Ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan “Saxiya” loyihasi bizning diqqatimizni tortdi. Ushbu loyiha haqida ma’lumot olish uchun biz TATU o‘qituvchisi Zarif Qodirovni suhbatga tortdik.

– Loyihaning asosiy maqsadi imkoniyati cheklangan insonlarga dasturiy tomonlama yordam berishdir. Bir kuni internet tarmog‘i orqali bir videoni ko‘rib, juda ta’sirlandim. Ko‘zi ojiz Xayrullo ismli yigit ilm olishga tashna. U Webster universiteti magistranti, qolaversa, maktabda ingliz tili fanidan ham dars berarkan. Videolavhada Xayrullo oliygohga kirish imtihonlariga tayyorlanishda imkoniyati cheklangan insonlar uchun zarur adabiyot va ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidlagan. Masalan, ko‘zi ojizlar uchun bironta IELTS bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Achinarlisi, bunday insonlar qo‘shimcha darslarga ham mustaqil ravishda o‘zlari borolmaydi. Shundan keyin texnika fanlari doktori Majid Karimovning ilmiy rahbarligi ostida ushbu loyihaga qo‘l urildi. Loyihaning yangiligi va yutug‘i shundaki, u orqali ko‘zi ojiz insonlar ingliz tilidagi ma’lumotlarni quloqchinlari yordamida aniq-tiniq eshitishadi.

Virtual sun’iy intellekt dasturini aynan qiz bola boshqarayotgani sababli unga “Saxiya” deya nom berdik. O‘z nomidan ko‘rinib turibdiki, imkoniyati cheklanganlarga saxiylik qilish va yordam berish maqsadida shu nom o‘ylab topilgan. Keyinchalik o‘g‘il bola tomonidan boshqariladigan sun’iy intellekt dasturlarini ham ishlab chiqish rejamizda bor.

Saxiya sun’iy intellekti insonlarning gaplarini tahlil qilgan holda unga javob qaytara oladi. Tabiiyki, u bemalol ajoyib suhbatdosh bo‘lishi mumkin.

Hozirda sun’iy intellektning xavfsizlik tomonlarini kuchaytiryapmiz. Deylik, Saxiya bir kishi bilan suhbatlashgandan so‘ng o‘sha odam haqidagi ma’lumotlarni eslab qoladi. Biroq u bu ma’lumotlarni boshqa insonga aytmasligi uchun maxsus dasturlangan. Agar suhbatdosh u odam haqida kerakli dalillarni Saxiyaga aytsagina (tug‘ilgan yili yoki yaxshi ko‘rgan taomi va hokazo) to‘liq ma’lumot olishi mumkin.

Loyihani yaratishda juda ham ko‘p qiyinchiliklarga duch keldik. Ovoz yozish, lug‘at ajratish va tasvirga olish ishlari, shuningdek, dastur algoritmi tomondan qator muammolarga duch keldik. Shunday bo‘lsa-da, ustozlarimiz yordamida maqsadimizga erishdik.

Dasturning ishlash tartibi juda oddiy. Telefoningizga “Iltimos, Saxiya ishga tushsin”, desangiz, u darhol “Assalomu alaykum, mendan nima xizmat?” deb javob qaytaradi. Dasturda, shuningdek, belgilangan kitobni qidirish tizimi ham mavjud. Mazkur tizim istagan kitobingizni topib, hattoki uni o‘qib beradi.

Jamoamiz bilan yana bitta robot ustida bosh qotiryapmiz. U kar va soqov insonlarga maxsus “qo‘l” ko‘rinishida gapiradi. Qo‘l harakatlari orqali imoniyati cheklangan insonlarga hamroh bo‘ladi. Maqsadimiz, nogiron insonlarning ham jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga ko‘maklashishdir.