“Iks-nurlari barchaga, butun insoniyatga tegishli… Iks-nurlari bilan bog‘liq faoliyat mendan boshlanmadi va menda to‘xtab qolmaydi. Men boshlagan ish yirik zanjirning bir bo‘g‘ini, xolos…”

Vilgelm Konrad Rentgen

Bilasizmi, aksariyat buyuk zotlarning qismati ham xuddi bir mo‘jiza kabi insoniyat tafakkurini lol qoldiradi. Bu insonlar osmondagi yulduz kabi bir porlaydi-yu, darhol so‘nadi, ammo ular tarqatgan yorug‘lik asrlarga tatigulikdir.

Vilgelm Konrad Rentgen ham shunday daho insonlardan edi. Uning ismi buyuk ixtirosi – rentgen nurlari bilan umrbod chambarchas bog‘langan bo‘lib, ularsiz zamonaviy ilm-fan va tamaddunni tasavvur etish mushkul.

Buyuk olim haqida biroz bo‘lsa-da, tasavvur hosil qilishingiz uchun uning hayoti va mehnat faoliyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

 

Hayoti va mehnat faoliyati

Yirik nemis fizik-tadqiqotchisi, iks-nurlari (rentgen)ni ixtiro qilgan buyuk olim, fizika yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotining birinchi sovrindori Vilgelm Konrad Rentgen 1845 yil 27 martda Germaniyaning Lennep shahrida tavallud topgan.

1868 yilda Vilgelm Syurixdagi Politexnika o‘quv yurtida muhandislik bo‘yicha o‘qiy boshlaydi. Biroq uni fizika sohasi ko‘proq qiziqtirgani uchun ko‘p o‘tmay o‘qishini Fizika oliygohiga ko‘chiradi. Bu yerda u o‘z sohasining yetuk bilimdonlaridan dars oladi, katta tajriba to‘playdi. Bitiruv ishini yoqlagandan so‘ng avval Syurixda, keyinchalik Gissendagi Fizika instituti kafedrasida assistent bo‘lib ishlay boshlaydi. 1871–1873 yillarda Vyursburg, bir yildan so‘ng esa Strasburg universitetida faoliyat yuritadi. Strasburgda u professorlik unvoni hamda Gissen instituti direktori lavozimiga o‘tguncha ishlaydi.

Vilgelm 1988 yildan to 1900 yilgacha Vyursburg universitetida professor sifatida talabalarga dars beradi. 1894 yilda ushbu oliygohga rektor etib tayinlanadi. Olimning so‘nggi mehnat faoliyati Myunxen universiteti bilan bog‘liq. Bu buyuk iqtidor sohibi butun umrini ilm-fanga bag‘ishlab, hayotining oxirigacha faol ish yuritadi.

 

Dunyoni lol qilgan kashfiyot

1896 yilning boshida dunyoning barcha universitet va akademiyalariga sensatsion yangilik tarqaladi: ko‘pchilik tanimaydigan bir nemis professori qandaydir noyob xususiyatlarga ega bo‘lgan nurlar ixtiro qilgan emish. Inson ko‘zi ularni ilg‘amasmish, lekin bu nurlar fotoplenkaga ta’sir etib, ular yordamida hattoki qorong‘ida rasmga olish mumkin ekan. Bundan tashqari, bu nurlarning mavjudligini yana bir ajoyib yo‘l bilan bilsa bo‘lar ekan: maxsus kimyoviy birikmadan tayyorlangan suyuqlikni qog‘ozli yoki shishali ekranga surtib, nurlar qarshisiga qo‘yilsa, ekran yorqin rangda “yonadi”, ya’ni fosforessirlaydi.

Eng qiziqarlisi, yangi ixtiro qilingan nurlar har qanday buyumdan erkin tarzda xuddi yorug‘lik oynadan o‘tgandek tarqalar ekan. Nurlar mahkam yopilgan eshiklar, turli to‘siqlar, hattoki inson tanasi va kiyimidan ham o‘tish xususiyatiga ega emish! Agar inson nurlar qarshisiga qo‘lini qo‘ysa, yorug‘lik tushayotgan ekranda suyaklarning qora tusli konturlari – barmoqlarini qimirlatayotgan qo‘l skeleti ko‘rinadi!

Kostyum-shim kiygan erkaklar ekranda qovurg‘alari, umurtaqa pog‘onasi, skelet soyasi, shuningdek, nimcha cho‘ntagidagi soat va hamyonidagi tangalarni ko‘rib, taajjubga tushardilar.

Yangi ixtiro tez orada ba’zi uddaburon insonlar tomonidan amaliyotga joriy qilinadi. Masalan, Amerikada Rentgen nurlari kashf etilgani haqidagi xabar tarqalgandan so‘ng to‘rt kun o‘tar-o‘tmas bir shifokor ularni bemor tanasida o‘q qolib ketmaganligini aniqlash maqsadida qo‘llaydi.

 

Rentgen nurlarining ixtiro etilishi 

1895 yil 8 noyabrda kech tushgan mahal Vilgelm Konrad Rentgen odatdagidek o‘z laboratoriyasida katod nurlarini o‘rganish bilan band edi. Ilmiy ishiga berilib ketganidan qorong‘i tushib, yarim tun bo‘lganini ham bilmay qoladi. Bu paytga kelib u ancha toliqqandi. Shu sabab ishini to‘xtatishga majbur bo‘lib, ketishga shaylanadi. Laboratoriyaga zimdan ko‘z yugurtirib, chiroqni o‘chirib chiqib ketmoqchi bo‘lib turganida, ko‘zi bir g‘aroyib narsani ilg‘aydi. Qorong‘i xonada qandaydir dog‘ga o‘xshash bir narsa yaltirab turardi. Yaqinroq borib qarasa, bu bariydan qilingan ekrandan yorug‘lik tarqalayotgan ekan. Bu qanday qilib yuz berishi mumkin? Aql bovar qilmaydi! Axir quyosh allaqachon botgan bo‘lsa, elektr energiyasi o‘zidan yorug‘lik tarqatmaydi-ku?! Yoki hamma gap katod trubkasidamikan? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas! Katod trubkasi o‘chirilgan, boz ustiga unga qalin choyshab yopilgan – yorug‘lik undan o‘tolmaydi. Rentgen yaqinroq kelib qarasa, adashgan ekan: katod trubkasini o‘chirishni unutibdi. Ammo qanday qilib yorug‘lik qalin kartonli jilddan o‘tishi mumkin? Tushunib bo‘lmaydigan hodisa… Vilgelm rubilnik (kuchli elektr toklarini ulash va uzish uchun xizmatqiladigan moslama)ni paypaslab, katod trubkasini o‘chirdi va yorug‘lik g‘oyib bo‘ldi. Qaytadan yoqishi bilan yana paydo bo‘ldi…

Shunday qilib, shu kecha olamshumul ixtiro dunyoga keldi.

 

Ellik tunu kun davom etgan tadqiqot

Vilgelm bu tasodifiy kashfiyotga biroz hayratlanib qarab turdi-da, yangi nurlarni o‘rganishga kirishdi. Tadqiqot davomida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bu tushunarsiz nurlar uchun 1,5-2 metr oraliq hyech gap emas ekan – ular bemalol bu masofada joylashgan kitob, shisha, staniol orasidan o‘tish xususiyatiga ega ekan. Vilgelm o‘z qo‘lini nurlar qarshisiga qo‘yganda, aqldan ozayozdi: u ekranda o‘z qo‘lining suyaklarini ko‘rdi! Bu haqiqatdan g‘ayrioddiy va ajoyib holat edi! Biroz o‘ziga kelgandan so‘ng u fotoplastinkalar joylashgan javonga yaqinlashdi: niyati – barcha ko‘rganlarini fotoplenkaga tushirish edi…

Tungi tadqiqot shu tariqa davom etardi. Holdan tolgan olim ertalab biroz dam olish maqsadida uyiga yo‘l oladi. Keyinroq esa bu g‘aroyib mo‘jiza ustida izlanishlarini davom ettiradi. U bu ixtironi iks-nurlari deb ataydi.

Bu kashfiyot Vilgelmning ongu shuurini shu darajada band qiladiki, u hattoki oilasi, sog‘lig‘i, ishi, talaba va o‘quvchilarini ham esdan chiqaradi. Ellik kun davomida, hattoki kechalari mijja qoqmay, olamshumul tadqiqot ustida ish olib boradi. Ushbu nurlarni chuqur o‘rganmaguncha buni atrofdagilardan sir tutadi. Va nihoyat, kashfiyoti haqida birinchi bo‘lib turmush o‘rtog‘i Bertaga aytishga qaror qiladi. Aynan uning uzuk taqqan qo‘l suyaklarining rasmi Rentgenning “Yangi nur turlari” nomli maqolasida ilova qilib keltiriladi. Bu maqolani u 1895 yil 28 dekabrda universitetning Fizik-tibbiyot jamiyatiga taqdim qiladi.

Maqola tez orada alohida risola ko‘rinishida chop etiladi va Vilgelm Rentgen uni yevropaning yetakchi fiziklariga jo‘natadi. U bir narsani tushunib yetdiki, bu kashfiyot, ayniqsa, tibbiyot sohasida misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni yaratishga qodir edi.

Rentgen nurlari ilgari ko‘rib bo‘lmaydigan narsalarni ko‘rish imkonini berganligi bilan o‘z zamondoshlari orasida katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi. Bu nurlar insoniyat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bilan birga bizning materiya haqidagi bilimlarimizni nihoyatda boyitdi.

 

Noyob xislatlar egasi

Iks-nurlar haqiqiy sensatsiya edi. Lekin bu mashhurlik olimning g‘ashini keltirardi. Uning tasavvurida go‘yoki hamma vaqtini o‘g‘irlab, ishidan chalg‘itayotgandek edi. Shuning uchun u yozishni to‘xtatmasa-da,  maqolalarini chop ettirmaslikka qaror qildi. Olim hayoti davomida jami 58 ta maqolasini nashrdan chiqardi. 1921 yilda 76 yoshida uning kristallarning elektr o‘tkazuvchanligi haqidagi maqolasi chop etildi. Bu ixtirosi uchun Vilgelm Konrad Rentgen fizika yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Bu yuksak sovrin unga “ajoyib nurlarni kashf etganligi va ilm-fan oldidagi muhim xizmatlari uchun” berildi.

Rentgen hyech qachon o‘z ixtirosiga patent olish yoki moliyaviy mukofot haqida o‘ylamagan. Shunga qaramay, bu kashfiyoti uchun bir qator medal va mukofotlar bilan taqdirlandi, shu jumladan, London Qirolligi jamiyatining Rumford medali, Kolumbiya universitetining Bernard medaliga fan oldidagi xizmatlari uchun loyiq deb topildi.

Tabiatan kamtarin va noyob xislatlar egasi bo‘lgan bu inson hyech qachon o‘zining hayotiy prinsiplariga qarshi bormagan. 1914 yilda urush paytida boshqalardan yaxshi yashashga ma’naviy haqi yo‘q deb bilgani uchun o‘zining barcha mablag‘lari, shu jumladan, Nobel mukofotini ham davlat ixtiyoriga topshiradi. Umrining oxirgi yillarida u moliyaviy tarafdan qiynaladi va o‘ziga hattoki kerakli narsalarni ham sotib olishga imkoni bo‘lmaydi.

Buyuk olim eng yaxshi tadqiqotchi sifatida nom qozondi. Uning ixtirosidan keyin unga yuksak mukofotlar taklif etishadi, biroq u hammasini rad etadi. Hattoki butun dunyo uning ixtirosini “rentgen nurlari” deb atasa-da, u “X-nurlari” deb nomlaydi.

Vilgelm Konrad Rentgen 1923-yil 10-fevralda 78 yoshida o‘zi ixtiro qilgan “X-nurlari” keltirib chiqargan saraton (rak) kasalligidan vafot etadi.

 

Hilola SALOYEVA tayyorladi.