Ayrimlar 50 yoshdan keyin haqiqiy hayot boshlanadi, deyishadi. Go‘yoki bunday so‘zlar ushalmas orzuga o‘xshab tuyuladi. Lekin 52 yoshida oddiy qog‘oz stakan sotib, keyinchalik katta mashhurlikka erishgan va dovrug‘i butun dunyoga ketgan «McDonald’s» kompaniyasi asoschisi Rey Krokning hayoti bunga misol bo‘la oladi.
Bugungi kunda ushbu Amerika korporatsiyasi butun dunyo bo‘ylab restoranlar, katta hajmdagi pul aylanmasi va ulkan shon-shuhratga ega. Shifokorlar tomonidan «Tez tayyor bo‘ladigan fast-fud yeguliklari salomatlik uchun zarar va semirishga olib keladi», deya bot-bot takrorlansa-da, McDonald’s restoranlari gamburger, fri kartoshkasi va boshqa mazali taomlari bilan tashrif buyuruvchilar bilan doimo tirband.
Ochig‘i, tez tayyor bo‘ladigan yeguliklar butun dunyo bo‘ylab sevib iste’mol qilinadigan taomlar ro‘yxatidan allaqachon joy olib ulgurgan. Yurtimizda ham shunday turdagi taomlar tayyorlaydigan ko‘ngilochar joylarni ko‘plab uchratish mumkin. Faqat ular turli brendlar nomi ostida sotiladi. Bularning barchasiga «McDonald’s» korporatsiyasi ulkan zamin yaratgan, deb bemalol aytish mumkin.

Qizig‘i shundaki, brendlar tarixi sahifamizda sizga tanishtirayotgan qahramonlarimiz orasida Rey Krokning hayoti boshqalaridan mutlaqo farq qiladi. Negaki tez tayyor bo‘ladigan ovqatlarni Rey Krok o‘ylab topmagan, hatto u birinchi «Masdonald’s» asoschisi ham emas. Biroq Rey Krok omadga erishish uchun o‘zida qat’iyatlilik va tashabbuskorlikni shakllantirdi. Natijada dunyodagi eng ulkan biznes asoschisiga aylandi.
🤔McDonald’sga kim asos solgan?
Kunlardan bir kuni aka-uka Dik va Mak Makdonaldlar birgalikda biznes qilishga qaror qilishadi. Ular o‘ylab-o‘ylab ovqatlanish shoxobchasini tashkil etish fikrida to‘xtalishadi.
Shunday qilib, 40-yillarning oxirida ishbilarmon aka-ukalar AQShning Kaliforniya shtatida kichik bir restoran ochishadi. Dastlab ularning ishi yaxshi yurishadi. Bu biznes orqasidan aka-ukalar yiliga ikki yuz ming dollar daromad olishadi. Restoran “Mashhur makdonald barbekyu”lari nomi bilan tanilgan bo‘lib, ovqatlanish menyusidan 40 ga yaqin turli xil barbekyuda tayyorlangan taomlar o‘rin olgandi. Biroq ko‘p o‘tmay ularga yaqin joylarda ochilgan va boshqa restoranlar ularning mijozlari soni kamayishiga sabab bo‘ladi.
Aka-uka Makdonalslar restoranning olamshumul rivojiga u qadar katta hissa qo‘shmagan bo‘lsalar-da, tan olish kerakki, aynan ular tez tayyor bo‘ladigan ovqatlarning dunyoga kelishiga bosh sababchi bo‘lishgan. Makdonaldslar kuchli raqobatni yengish va g‘alaba qozonish uchun yangi g‘oya o‘ylashi kerak edi. Ular, nihoyat, barcha hisobotlarni ko‘zdan kechirib, eng ko‘p sotilgan mahsulot aynan gamburger degan qarorga kelishdi. Ko‘p izlanishlardan so‘ng aka-ukalar restoranni mutlaqo yangi formatda qayta tashkil qilishga kirishdi: “Yangi restoran shunday bo‘lsinki, taomlari tez tayyorlanadigan va arzon bo‘lsin”, degan fikrga kelishdi.
Dastlab aka-ukalar ishni oshpazlarning oshxonada qanday ishlashini kuzatishdan boshlashdi. Ularning asosiy vaqtini bir joydan ikkinchi joyga o‘tib ishlashlari olishini aniqlashdi. Shundan so‘ng ishbilarmonlar oshpazlarning imkon qadar oshxonada kamroq harakatlanishi uchun sharoit yaratishdi. Natijada taomlarning pishish tezligi sezilarli darajada oshdi. Kaliforniyada hali bunday restoranlar mavjud emas edi. Bir tasavvur qiling-a, ko‘pchilik sevib tanovul qiladigan 30 sentlik gamburgerlar narxini Mak va Dik ikki baravar arzonlashtirdi. Menyular ro‘yxatida esa 10 tagina taomnoma qoldirishdi, xolos. Ro‘yxatdan gamburger, cheyzburger, uch xil alkogolsiz ichimlik, sut, qahva, bo‘g‘irsoqlar va kartoshka fri joy olgandi. Raqobatchi restoranlar bunday narx va sifatga ega emas edi. Oradan bir hafta o‘tgach, ular Makdonaldslar restoranlari yonida tumonat odamning navbatda turishganiga guvoh bo‘lishdi. Bu qayta tashkil qilingan restoran iste’molchilarga juda ham ma’qul kelganidan dalolat edi.
Ushbu restoran haqidagi shov-shuv tez orada butun Kaliforniyaga tarqaldi. Mak va Diklar bundan juda ham baxtiyor edi. Ularni topayotgan daromadlari qondirgani uchun faoliyatlarini yanada kengaytirish va katta biznes boshlash haqida o‘ylashmasdi.
Lekin bir kuni ularning hayotida “qahramon” paydo bo‘ldi. U bir-ikki restorandan dunyo miqyosida shuhrat qozongan eng yirik restoran tarmoqlarini yaratdi. Shu yerdan sahifamizning haqiqiy qahramoni Rey Krokning tarixi boshlanadi. U “Qirol franchayzing” unvoniga munosib inson.
Franchayzing – bu savdo belgisini ijaraga berish degani. Buni shunday izohlash mumkin: agar qandaydir brend nomi bilan restoran ochishni istasangiz, masalan, makdonalds, unda siz franshiz sotib olishingiz lozim. Shu orqali siz makdonalds nomi orqali xuddi shunday ovqatlarni boshqa restoran tarmoqlarida ham sotish huquqini qo‘lga kiritasiz. Albatta, shunga ko‘ra, ma’lum foiz daromaddan kompaniyaga haq ham to‘laysiz.
Rey Krokka qaytsak…

Umuman olganda, bu insonning hayoti juda qiziqarli. Menimcha, ijtimoiy taomlanish tarixida Rey Krokchalik mashhur inson bo‘lmasa kerak. Ko‘plab taniqli biznesmenlar o‘zlarining tadbirkorlik qobiliyatini yoshlik davridayoq namoyon qilgan bo‘lsa, 50 yoshga kelib ular shaxsiy kompaniyalari va banklarda katta pul mablag‘lariga ega bo‘lishgan.
Endi tasavvur qiling, yoshingiz 52 da. Shu yoshda 17 yil davomida shtatlarlararo 1-2 ta sut mikseri (kokteyl tayyorlaydigan) va qog‘oz stakanini qahvaxona va barlarga sotish bilan shug‘ullanmoqdasiz.
Bunday yosh mutlaqo yangi ishga qo‘l urish va o‘zini rivojlantirish uchun mos davr emas. To‘g‘rimi? Qariya Krok bir dunyo boylik to‘plamadi, garchi oz bo‘lsa-da, o‘z biznesi uchun g‘amlab qo‘yishga erishdi. Butun umri davomida unda turli xil biznes g‘oyalar tug‘ildi. Lekin unga hech biri omad keltirmadi. Bundan tashqari, 52 yoshida uning sog‘lig‘ida o‘zgarishlar kuzatilgandi. Ammo bu omadsiz qariyaning keyinchalik omadli biznesmenga aylanib, butun jahon iqtisodiyotini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shgani ko‘pchilikni haligacha hayratlantiradi.
Krok qancha sohalarda o‘zini sinab ko‘rmadi deysiz. Jaz pianinochisi, ko‘chmas mulk savdogari, radiostansiya menejeri, hatto qizil xoj xizmatida haydovchi vazifasida ham ishladi. Oxir-oqibat taqdir uning hayotida muhim rol o‘ynagan mikserlar sotish tomon yetakladi.
Shunday qilib, kunlardan bir kuni Rey Krok odatdagidek 1 yoki 2 ta mikserga buyurtmalarni qabul qilayotgan edi. To‘satdan bitta restorandan 8 ta mikserga buyurtma tushadi. Rey Krok 17 yillik faoliyati davomida hali kichik restorandan birdaniga 8 ta buyurtma olmagan edi. Bu esa unda katta taassurot qoldirdi. Shu sababli shaxsan o‘zi “mo‘jizaviy restoran”ni ko‘rish uchun yo‘lga tushdi. U yerda ko‘rgan manzarasi Krokning hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi.
Yangi g‘oya sari yo‘l…

Rey kerakli manzilga yetib kelgach, uning nigohi chiroyli shishali devor ortida tinchgina taomlanayotgan odamlarga tushadi. Atrof juda toza, restoran xizmatchilarining ish kiyimlari saranjom edi. Ayniqsa, uni odamlarning restoranga tezlik bilan kirib-chiqishi hayratlantirdi. Qolaversa, stolda birorta notoza idish-tovoq ko‘zga tashlanmasdi. Ularning hammasi plastmassadan tayyorlangan edi. U juda katta hajmdagi tovar aylanmasi va ovqatlarning past narxi restoranga katta daromad keltirayotganini anglaydi. “Bu mijozlarga samarali xizmat ko‘rsatishning eng ajoyib namunasi edi”, deydi Krok.
Makdonaldslar bu ishni samarali tashkil etishdi, ammo uni katta biznesga aylantirish va jahonga tanitish haqida ortiqcha bosh qotirishmadi. Makdonaldsni katta biznesga aylantirish fikri Krokka kechasi bilan uyqu bermasdi. Aynan bu biznes uning butun umri davomida kutgan imkoniyati ekanligini tushunadi.
Krok Makdonaldslarga restoranni darhol jahon miqyosiga olib chiqish haqidagi g‘oyasi bilan chiqadi. Ularga bu biznesni franshizing orqali kengaytirish va butun dunyo bo‘ylab katta restoranlar ochish kerakligi haqida aytadi. Afsuski, aka-ukalar bunday mas’uliyatli ish bilan shug‘ullanishni istashmaydi. Shu sababli restoranni kengaytirish bilan bog‘liq barcha ishlarni Krokka topshirishadi. Albatta, u bu taklifni bajonidil qabul qiladi. Endi Rey butun umr orzu qilganiday haqiqiy katta imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan biznes bilan shug‘ullanishga kirishadi.
1955-yili u o‘zining birinchi restoranini Illinoys shtatining Des-Pleynz shahrida ishga tushiradi. Keyin esa «Makdonalds tizim Ink» franchayzin kompaniyasini tashkil etadi. 1960-yili kompaniya har bir restoranga franshizlarni sotishga kirishadi. Dastlab ishlar kutilgan darajada daromad keltirmaydi. Yil davomida faqat 18 ta franshiz sotiladi, xolos. Eng katta muammo biznesmenlar o‘zlarining pullarini tezkor ovqatlanish, ya’ni “fastfud”ga o‘xshagan tavakkal ishga tikishni istashmasdi. Sabrning tagi oltin deganlaridek, bir kuni mashhur jurnalist Senford Agate Krokdan franshiz sotib oladi va ishlarini reklamalar yordamida rivojlantirib yuboradi. Shundan keyin Makdonalds restoranining franshiz sotuvi ajoyib darajada yo‘lga qo‘yiladi. Ikki yil ichida Rey Krokning daromadi ham oshadi.
Shu topda Makdonalds kompaniyasi tarixida muhim voqea sodir bo‘ladi. Rey Krok aka-ukalardan kompaniyani 2.7 million dollarga sotishini taklif qiladi. Makdonaldslar esa restoranlaridan yetarli darajada mablag‘ to‘plashganlari bois Krok aytgan taklifga rozi bo‘lishadi.
Agar Mak va Dik Makdonaldslar bugungi kunda 120 ta mamlakatda 35 mingta savdo nuqtasi ochilganini bilishganlarida edi… ehtimol, Krokning taklifiga zinhor rozi bo‘lishmagan bo‘larmidi…
                                  McDonalds dunyoni zabt etdi
McDonalds gamburgerlari odamlar mehrini qozondi. U asta-sekin amerikaliklarning odatiy ovqatlanish turmush tarziga aylandi. Ko‘pchilikka manzur narxlar va juda ham mazali mahsulot o‘z foydasini berdi!
1963-yili har kuni Makdonalds tarmoqlarida taxminan 1 million gamburger sotilgan. Oradan ikki yil o‘tgach, milliardlab gamburgerlar sotilgani qayd etildi. Bu muhim voqea to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga ham uzatildi. Kompaniya juda tez shiddat bilan rivojlanib bordi. 1966-yilda Nyu Yorkning fond birjasiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Qizig‘i, fond birjaga hech qachon “fastfud” tarmoqlari kirishga erishmagan. Oradan to‘rt yil o‘tgach, kompaniya 16 mingdan ziyod restoranga ega bo‘ldi.
     O‘ylaymanki, bu ajoyib hikoya bizga juda ko‘p narsalarni o‘rgatishi mumkin. Bir tasavvur qiling-a, bir inson umrining yarmi davomida omadsizlikni boshdan kechirdi. Ammo 52 yoshida ham orzu qilishdan to‘xtamadi. O‘zining kuchiga ishongan holda tezkor ovqatlanish tizimining sanoatida o‘chmas iz qoldirdi.
Qahramonimiz haqida
«Makdonalds»ni butun dunyoga tanitgan qahramonimiz Rey (Reymond Albert) Krok 1902-yilning 5-oktyabr sanasida AQShning Chikago shtatida dunyoga keldi. Uning otasi Luis Krok Western Union kompaniyasida faoliyat yuritgan. Luis farzandlari Rey va uning kichik ukasi Bob hamda singlisi Lorenga yaxshi ta’lim berishni juda istaydi.
Biroq Bob va Loren Reyga qaraganda ta’lim olish va o‘qishga juda qiziqishadi. Mashhur tadbirkorning aytishicha, kitoblarni o‘qish unga zerikarli jarayonday tuyulgan. Lekin men orzu qilishni yaxshi ko‘rardim. Muhimi, o‘sha niyatim sari chuqur o‘ylab, keyin harakatni boshlardim.
«Bolaligimda yaqinlarim meni «xayolparast» deya ko‘p mazax qilishardi. Men hech qachon orzu qilish – bekorga quvvatimizni sarflash degan o‘yga bormaganman. Aynan ular qandaydir harakatni amalga oshirishimiz uchun yo‘l hisoblanadi!»
Sevara ABDULLAYEVA