Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari orasida iqtidorli va noyob iste’dod sohiblari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayniqsa, o‘z ixtirochilik qobiliyati bilan dunyoga tanilayotgan, yuksak minbarlarda Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilayotgan yoshlar alohida e’tiborga molik.
Joriy yil may oyida Spot DAR IT kompaniyasi IT startaplar uchun DAR Lab tanlovini e’lon qilgandi. Tanlov ikki yo‘nalishda: tijorat loyihalari (logistika, fintex, sug‘urta, chakana savdo, elektron tijorat va farmakologiya) hamda ijtimoiy loyihalar (qishloq va shahar atrof-muhit muhofazasini yaxshilash) asosida amalga oshirildi.
Tanlovda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Belarus davlatlaridan kelgan ishtirokchilar jami 500 ga yaqin loyihalari bilan qatnashdilar. Biznes samaradorligi va shaffofligini nazorat qila oladigan sun’iy intellekt dasturi bilan ishtirok etgan yurtdoshimiz, Vestminstr oliygohining 3-bosqich talabasi, 20 yoshli Shahzodbek Umirzaqov jamoasi Markaziy Osiyo bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Qayd etish joiz, oxirgi yillarda Shahzodbek ketma-ket o‘tkazilgan startap musobaqalarida o‘z loyihalari bilan yetakchilikni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, “Startap-initsiativ” dasturi buning yaqqol dalilidir. Shu tariqa, ishonchli mijozlar bazasiga ham ega bo‘lgan, uddaburon va innovatsion yangliklar yaratishga ishtiyoqmand, o‘z ustida tinimsiz izlanishi va maqsadlari sari dadil qadam tashlayotgan Shahzodbekning faoliyati boshqa yoshlarga ibrat bo‘lsa arziydi.
Bugungi kunda Unistar Innovation Technologies va TASS VISION kompaniyasining asoschisi bo‘lgan navqiron qahramonimiz quyida O‘zbekiston hamda Qozog‘istonda o‘tkazilgan tanlovlardagi kechinmalari, qo‘lga kiritgan yutuqlari hamda startap faoliyatini boshlashida ilgari surgan g‘oyalari xususida so‘z yuritadi.

                         Birinchi g‘oya – saytdan boshlangan!
Bolalik – shodligu quvonchlarga, orzu-niyatlarga to‘la beg‘ubor va betakror o‘yinqaroq damlar hisoblanadi. Bola ko‘ngli har narsaga qiziquvchan bo‘ladi. Ko‘p narsani bilgisi, ko‘p joylarga borgisi keladi. Shu sababli har bir narsa qanday yaratilgan, nimalarga mo‘ljallangan va qanday ishlatilishi haqida ota-onam va yaqinlarimga ko‘p savol berishni yaxshi ko‘rardim. Yoshim ulg‘aygani sari biron narsa ixtiro qilishni istash hissi kuchaydi.
Ma’lumki, maktab bitiruvchilariga keyinchalik qayerda o‘qishini belgilash uchun kitobcha shaklida kichik bir to‘plam (broshyura) tarqatiladi. 9-sinfda o‘qib yurganimda mening ham qo‘limga ana shunday kitobcha tushdi. Faqatgina nomi ko‘rsatilgan o‘quv maskani haqida maktab o‘quvchisi keng tasavvurga ega bo‘lmasligi tabiiy. Chunki biz hali bolalarga xos fikr yuritamiz. Deylik, taxminan 100 ta yoki 500 ta kollej bo‘lsa, o‘quvchilar ularning atiga 10 tasi haqida ma’lumotga ega edi, xalos. Shu chog‘dayoq o‘quv maskanlari, kollej va litseylarning nomi, manzili, rasmlari hamda ularning yo‘nalishi bo‘yicha xabardor qiladigan sayt yaratish haqida o‘yladim.
Darhol do‘stim bilan o‘quv maskanlarining direktorlari bilan ko‘rishib, kerakli ma’lumotlar yig‘ishga tushdik. Saytni yo‘lga qo‘yish uchun dasturchi tanishlarga iltimos qildim. Unga kirish huquqini bepul xizmatga qo‘ydik. Lekin sayt yaratish va uni yuritish juda katta mas’uliyatni talab etar ekan. Qanchalik ko‘zlagan maqsadimizni amalga oshirishga kirishganimiz sari, ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelaverdik. Xullas, ushbu rejamiz faoliyatini keyinroqqa qoldirdik, hozircha.
                        Avtobuslarni nazoratga oladigan ixtiro

     Otamning shaxsiy avtobazasi bor. Avtobazaga yangi ishga kelgan chiptachi har doim kassaga ko‘proq pul topshirardi. Negadir, bir necha oydan so‘ng esa tushum kamayishni boshlardi. Muammoli vaziyatni o‘rganish istagida o‘zim ta’tilga chiqqan mahal shu sohada ishlab ko‘rdim. Axir oilaviy daromadni saqlash mening ham burchim-da. Ishlash davomida faktlarga asoslanib gapiradigan bo‘lsam, men boshqa chiptachilarga nisbatan kassaga 70 000 yoki 200 000 so‘m ko‘proq berardim. Shunda savol tug‘ildi: qanday qilib bunday muammoning yechimini topish mumkin? Tasavvur qiling, har bitta avtobusda shu miqdorda kam mablag‘ topshirilmoqda. Bunday avtobuslar bitta yo ikkita bo‘lganida ham mayli edi. Ular 5-6 ta. Bu degani, kuniga kamida 420 ming so‘m byudjetdan kesilmoqda.
Shunda dadamga hamma chiptachilarni bo‘shatib, yangi xodimlarni ishga olishni tavsiya bergandim. To‘g‘ri, boshida tushum oshdi. Lekin 2-3 oydan so‘ng yana eski holat takrorlandi. O‘shanda qaniydi odam sonini sanaydigan narsa bo‘lsa-yu, bunday muammoni bartaraf etishga yordam bersa, deya o‘ylab qoldim.
Zudlik bilan internet do‘konlaridan shunday turdagi uskunani izlashga tushdim. Nihoyat, topdim ham. Ammo bahosi juda qimmat edi. Shu bois, ushbu uskunani o‘zimiz yasashga kelishdik. Dastlab, odam sonini sanaydigan sensorli uskunani MVP (minimum viable product – minimal qisqa umr kechiradigan mahsulot) tarzda qisqa vaqt ichida tayyorladik. Qurilmaga nisbatan talab bor yoki yo‘qligini bilish uchun unga berilgan muddat yetarli. O‘sha paytda ishlanmamiz oddiy “quti” ko‘rinishda bo‘lib, taxtadan ishlov berilgandi. Shuningdek, qutiga Arduino (dasturlangan mikrokontrollyor) apparati bilan avtobusda odamlar sonini sanashda xizmat qiladigan infraqizil datchik o‘rnatildi. Qurilmani avtobuslarga o‘rnatganimizdan so‘ng uning ishlashidan xursand bo‘ldik. Muammo hal bo‘lganday tuyuldi.
Yaxshi xabar tez tarqaladi deganlariday, boshqa avtobazalarga ham ushbu yangilik yetib bordi. Negaki, ularda ham shunday muammo kuzatilar edi-da. Menga murojaatlar ko‘paydi. Natijada, qisqa umr ko‘ruvchi MVPning “umrini uzaytirish”ga kirishdim…
                         Kamchiliklarga ham tik boqish kerak!
     Biz test sinovi tariqasida bir dona MVP yasagan edik. Biroq uskunamizni yasash uchun kerakli mablag‘ni oldindan tikadigan talabgorlar topildi. Natijada qurilmani pullashga o‘tdik. Qutisifat uskunamizning narxi 160 ming so‘m bo‘lsa, biz uni har oy 250 ming so‘mli obuna to‘loviga aylantirdik. Kerakli mablag‘ olingach, MVP dan nusxa ko‘chirishni boshladik. O‘zaro shartnomalar ham imzolandi. Ammo bitta muhim holatni inobatga olmagandim: MVP qisqa umr ko‘rardi. Uskunalar 1 yoki 2 oy o‘tgach, buzulishni va sinishni boshladi, deya avtobaza boshliqlaridan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Shoshqoloqlik qilib, avtobuslarning tebranishlarini inobatga olmabmiz. Oqibatda nozik quti shaklida yasalgan uskunalarimiz ishdan chiqqan. Eng yomoni, biz o‘zaro yo‘lkira haqlarini ham kelishmagandik. Shu bois, uzoq masofaga borib kelishga ham ancha mablag‘ sarflandi. Bu holat byudjetga katta zarar yetkazdi. Bir muammo ortidan boshqa kamchiliklar ham zanjirga o‘xshab ulanaverdi.
Ochig‘i, pulga bo‘lgan qiziqish qimmatga tushdi. Kamchiliklardan to‘g‘ri xulosalar olishga o‘rgandim. Kuzatilgan ushbu holatlar bizga yaxshigina saboq bo‘ldi. Endi uzoq vaqt ketsa ham mahsulotni mukammal tarzda liniyali ishlab chiqarishga kelishdik. Muhimi, bozorda bizning mahsulotimizga xaridorlar ko‘pligini aniqlaganimizga xursand bo‘ldim. Endilikda datchikning qobig‘i 3D-printerida chop etilmoqda. haydovchilarning o‘zi ham uni bemalol o‘rnatsa bo‘ladi.
Uskuna qanday ishlaydi?
Misol tariqasida, ISUZU avtobusini oladigan bo‘lsam, uning old va orqa eshiklarining tepasiga datchik o‘rnatiladi. U pul tushganini emas, balki yo‘lovchining tushib chiqqanini sanaydi. Odamlarning soni aniqlangandan so‘ng, yo‘lkiraning narxiga ko‘paytirib, hosil bo‘lgan summani tekshirish mumkin.
O‘zbekiston bo‘ylab 12 mingga yaqin avtobus yo‘nalishlar bo‘lab faoliyat yuritadi. Shulardan Toshkent shahrida 1250 tasi, ya’ni mavjud avtobuslarning 10 foizi faoliyat yuritadi. Qolgan avtobuslar qatnovi viloyat va shaharlarida yo‘lga qo‘yilgan. Ularga maxsus yo‘l chiptalari o‘tmasligini alohida ta’kidlash lozim.
MVP – o‘zi nima?
Ko‘plab ishlab chiqaruvchilarning oldida mahsulotini sotib olishga bozor tayyormi, degan savol ko‘ndalang turadi. Masalan, sensorli telefonni bir qancha vazifalarni bajaradigan tarzda yaratish uchun ancha vaqt ketadi. Bilamizki, har bir daqiqa g‘animat. Xo‘sh, ko‘p vazifalarni bajaradigan uyali telefonlarni ishlab chiqarsak odamlar sotib oladimi?
Savolga tezroq javob olish uchun biz uni MVP tarzda tayyorlab, tadqiqot o‘tkazamiz. Masalan, bizning avtobuslarga o‘rnatgan MVPmiz oddiy yog‘och taxtadan iborat bo‘lgan. Mabodo, hech kim xarid qilmasa ham siz undan bemalol voz kechishga qiynalmaysiz. Mehringizni berib, uzoq vaqtingizni ketkazgan narsangizdan esa xayrlashish og‘ir. Uni tayyorlash uchun hech qanday plastmassa yoki zavod shart emas. Muhimi, telefonni o‘ziga yarasha afzallik xususiyatlarini MVPda aks etsangiz bo‘lgani. Keyin esa ommaga mahsulotingizni tarqatib ko‘rasiz. To‘g‘ri, mahsulotingiz uzoq yashamaydi. Biroq unga ehtiyoj borligiga amin bo‘lasiz.
                         Startapni qanday tushunasiz?
Startap – vaqtincha faoliyat yuritadigan kompaniya. U tushumli biznes modeli uchun qayerda va qaysi joyda aynan bozor kattaligini qidiradi. Startap loyihasi bilan o‘sha bozorga kirib kelsangiz, million yoki milliardlab katta pulni aylantirishga erishasiz. Hamma narsaning o‘z cho‘qqiga yetgan davri bo‘ladi. O‘sha darajaga erishgandan so‘ng, modelini o‘zgartirsa ham bo‘ladi.
Gapimning ma’nosini yaxshiroq anglash maqsadida Amazon startap loyihasiga bir nazar tashlang. Amazon.com internet do‘konlar orasida eng yirik va afsonaviy internet-do‘koni sanaladi. Dastavval u o‘z faoliyatini kitob savdosidan boshlagan. Negaki, kitobning ishlatilish muddati bo‘lmaydi, undan MVP tarzda foydalangan. Qarasaki, bunday internet savdosi ko‘pchilikni qoniqtira boshlagani sari kompaniya rahbari Jeff Bezos boshqa narsalarning sotuvini ham yo‘lga qo‘ya boshlaydi.
                                    Qozog‘istonga yo‘l!

      Xullas, avtobuslarda kechayotgan muammoga yechim topdik. Biroq yana qanday loyiha o‘ylab topish haqida jamoam bilan birga ko‘p bosh qotirdim. Shunda xayolimga ko‘p joylarga o‘rnatilgan kameralarni “aqlli kamera”ga aylantirish fikri keldi. U nima degani? Biron bir do‘kon yoki idoraga kirganda qanaqa inson, erkakmi yoki ayol, yoshi nechada kabi savollarga kamera orqali javob olsangiz bo‘ladi. Darhol ortiqcha pul va vaqt sarflamaslik maqsadida jamoam bilan birgalikda “video taxlil” MVP qilishga qaror qildik. Hayratlanarlisi, loyihamizni taqdim etganimizda, uch haftaning ichida 301 ta xaridor mahsulotimizga pul tikishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Demak, mahsulotimiz o‘z iste’molchisini topdi.
Qozog‘istonga aynan sun’iy intellekt “video taxlil” T.A.S.S. (Traffic Analysis System and Statistics, ya’ni trafikni tahlil qilish tizimi va statistika) loyihasi bilan yo‘l oldim. Tanlov shartiga ko‘ra, loyihangiz to‘rtta talabga javob berishi lozim. Birinchidan, guruh bo‘lishi, ikkinchidan g‘oya, uchinchidan, tayyor mahsuot va nihoyat, to‘rtinchidan, mahsulotingizga xaridor bo‘lishi darkor. Bizda hamma talablarga javob bor edi.
Ma’lumotlarni Qozog‘istonga Application shaklda to‘ldirib jo‘natdik. Shu chog‘da biz bilan muloqatga chiqishdi. Mahsulotimizga katta qiziqish bilan qarashdi. Tanlovda juda ham qiziqarli va yaxshi loyihlar ko‘p edi. Lekin aynan mening loyiham g‘olib topilganidan boshim osmonga yetdi.
              “Video taxlil”lar nega kerak?
   “Video taxlil”lar poytaxt yoki shaharlardagi do‘kon yoki reklama bannerlarining tagiga o‘rnatilsa, samarali natijani ko‘rsatadi. Deylik, banner tagiga qo‘yilgan kamera kun bo‘yi qancha mashinalar o‘sha yo‘ldan o‘tishini sanashi muqarrar. Oqibatda har bir reklama bannerlarining o‘zini individual reytingini belgilash oson kechadi. Shunga yarasha reytingi baland bannerlarning bahosi ham qimmat bo‘ladi. Ammo narxiga munosib, mahsulotga xaridorni ham topish tezlashadi.
                      Magazinda qanday ishlaydi?
     Do‘konlarga qaysi mavsumda mahsulot xarid qilishga odam soni ko‘p kelishini aniqlash muhim masala. Katta tarmoqli magazinlar bor. Shulardan biri Loccitane (ayolar uchun parfyumeriya) do‘konida ham bizning kameralarimizning faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, do‘kon egalari yil davomida reklamalarga katta xarajat qilishadi. Jumladan, reklama banerlari, feysbuk, telegramlardan foydalanishadi. Bu juda katta mablag‘. Biroq qanday targ‘ibot ishlari aynan foyda berishini aniqlash qiyin. Dasturlangan kamera va baza orqali nechta odam, qaysi vaqtda kelishi va shaxsini aniqlagan holda o‘sha insonning telefon raqamiga “target” qilishning iloji mavjud.
Xo‘sh, bu nima degani? Siz do‘konga kirib, biron narsa xarid qildingiz, deylik. Kamera bu inson aynan sizligingizni biladi. Oradan ancha vaqt o‘tadi. Siz kelmay qo‘ydingiz. Keyin do‘kon xodimlari kameraning kuzatuvlari orqali sizga xabar jo‘natadi. Masalan, “Keling, falonchi opa, bizda 50% yoki 70% li chegirma bo‘lmoqda. Faqat hozir kelsangiz, olasiz!” Shunga o‘xshash xabarlar doimo uyali telefonga jo‘natiladi. Albatta, xaridor bunday imkoniyatni boy bergisi kelmaydi. Natijada, do‘kon foyda qiladi.
                               Startapning nomi
       Hozirgi kunda ikkita loyiham orqali faoliyat olib boraman. Bular “Unistar” bilan “T.A.S.S.”. Soddaroq tilda tushuntiradigan bo‘lsam, “Unistar” loyihasi rivojlanishdan ortda qolayotgan davlatlar va rivojlanvotgan: Afrikadagi davlatlar, Tojikiston, Boliviya, Qirg‘iziston aholisi uchun ko‘proq mo‘ljallangan. Negaki, ularda asosan qog‘oz puli muomilada. Turgan gapki, avtobusga o‘rnatiladigan datchik yevropa mamlakatlariga o‘tmaydi. Sababi, barcha rivojlangan davlatlarda kartochka mavjud bo‘lib, u bilan to‘langandan keyin uskunaning o‘z hisoblagichi bor.
“T.A.S.S.” esa asosan rivojlangan mamlaktalarda asqatodi. U yerda deyarli hamma joyda kameralarni uchratish mumkin. Biz shunday kameralarni osongina dasturimiz orqali “aqlli kameraga” aylantiramiz, xolos. Hozir biz ushbu loyihamiz bilan Nur-Sultan va Almatы shahrida faoliyatimizni olib boryapmiz. Qozog‘iston orqali Rossiya hamda Yevropa mamlakatlariga chiqishni ko‘zlamoqdamiz.
                        Jamoam – mening oilam!
Rahbar o‘z jamoasiga yangi xodim olayotganda avval o‘ziga bir savol berishi lozim: “Men unga uylanishga tayyormanmi?))” Ehtimol, bu savol qo‘pol eshitilar. Lekin aynan xodim bilan hamisha muloqatda bo‘lishi, moliyaviy masalani hal qilishi, kelajakda birgalikda rejalar tuzishi yoki fikr bo‘lishishi kerak-ku! Xodim yoki jamoa bo‘lmasa, startap ham yo‘q deganday gap.
Tasavvur qiling, startap xuddi yog‘och taxtasi kabi. O‘sha taxtada bir qancha teshiklar bo‘lib, ular yo‘lingizda to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolarni anglatmoqda. Sizning qo‘lingida esa ularni bartaraf etadigan kerakli mixlar mavjud. Mixlar esa sizning jamoangizdir. O‘sha teshiklarni yopish uchun har bittasini ishlatasiz. Teshiklarning katta yoki kichikligiga qarab, mixlarni tanlaysiz. Men shu yerda bitta gapni aytaman. Yaxshisi, qo‘limdagi mixlar doimo universal bo‘lib, hamma teshikka to‘g‘ri kelsin!
                                                                               Sevara ABDULLAYEVA,
                                                                                                   suhbatlashdi