
SARATONNI DAVOLASHNING YANGICHA USULI
Hozirgi kunda aksariyat davlatlarda koʻkrak bezi saratoni nishon terapiya yordamida davolanilmoqda. Mazkur terapiya bemor umrining sezilarli darajada uzayishi, ayrim hollarda oʻsimtaning butkul oʻsishdan toʻxtashiga olib kelishi kuzatilmoqda.
Yurtimizda ham 2021–2023-yillarga moʻljallangan “Saraton kasalliklarida HER2 onkomarkerini TUMOR ON TARGET usuli bilan diagnostika qilish” nomli startap-loyiha uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 907,424 mln. soʻm mablag‘ ajratilgan boʻlib, hozirgi kunda Namangan viloyati Chust innovatsion hududida “TUMOR ON TARGET” MCHJ diagnostik klinika o‘z faoliyatini boshlash arafasida. Loyiha muallifi Shohista Rustamova bilan bog‘lanib, mazkur loyihaning ahamiyati va afzalliklari haqida maʼlumot oldik.
Biotexnologiya – yangi hayot sari
Bugungi kunda biotexnologiya yordamida koʻplab yutuqlarga erishib kelinmoqda. Hujayra va genetik injeneriya usullaridan foydalangan holda, insonlar ehtiyojlaridan kelib chiqib, biologik organizmlarni oʻzgartirish mumkin. Masalan, mahsulot sifatini oshirish, yangi oʻsimlik navlari olish, hayvonlar turlarini oʻzgartirish, tirik organizmlarga zarur xususiyatlar berish va genetik injeneriya, sunʼiy tanlash va duragaylashdan foydalanib, yangi dori vositalari yaratish kabi faoliyat turlari biotexnologiya orqali amalga oshiriladi.
Biotexnolog bo‘lish uchun inson nafaqat genetika, molekulyar biologiya, biokimyo, hujayra biologiyasi, balki botanika, kimyo, matematika, axborot texnologiyalari, fizika va boshqa sohalardan ham xabardor boʻlishi lozim, deb oʻylayman. Umuman olganda, biotexnologlar tabiiy va aniq fanlar sohasidagi muhandislardir.
Respublika miqyosida beotexnologiyani rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlardan biri sifatida o‘z loyihamni misol keltirishim mumkin. Xususan, 2020-yil Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va uning huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan C.A.T science accelerator ilmiy loyihalar uchun startap loyihalar tanlovida “TumorOnTarget – saraton kasalliklarini davolashda nishon terapiyani qoʻllash uchun diagnostika usuli” nomli loyiha bilan ishtirok etib, 1-oʻrinni egalladim va loyiham moliyalashtirildi.
Bugungi kunda “Saraton kasalliklarida HER2 onkomarkerini TUMOR ON TARGET usuli bilan diagnostika qilish” nomli startap-loyiha asosida yangi klinika faoliyatini yoʻlga qoʻyish arafasidamiz.
Klinika qanday maqsadlarga xizmat qiladi?
Mazkur klinikada saraton bilan ogʻrigan bemorlar orasidan nishon terapiyani qoʻllash mumkin boʻlgan bemorlar guruhini ajratib olish uchun PZR asosida amalga oshiriladigan HER2 statusini aniqlash usulini amaliyotga joriy etish rejalalashtirilgan. Hozirgi kunda respublikamizda saraton kasalligiga chalingan bemorlarni davolashda kimyoterapiya usulidan foydalanilayotgan bir paytda, nishon terapiya yordamida davolashni sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy qilish boʻyicha qilinayotgan ishlar oʻz dolzarbligi bilan ajralib turadi.
Bugungi kunda mazkur onkomarker faqatgina Respublika onkologiya markazida immunogistokimyo usuli yordamida aniqlanadi. Bu esa butun respublikadagi nishon terapiyani qoʻllash mumkin boʻlgan bemorlar guruhini ajratib olish uchun yetarli emas. Shuningdek, narxi ham ancha qimmat.
Ushbu muammoni hal qilish maqsadida PZR asosida onkomarkerni aniqlash usulini sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy qilish katta qadamdir. Bu usulning analogi immunogistokimyoga nisbatan ikki barobar tez va arzon amalga oshiriladi. Shuningdek, PZR uskunasi respublikamizning barcha viloyatlari klinikalarida mavjud. Shu tufayli uni yurtimiz miqyosida keng yoʻlga qoʻyish imkoniyatining borligi amaliyotning asosiy afzalliklaridan hisoblanadi.
Biotexnologiya keng imkoniyatlarga ega. Minimal invaziv diagnostika usullarini ishlab chiqish orqali bir tomchi qon yordamida bemor ahvolini tezda aniqlash mumkin. Deylik, uning onkologik kasalligi qaysi darajasida ekanini belgilab berishda ushbu usul muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Maqsadimiz — bemor ayollar umrini uzaytirish
Hozirgi kunga qadar loyihaning dastlabki bosqichlarida saraton kasalliklarida HER2 onkomarkerini diagnostika qilish uchun PZR asosida aniqlash TUMOR ON TARGET usuli ishlab chiqildi. Klinik laboratoriya binosi taʼmirlanib, loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, xomashyo va reaktivlar sotib olindi. Shuningdek, inventar, texnika va jihozlar xarid qilib oʻrnatildi.
Ahamiyatli jihati, klinika ishga tushirilgach, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilib, aholi bandligi ham taʼminlanadi. Muhimi, nishon terapiya amaliyoti orqali oʻzbek ayollari umrini uzaytirishga xizmat qilishni oʻz oldimizga maqsad qilganmiz.
Sevara ABDULLAYEVA tayyorladi.