
Uy koʼtarish yoki biror obʼektni qurish koʼp mablagʼ, mehnat va ishchi kuchini talab etadi. Аmmo mamlakatimizda shunday innovatsion texnologiya ishlab chiqildiki, u orqali bir necha oylab quriladigan binolar kam kuch va mablagʼ sarflangan holda ekologiyaga zarar yetkazmasdan bir necha kunda qad rostlaydi. Bu innovatsion uskuna – 3D oʼlchamli printerlardir.
Аslida 3D oʼlchamli uskunalarda turli jarayonlarni bajarish yangilik emas. Sababi, shu usulda bundan ancha yillar ilgari yelim buyumlar ishlab chiqarila boshlangan. Аmmo ushbu uskuna orqali bino qurish dunyoda barmoq bilan sanarli davlatlarda yoʼlga qoʼyilgan.
Prezidentimizning 2017 yil 5 iyundagi “Toshkent shahrining Yashnobod tumanida innovatsiya texnoparkini tashkil qilish toʼgʼrisida”gi Farmoni asosida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yashnobod texnoparkida shu kabi loyihalarga keng yoʼl berilmoqda. Shulardan biri –“Novaprint” korxonasida dunyo yuzini koʼrmoqda. 2019 yildan buyon texnopark rezidenti boʼlib faoliyat yuritayotgan, butun dunyoda oltinchi, MDH davlatlari ichida ikkinchi oʼrinda turuvchi va hozirgi kunda Oʼzbekistonda yagona boʼlgan ushbu korxonada 3D qurilish printerlari ishlab chiqariladi. Ushbu sex qoʼshimcha ravishda printer uchun maxsus qorishmalar, shuningdek, kichik meʼmoriy shakllar, bino-inshootlar hamda ularning tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uskunalarni yaratishda yuz foiz mahalliy mahsulotlardan foydalaniladigan sex bir yilda 12 tagacha printer yasay olish quvvatiga ega. Sodda qilib aytadigan boʼlsak, 3D oʼlchamli printerga sement qorishmasi solinadi. Uskuna oʼrnatilgan joʼmrak orqali shu qorishmani belgilangan shaklda quyib ketadi.
Bu jarayonda uskunani boshqaruvchi va unga qorishmani yetkazib turuvchi ikki nafar ishchi qatnashadi.
3D uyning anʼanaviy binodan afzalliklari qanday?
Uy-joy qurilishiga azaldan qadriyat darajasida qarab kelingan. Sababi, mehmondoʼst xalq uchun uyning kengligi, shinamligi juda muhim. Kimdir uy koʼtarishni boshlasa, hasharga borish, yordam berish aksariyat mahallalarda hali-hanuzgacha davom etib keladi. Аmmo buning oʼziga yarash gashti bilan birga xarajatlari ham yoʼq emas. Oylab ustalarni ikki mahal ovqatlantirish, uy tayyor boʼlishini uzoq vaqt kutish, qurilish materiallariga sarflanadigan mablagʼ va shu kabilar qurilish boshlamoqchi boʼlgan insonni biroz sergaklantiradi. Xoʼsh, hamyonbop, sifatli va tezqurib tashlaydi, deya taʼrif berilayotgan 3 oʼlchamli printer va u yordamida qurilgan binolarning afzalliklari qanday?
–3D oʼlchamli printerlari yordamida yaratilgan binoning ustun tomonlari koʼp, – deydi “Novaprint” korxonasi mutaxassisi Jahongir Juliev. – Birinchisi, 5-6 odam emas, atigi ikki nafar ishchi bilan ham uy qursa boʼladi. Ikkinchisi, qisqa muddatda qurish imkoniyati mavjud. Аytaylik, 3 kishi 100-120 metr kvadrat maydonni 48-72 ish soati ichida qurishi mumkin. Uchinchisi, jarayonda obʼektning toza ushlanishi, sanitariya qoidalariga toʼliq rioya etilishi kerak va asosiy afzalligi – hamyonbopligida ham nazardan qochirilmaydi. Yanada muhim tomoni, oddiy pishgan gʼishtda qurilgan obʼekt bilan solishtirganda, 30 foiz arzonga tushadi. Bu innovatsiya bilan bunyod etilgan turar-joy va ijtimoiy obʼektlarning zilzilaga bardoshlilik darajasi tekshirilganda, ular 8,6 ballga chidamliligi tasdiqlandi. Qolaversa, buyurtmachi xohlagan joyida istagan shaklda 9 metr balandlikkacha boʼlgan binoni qurdirishi mumkin. Bu uslubda qurilgan binolar 50 yilgacha xizmat qilish imkoniyatiga ega.
Koʼp vazifali innovatsiya
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, bu korxona nafaqat Oʼzbekistonda, balki butun MDH davlatlarida ilk marotaba shunday innovatsion uskunani taqdim etmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bizning uch oʼlchamli printerlarning hatto Rossiya Federatsiyasi ishlab chiqarayotgan uskunalardan ustun tomonlari va bajarish funktsiyalari koʼproq. Аytaylik, rus ishbilarmonlari tomonidan chiqarilgan printer atigi bitta xomashyodan, yaʼni faqat betondan uy qura oladi. Mahalliy mahsulotimizdan esa bir vaqtning oʼzida 3 tadan 7 tagacha qurilish ishlarini amalga oshirish mumkin.
Masalan, uskunaning uchiga boshqa joʼmrak ulansa, printer temir buyumlarni kesadi, taxtalarni oʼyib, naqsh yasashi mumkin. Rossiya printerlarida bu ishlarni bajarishi uchun qoʼshimcha yana shunday uskuna olishga toʼgʼri keladi. Yana bir muhim jihati, 3D printerlarimizda sement oʼrnini bosuvchi boshqa qorishmalarni ham qoʼllay olishdadir. Bu ham qurilish jarayonining hamyonbop boʼlishini taʼminlaydi.
–Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan Nova 1 rusumli printer uskunasi boʼlib, u sement qorishmasidan foydalangan holda, addetiv texnologiya asosida kichik meʼmoriy shakllar, bino va inshootlarning tarkibiy (konstruktsion) qismlari, gul tuvaklar, landshaft hamda devorlarning dekorativ elementlari va bezaklarini “chop etish”ga ixtisoslashgan, – deydi Jahongir Juliev. – Shuni taʼkidlab oʼtish joizki, ushbu printerni ishlab chiqarish jarayonida xomashyo tariqasida mutlaqo milliy mahsulotlardan foydalaniladi. Nova 2 rusumli uskuna yordamida binolarning tarkibiy (konstruktsion) qismlari hamda umumiy maydoni 374 kv. metrni, balandligi esa 8 metrni tashkil etuvchi tayyor inshootlar “chop etiladi”, yaʼni ishlab chiqariladi. Hozirda ushbu printer yordamida sinov tariqasida 65 metr kvadrat maydonni egallovchi bino qurilgan. Bundan tashqari, hozirgi kunda uning yordamida ishlab chiqarish sexi ham qurilmoqda.
Nova 3 rusumli printer PVX yoki sement qorishmasi ishlatilgan holda murakkab tuzilishdagi kichik meʼmoriy shakllarini, shuningdek plastik yordamida avtomobil ehtiyot qismlari va qayiqlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan uskuna boʼlib, hozirda uning yordamida qayiq quyish sinovlari olib borilmoqda.
Yanada hamyonbopligi ustida ishlanmoqda
Korxona mutasaddilarining aytishicha, kelajakdagi rejalardan biri, ushbu 3D printer yordamida yana hamma isteʼmolchilarga manzur boʼladigan hamyonbop uskuna ishlab chiqarish koʼzda tutilgan. Bu nima degani? Bunda ishchi kuchiga deyarli zarurat boʼlmaydi. Uzoq masofadan turibham ishlay oladigan bu uskuna sahroga olib borib qoʼysangiz, yonida qorishma quyib turadigan kishi bilan ham bino qura oladi.
Keyingi rejamiz – sement oʼrnini bosuvchi maxsus qorishma tarkibini ishlab chiqish va ishlab chiqarish masalasidir. Bilasiz, bu mahsulot arzon qurilish materiallari turiga kirmaydi. Uyning tez qurilishi, ishchi kuchining kamligi yaxshi, albatta. Аmmo barchaning ham sement ishlatishga qurbi yetmasligi mumkin. Shuni inobatga olgan holda korxona ishchilari va Аrxitektura va qurilish instituti Sement-beton qorishmalar kafedrasi olimlari bilan hamkorlikda muqobil variant ishlab chiqish ustida bosh qotirilmoqda.
Sohiba MULLАEVА