So‘nggi vaqtlarda ayrimlarning kundalik odati internetdagi izlash tizimidan bitkoinning narxi qandayligi-yu narx qaysi tomonga o‘zgarayotganini kuzatishdan boshlanadigan bo‘lib qoldi. Bu boradagi so‘nggi yangiliklar esa kishilarni yanada hayratga solish barobarida ularning mazkur masalaga bo‘lgan qiziqishini yanayam kuchaytirdi.

O‘zi shundayiga ham mutaxassislar mazkur kriptovalyuta to‘g‘risida turli mulohazalar, turfa taxminlaru bashoratlarni bildirib kelayotgandi. Kimlardir uni «kelajak valyutasi», deb atasa, kimdir «u moliyaviy ko‘pik, bir kun kelib, albatta, yoriladi», degan farazni ilgari surar, ba’zilar uni moliyaviy ehromga qiyoslasa, ayrim iqtisodchilar bu fikrni keskin rad qilishar va isboti uchun o‘z dalillarini o‘rtaga tashlashardi. Chindan ham bitkoin borasidagi bu kabi turli-tuman mulohazalar unga bo‘lgan qiziqishni tobora oshirib bormoqda.

Aslida, bitkoin o‘zi nima? U nima maqsadda kashf etildi? Mazkur valyuta kimningdir manfaatiga xizmat qiladimi yoki iqtisod sohasi taraqqiyotigami? Uning bu qadar ommalashishi iqtisodga foydalimi yoki zararli?

Birgina bitkoin borasida o‘zining aniq javobini kutayotgan shuncha savolning mavjudligi uning ijobiy hodisa ekanligiga shubha bilan qarashga asos bo‘lishi tabiiy.

Bitkoin (bitcoin, btc, btk, bitkoyn) – Internet tarmog‘ida yaratilgan va aynan shu yerda ishlatiladigan markazlashtirilmagan raqamli valyutaning yangi avlodi sanaladi. Uni hyech kim nazorat qilmaydi, emissiyasi, ya’ni chiqarilishi esa dunyoning turli nuqtalaridagi millionlab kompyuterda matematik algoritmlarni hisoblash dasturining qo‘llanilishi vositasida amalga oshadi. Bitkoinga internetdan istalgan narsani sotib olish mumkin, shuningdek, xuddi pul birliklari (dollar, yevro, rubl va hokazolar) kabi birjalarda olib-sotilmoqda ham. Uning eng asosiy jihati esa markazlashtirilmaganligi, ya’ni birorta bank yoki muassasa uni nazorat qilmasligidadir. Uning aynan shu jihati ayrimlarni boshi berk ko‘chaga kiritib, ularda bir qator savollar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda: «Qanday qilib hyech bir bank bu valyutani nazorat qilmaydi? Unda bugun mavjud bo‘lgan mazkur valyuta ertaga g‘oyib bo‘lib qolmasligiga kimdir kafolat beradimi?»

Bitkoinning yuzaga kelishini davr taqozosi sifatida baholayotganlarning asosiy qismi uning quyidagi afzalliklarini ko‘rsatadi.

Markazlashtirilmaganlik. Tarmoqda markaziy nazorat organining mavjud emasligi. Tarmoq barcha ishtirokchilar ichida taqsimlangan, bitkoin ishlab chiqarayotgan (uzr, ishlab topayotgan deya qo‘llashga istihola qildik) har bir kompyuter mazkur tarmoqning ishtirokchisi sanaladi. Bu esa bitkoin egalariga hyech bir markaziy organ, biror-bir buyruq bera olmaydi, deganidir. Bordi-yu, tarmoqning muayyan bir qismi offlayn rejimiga o‘tsa ham, to‘lov tizimi barqaror ishlayveradi.

Foydalanishdagi qulaylik. Banklarda hisob-raqam ochish yoki ularda xalqaro o‘tkazmalarni amalga oshirish uchun o‘ziga xos talablar mavjud. Bitkoin borasida esa bu muammo emas, bitkoin-hamyon ochish uchun 5 daqiqa vaqt yetarli bo‘lib, darhol undan foydalana olish mumkin.

Maxfiylik va oshkoralik. U bir vaqtning o‘zida ham maxfiylik, ham oshkoralik xususiyatiga ega. Siz ism, manzil yoki boshqa biror ma’lumotga bog‘lamagan holda istaganingizcha bitkoin manzillarini tashkil qilishingiz mumkin, biroq bitkoin manzil tranzaksiyalarning barcha tarixini saqlaydi va u bloklarning ketma-ketlik zanjiri yoki blokcheyn deb ataladi. Bloklar zanjiri barcha operatsiyalarni yodda saqlaydi. Shuning uchun agar sizda ochiq ishlatilayotgan bitkoin manzili bo‘lsa, istalgan shaxs hisobingizda necha bitkoin borligini ko‘rishi mumkin, lekin siz o‘z manzilingizni oshkor qilmagan bo‘lsangiz, unda hyech kim u sizga tegishli ekanligini bilmaydi. To‘liq maxfiylik uchun, odatda, bitta tranzaksiya uchun bir bitkoin manzili ishlatiladi.

Komissiya xarajati juda kam. Bank xalqaro o‘tkazmalar uchun muayyan summani chegirib qolishi mumkin, bitkoinda esa unday emas.

O‘tkazmaning tezkorligi. Siz istagan insoningizga, istalgan davlatga bitkoin o‘tkazdingiz, deylik, tarmoq to‘lovni tasdiqlagach, bir necha daqiqa ichida u «o‘z manzili»ga yetib boradi.

«Tug‘ilish»dan «yuksalish»gacha

2008-yil oktabr oyining oxirlarida gmane.comp.encryption.general resursi obunachilarining elektron pochtasiga Satoshi Nakamoto ismli jo‘natuvchidan xabar kelib tushadi. Xabarda «bitkoin» deya nomlangan kriptovalyutaning mohiyati va xususiyatlari yoritilgandi. Shuningdek, mazkur yangi virtual pul birligi firibgarlik operatsiyalaridan ishonchli tarzda himoyalanganligi, hyech qanday tashkilot yoki bankka bo‘ysunmasligi hamda undan anonim tarzda foydalanish imkoniyatini berishi tushuntirilgandi. Mazkur kriptovalyuta to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish uchun manzil ham ko‘rsatilgandi.

Ammo bitkion tarixi, to‘g‘rirog‘i, uning yaratilishi uchun zamin ancha avvalroq ma’lum bo‘lgan edi. Bikoin paydo bo‘lishidan taxminan 10 yil avval nazorat qilinmaydigan kriptovalyutani yaratishning afzalliklarini Nil Taun Stivenson o‘z romanida qalamga olib o‘tgandi. Tadqiqotchi Nik Szabo esa 2005 yilga qadar Bitgold elektron pul tizimi yaratish ustida ishlagandi. Nik virtual valyutaga inflyasiya xavfi soya solmasligi hamda uni qalbakilashtirish va o‘g‘irlash imkonsiz bo‘lishini ta’kidlardi.

2009-yilda bitkoin valyutasi paydo bo‘ladi, shu yilning yanvar oyida bitcoin ilovasi ilk bora ishga tushiriladi. Dastlabki pullar ham mazkur tizimda Satoshi Nakamoto tomonidan «ishlab topildi». Bir necha kun o‘tgach, kriptovalyutani bir foydalanuvchining hisobidan ikkinchisinikiga o‘tkazish bo‘yicha birinchi operatsiya amalga oshirildi.

Tabiiyki, bitkoinning dastlabki qiymati qandayligi va uni qay tarzda «ishlab topish» mumkinligi ko‘pchilikni qiziqtiradi. 2009-yil davomida mazkur virtual valyuta narxi goh pastlab, goh yuqorilab, o‘rta hisobda bir AQSh dollariga nisbatan 700-1600 bitkoin tangasini tashkil etdi. Bu bitta bitkoin tangasi 0,0014-0,0006 AQSh dollariga teng bo‘ldi, demakdir. Narxlar o‘zgarishi borasidagi ma’lumotlar esa New Liberty Standard resursida e’lon qilib borildi (bu resurs ayni kunlarda ishlamaydi). Uni «ishlab chiqarish»ni esa kompyuter foydalanuvchilarining o‘zlari amalga oshirardilar. Narxlarni belgilash sxemasi juda oddiy edi – asos sifatida kompyuter protsessorining o‘rtacha quvvati olinar, mazkur birlik AQShdagi elektroenergiya narxiga ko‘paytirilar va natija sayt yaratuvchisi tomonidan «ishlab topilgan» bitkoin miqdoriga bo‘linardi.

Bitkoin vositasida birinchi marta amalga oshirilgan xarid sifatida esa barcha manbalarda 2010-yil 22-may sanasi qayd etiladi. Aslida, shu kuni chexiyalik Lazlo Xanesh o‘z dasturchi o‘rtog‘i hisobiga 10 000 bitkoin o‘tkazib bergan. Dasturchi esa, o‘z navbatida, Papa John’s restoranidan haqiqiy pul evaziga Lazlo Xanesh uchun ikkita pitssa buyurtma qilgan. O‘sha vaqtda bir bitkoin 0,003 AQSh dollariga teng bo‘lgan hamda ikkita pitssaning jami qiymati ham 30 dollarni tashkil etgan.

Endi mazkur ma’lumotning foydalanuvchilarga qay tarzda taqdim etilayotganiga e’tiboringizni qaratamiz: pitssani buyurtma qilgan odam boshqa bo‘lsa-da, pitssa aynan bitkoinga sotib olinmagan bo‘lsa-da, sana «bitkoin evaziga qilingan birinchi xarid» sifatida tarixga kiryapti, shuning barobarida barcha bitkoin egalari har yili 22-mayni «Bitkoin pitssa kuni» (Bitcoin Pizza Day) sifatida nishonlashni boshlashyapti.

Shunisi e’tiborliki, mazkur kriptovalyuta to‘g‘risida tarqatilgan ilk xabarlar va bildirilgan munosabatlarda oddiy valyutalardan farqli ravishda uning biror moddiy boylik bilan mustahkamlanmaganligi hamda biror bank yoki emissiya fondi bitkoin kursini belgilamasligi qayd etilgandi.

Gap shundaki, bitkoinni yoqlab fikr bildirayotgan mutaxassislar uni o‘ylab topgan shaxs kriptovalyutani tilla yoki aksiya bilan mustahkamlashni nazarda tutmaganini ta’kidlashardi. Ularning fikricha, mazkur to‘lov tizimi butkul o‘zgacha xususiyatlarga ega bo‘lib, narxi to‘laligicha unga bo‘lgan talab va taklif asosida shakllanadi. Uning narxi doimiy ravishda ko‘tarilish tendensiyasiga ega bo‘lishi ham ta’kidlanib, bu jarayon har bir yangi kritpovalyutani «ishlab chiqarish»ga sarflanadigan xarajatning borgan sari ortib borishi bilan izohlashardi.

 

Jilov solishmi yoki kishan urish?

Ayni vaqtda bir qator mamlakatlar bitkoinni to‘lov vositasi sifatida tan olib, mazkur valyuta muomalasini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarni qabul qildilar. Yaponiya, Janubiy Koreya, Belgiya, Finlyandiya, Germaniya, Kanada, AQSh, Buyuk Britaniya, Chexiya, Shveytsariya mamlakatlari shular jumlasidandir.

Ta’kidlash joizi, mazkur mamlakatlarning barchasida ham bitkoin to‘laqonli to‘lov vositasi sifatida tan olinmagan, ayrimlarida mazkur kriptovalyutani mahsulot yoki investitsiya aktivi sifatida qo‘llashgagina ruxsat etilgan hamda soliqqa tortish uchun ular bilan amalga oshiriluvchi operatsiyalar tegishli qonunchilikka bo‘ysundirilgan.

Ayrim mamlakatlarda (masalan, Avstraliya) bitkoin masalasida hali yagona to‘xtamga kelinmagan bo‘lsa, ba’zilari allaqachon raqamli valyutaga qarshi qaror qabul qilib bo‘lganlar.

Mazkur mamlakatlarda bitkoin muomalasining taqiqlanishiga uning tarafdori bo‘lgan mutaxassislar turli sabablarni keltiradi. Sabablar orasida tizim ishini tushunmaslik yoki undan qo‘rquv hissidan tortib valyuta proteksionizmi (biror davlatning o‘z milliy iqtisodiyotini chet el raqobatidan himoya qilishga qaratilgan iqtisodiy siyosati) va o‘z virtual valyutasini yaratishni ko‘zlashgacha bor.

So‘ngso‘z o‘rnida

Bizningcha, har qanday ixtiro insoniyatga qanchalik naf keltirishi aniq bo‘lgani bilan qadrli. Mohiyatan moliyaviy ehromga, chayqovchilikka asoslangan, boshdan-oyoq sirlarga yo‘g‘rilgan, yakuni nima bilan tugashi noayon bitkoin kriptovalyutasining istiqboli ham, aslida, mavhum. Ko‘plab mutaxassislar tomonidan kelajak valyutasi sifatida talqin etilayotgan mazkur «raqamlar yig‘indisi»ning insoniyat kelajagiga ijobiy ta’siri nimada ekanligini biz oddiy jurnalist sifatida, ehtimol, anglay olmagandirmiz. Biroq shuncha ma’lumotlar ichida birorta mutaxassisning bu boradagi aniq bir fikrini uchratmaganimiz negadir bizga erish tuyulmoqda. Shuning uchun so‘ngso‘z yakunida xalqimizning bir maqolini keltirishni lozim topdik: «Har bir yaltiroq narsa ham oltin bo‘lavermaydi».

Ma’ruf TOSHPO‘LATOV