and Jay Allen (2020). Evaluation of Cost-Effective Lidar Scanner for Deformation Monitoring of Buckling Restrained Brace in a Full-Scale Seismic Qualification Experiment. In the Proceedings of 8th International Conference on Advances in Experimental Structural Engineering. Christchurch, New Zealand, 3-5 February 2020.
  14. https://en.wikipedia.org/wiki/Ivanpah_Solar_Power_Facility
  15. https://www.transpower.co.nz/news/new-hvdc-pole-3-commissioned
  16. https://www.npr.org/2018/09/14/647601623/mexico-city-keeps-sinking-as-its-water-supply-wastes-away
  17. Takhirov, Shakhzod & Gilani, Amir & Quigley, Brian & Myagkova, Liliya. (2018). Assessment of Seismic Vulnerability and Retrofit Strategies of a Historic Building on the Great Silk Road Based on its Current Condition Captured by Laser Scans. International Journal of Architectural Heritage. 1-13. 10.1080/15583058.2018.1497231.
  18. https://miyamotointernational.com/miyamoto-expands-to-central-asia-uzbekistan/
  19. https://mfa.uz/ru/press/news/2019/08/20762/
  20. https://www.uzbekcommunitysf.org/