“InnoWeek.Uz-2022” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida tashkil etilgan koʻrgazmada koʻplab innovatsion mahsulotlar oʻrin olgan. Shulardan suvsiz ham oʻsimlikni oʻstirish usuli koʻpchilikni eʼtiborini tortdi.
– Orolboʻyining shoʻrlangan hududida yashil qoplam hosil qilish maqsadida Toshkent kimyo-texnologiya instituti olimlari tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, – deydi institut talabasi Maʼmurjon Jumanazarov.
– Orol dengizining shoʻrlangan tuprogʻida oʻsimliklar oʻstirish paytida biologik modda bilan tuproq aralashmasidan yangi mikroflora hosil qilish orqali tuproq unumdorligini oshirish mumkin. Bu degani, suvsiz muhitda ham suvni oʻrnini bosuvchi gidrogel vazifasini oʻtovchi mahsulot kabi. Mana shu biologik faol modda yordamida choʻlda ham oʻsimliklar oʻstirish imkoni bor.
Koʻrgazmaga Orol boʻyidan olingan tuproqda oʻstirilgan oʻsimliklarni namuna sifatida olib kelganmiz. Bu tuproqda qurgʻoqchilikka chidamli bir nechta oʻsimliklar ekilib, tajriba oʻtkazildi. Baʼzilarida unumdorlik yoʻq. Hattoki urugʻ ekilsa ham oʻsmaydi. Lekin biz kashf etgan biologik preparat, birinchidan, tuproq shoʻrlanishini kamaytiradi, ikkinchidan, urugʻ eksak, suv kerak boʻlmaydi, oʻsimlikning oʻzi oʻsaveradi.
Gidrogel bilan biologik faol moddaning farqi bor. Choʻl sharoitida gidrogel ishlatish samarasiz. Negaki Orol hududiga saksovul, juzgʻun, cherkez kabi oʻsimliklar ekildi. Ularning maʼlum qismi undi, maʼlum qismi esa yoʻq. Qaysidir maʼnoda choʻl hududida ӯsimlik oʻstirish uchun gidrogel natija bermasligini aniqladik.
Gidrogel suvni oʻziga shimib oladi. Lekin suv yoʻq joyda u oʻz vazifasini bajarishga qiynaladi. Shuni hisobga olgan holda, Toshkent kimyo-texnologiya instituti professor olimlari, talaba-yoshlari suv yoʻq boʻlgan muhitda ham oʻsimlikka gen injeneriyasi orqali taʼsir etib, suv oʻrnini bosuvchi mikrobiologik preperatdan tashkil topgan biologik preparat ishlab chiqishdi. Hozirda ushbu preparatni patentlashtirish ishlari ketmoqda.
Hududda qurgʻoqchilikka chidamli dorivor oʻsimlik florasi yaratib, ulardan biofaol birikma ajratib olish bilan farmatsevtikadagi birmuncha qimmat bӯlgan preperatlarni arzon va sifatli ishlab chiqarish mumkin.