“Karantinda ochilgan isteʼdodlar” tanlovimizning navbatdagi gʼolibi, Xorazm viloyatining Xonqa tumani, 36-sonli musiqa va rassomchilikka ixtisoslashgan maktabning 6-sinf oʼquvchisi Matkarimov Аfzalbek.

Har bir yaratilgan sanʼat asari bevosita tomoshabinni uzoq oʼyga toldirishi, xayolot olamiga olib kirishi, maʼnaviy ozuqa, estetik zavq bagʼishlashi muqarrardir. Аyniqsa, kichik yosh rassomchilarning asari sizga yanada boshqacha ruhiy kayfiyat bagʼishlab, bolalikning shirin xotiralariga chorlashi aniq. Ular chizgan suratlardagi tiriklik, yashashga boʼlgan intilish, goʼzallik tasviriy sanʼat asari ixlosmandlarini oʼziga jalb etib, maftun etmay qolmaydi. Xuddi shunday? Аfzalbekning tanlovga joʼnatgan asarlari ham tahririyat xodimlarida katta taassurot qoldirdi.

– Bolaligimdan kelajakda rassom boʼlishni orzu qilardim, – deydi Аfzalbek. – Ota-onam ham rassomchilikka boʼlgan qiziqishimni doim ragʼbatlantirishgan. Karantin davri yanada koʼproq oʼz ustimda ishlashga va yangidan yangi ijodiy namunalarimni kashf qilishim uchun imkoniyat berdi. Tabiiyki, tanlagan sohamda uzoq muddat bir joyda oʼtirish holatlari kuzatiladi. Natijada tana zoʼriqishi mumkin. Shu sababli, bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida suzish sporti bilan ham shugʼullanaman. Til bilgan el biladi, deyishganidek ingliz tilini ham chuqur oʼrganishni boshlaganman.

Otam doim “yigit kishiga qirq hunar oz” deydilar. Shu sababli akam bilan birgalikda mustaqil ravishda uyda asalarichilik bilan ham shugʼullanamiz. Ularni qanday parvarishlash va koʼproq asal yetishtirish uchun nimalar qilish kerakligini oʼrgandim. Eng qizigʼi, dadam akam ikkalamizga alohida asalarilarni ajratib, ulardan olgan asallarni sotib, daromadni oʼzimizga kerakli narsalarga ishlatishimiz mumkinligini aytdilar. Ochigʼi, bu jarayon meni juda qiziqtirdi. Karantin davrida asalarilar men uchun katta ermak boʼldi. Ularning tinimsiz faoliyatini tamosha qilardim. Hatto, rasmlarimda ham aks etdim. Qolaversa, bu faoliyat meni kichik tadbirkorga ham aylantirdi. Shu bois oʼzimni layoqatimni sinash istagida “Tashabbus 2019” tanloviga qatnashdim. Natijada “eng yosh tadbirkor” nominatsiyasi boʼyicha gʼoliblikni qoʼlga kiritdim.

Kelajakda Аfzalbekning dunyoga tanilgan mohir rassom boʼlishini va yetuk tadbirkor sifatida ham oʼzini namoyon qilishini tilab qolamiz.

 

Sevara АBDULLАEVА