
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilish hamda tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida Ixtirochi ayollar uyushmasi ham tashkil etilgan.
Yaqinda Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi tomonidan «O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» II respublika tanlovi tashkil etildi. Unda bir qator iste’dodli ayollar yangi innovatsion ishlanmalari bilan qatnashib, turli sovrinlarni qo‘lga kiritishdi. Quyida tanlovda g‘olib bo‘lgan ayrim iste’dodli ayollar haqida ma’lumot beramiz.
Xurshida Ubaydullayeva, Gyenomika va bioinformatika markazi tashkilotchisi va ilg‘or ilmiy xodimi. “Eng samarali innovatsion loyiha” nominatsiyasining 1-o‘rin sohibi. Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Bu olima mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan, samarali mehnati, fidoyiligi va tashabbuskorligi bilan keng jamoatchilik hurmatiga sazovor bo‘lgan, gen-injeneriyasi sohasining yetakchi mutaxassisi sanaladi. Uning ilmiy tadqiqot ishlari gen-nokaut “Porloq” g‘o‘za navlarining genetik va fiziologik-biokimyoviy xususiyatlarini o‘rganishga qaratilgan. Olimaning olib borilgan tadqiqotlari natijasida “Porloq” gen-nokaut g‘o‘za navlarida fotosintez jarayoni va nitratreduktaza faolligi, oddiy g‘o‘za navlariga nisbatan yuqoriligi aniqlandi.
Bundan tashqari, olima O‘zbekistonda birinchi marotaba qishloq xo‘jaligi ekinlarini gen-injeneriyasi va mikroklonal ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Jumladan, olima tomonidan anor, uzum, zaytun, bug‘doy, sharsimon xrizantema kabi qator muhim qishloq xo‘jaligi ekinlari va manzarali o‘simliklarni mikroklonal ko‘paytirish texnologiyasi yaratilib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi.
Xurshida Abdullaeva 2017–2020-yillarga mo‘ljallangan «In vitro tok (uzum)ning agronomik sifatlari yaxshilangan biotexnologik liniyalarini olish uchun optimizatsiya qilish» loyihasi rahbari. Zamonaviy texnologiyadan keng ko‘lamda foydalangan holda olima markaz olimlari jamoasi bilan g‘o‘zaning yangi tezpishar, serhosil, uzun tolali “Porloq” navlarini yaratdi. Bu navlar 2017-yili respublikamizda 70 ming/ga ortiq maydonlarga ekildi. “Porloq-1”, “Porloq-2” Porloq-3” va “Porloq-4” gen-nokaut g‘o‘za navlarini mualliflaridan biridir. U, shuningdek, g‘o‘za, uzum va kartoshkaning gen-injeneriyasi sohasidagi 7 ta mahalliy patentlar ham muallifi hamdir.
Serqirra olima ayni paytda Toshkent farmatsevtika institutida «Genlar muhandisligi» maxsus kurslari bo‘yicha pedagogik faoliyatini davom ettirmoqda.
Gavhar Durdiyeva, O‘zR FA Xorazm Ma’mun akademiyasi “Janubiy Orolbo‘yi me’moriy yodgorliklarini sinash va ta’mirlash laboratoriyasi mudiri”. “Eng samarali innovatsion loyiha” nominatsiyasi g‘olibasi. Yurtimiz ravnaqi yo‘lida bajarayotgan samarador ishlari hukumatimiz tomonidan yuqori baholandi va 8–mart bayrami arafasida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
– O‘zbekistonning ko‘p sonli me’moriy yodgorliklari xususiyatlari zamonaviy ilm-fan nuqtai nazaridan kompleks tarzda yetarli o‘rganilmagan, – deydi Gavhar Durdieva. Ularni monitoring qilish va turli salbiy ta’sirlardan himoya qilish metodologiyasini takomillashtirish zamon talabidir. Afsuski, tarixiy me’moriy yodgorliklarni saqlash, muhofaza qilish, ta’mirlash va foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida har bir tarixiy yodgorlik uchun “ma’lumotlar bazasi” shakllantirilmagan, me’morchilik talablari darajasida obidalar “pasportlari” ishlab chiqilmagan. Mamlakatimizdagi me’moriy yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash metodologiyasining mukammal emasligi sababli, YUNESKO tasarrufidagi bir qator me’moriy yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash borasida anchagina muammolarga duch kelinmoqda.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 21-iyuldagi 200-sonli qarori bilan “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasini yanada takomillashtirish” bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi, 2017-yil 4-maydagi “2017-2021-yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish” to‘g‘risidagi farmonlari va shu sohaga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur tadqiqot muayyan darajada xizmat qiladi.
YuNeSKOning butunjahon ro‘yxatiga kiritilgan Xiva shahridagi me’moriy obidalarning umrboqiyligini ta’minlashga oid tadqiqotlarni davom ettirish hamda madaniy meros yodgorliklari asosida viloyatda turizmning yetakchi sohaga aylantirish bosh vazifamiz sanaladi. Loyihamda ko‘tarilgan asosiy maqsad, O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy me’moriy yodgorliklarida qo‘llanilgan an’anaviy usullarning fanga noma’lum tomonlarini aniqlash, ularning turli parametrlari bo‘yicha “ma’lumotlar bazasi”ni yaratish, hamda yodgorliklardan samarali foydalanishga qaratilgan me’moriy obidalarni saqlash va ta’mirlash metodologiyasini takomillashtirishdan iborat.
Nodira Abdullajanova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademik O.S. Sodiqov nomli Bioorganik kimyo institutining yetakchi ilmiy xodimi va kimyo fanlari doktori. “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi g‘olibi.
– Mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini import o‘rnini bosuvchi, xorijiy analoglari bilan raqobatlasha oladigan mahalliy dori vositalari va substansiyalari bilan ta’minlash, istiqbolli mahalliy o‘simliklar asosida nojo‘ya ta’sirlarga ega bo‘lmagan, samarali dori vositalarini yaratish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va muayyan natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
Men ham tibbiyot va farmatsevtika rivojiga o‘zimning munosib hissamni qo‘shish maqsadida mahalliy o‘simliklar polifenollari asosida viruslarga qarshi faollikka ega bo‘lgan Rutan, Gossitan, Getasan va Euforbin dori vositalarini yaratdim.
Birgina rutan preparatini oladigan bo‘lsam, u viruslarga qarshi yaqqol faollikka ega. Gripp A-N3N2, H1N1 va V(01), V(03) shtammlariga nisbatan samarali ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, grammusbat va grammanfiy bakteriyalarga nisbatan antimikrob ta’sirni namoyon qiladi.
Ushbu dori vositasi ta’sir ko‘rsatish faolligiga ko‘ra, chet el analoglari bilan raqobatlasha oladi va respublikaga chetdan kiritiladigan dori vositalarini o‘rnini bosadi. Xomashyo va texnologiya tejamkorligini hisobga olgan holda bu dori vositalari iqtisodiy istiqbolga ega bo‘lib, u xorijga ham eksport qilinishi mumkin. Kelajakda bu kabi loyihalarimni yana davom ettirishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.
Munavvar Qurbonova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori. O‘zbekiston Ixtirochi ayollari uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan I Respublika tanlovida “Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish” mavzusida amalga oshirgan ishlari va takliflari bilan qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Pedagogik faoliyatdagi kuzatuvlarimga ko‘ra, aksariyat ko‘zi ojiz abiturientlarning oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlarini topshirishi va talabalarning fan o‘qituvchilari tomonidan berilgan vazifalarni bajarishi talab darajasida emas. Buning asosiy sabablaridan biri ularda o‘zbek tilidagi o‘quv-metodik adabiyotlar va ilmiy tadqiqotlardan foydalanish imkoniyatining chegaralanganligidir. Ko‘zi ojiz shaxslar fan sohalariga oid bilimlarni o‘zlashtirishda faqat dars jarayonida bo‘rtma-nuqtali Brayl alifbosida yozib olingan ma’ruza matnlariga tayanib qolmoqda. Bu holat ularda o‘quv-ilmiy adabiyotlarning mazkur yozuvdagi nusxalariga ehtiyoj katta ekanini ko‘rsatadi. Biroq fan taraqqiy etar ekan, undagi yutuqlar ta’lim sohasiga tatbiq qilib borilaveradi. Shu tariqa o‘quv adabiyotlarining yangi avlodlari ham yuzaga keladi. Ularni katta hajmni egallaydigan Brayl yozuviga o‘girish uzoq vaqt va ko‘p mablag‘ talab qiladi. Shu jihatdan ko‘zi ojiz shaxslarning turli sohalarga oid yangi adabiyotlardan foydalanishi uchun qulaylikni yuzaga keltirishdagi tezkor usullardan biri audiokitob ta’minotini yaratishdir.
Bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ayrim lingvistik adabiyotlarning audiokitob shaklidagi nusxalari yaratilgan bo‘lib, bu turdagi elektron ta’lim resurslari Internet sahifalariga ham kiritilgan. Ingliz, rus va boshqa tillardagi fonetika, semantika, sotsiolingvistika, komporativ lingvistika tarixi, tilshunoslik nazariyasi hamda nutq madaniyatiga oid audioma’lumotlar shular jumlasidandir. Ko‘rish imkoniyati cheklangan kitobxonlar uchun o‘zbek tilida yaratilgan aksariyat audiokitoblar badiiy uslubga xos bo‘lib, ularning ba’zilari internet sahifasiga joylashtirilgan. Biroq ko‘zi ojiz talabalar uchun fan sohalari bo‘yicha o‘zbek tilidagi o‘quv-ilmiy adabiyotlarning audiokitob shaklidagi nusxalari yaratilmagan. Demak, ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar bilim saviyasining yuqori bosqichga ko‘tarilishi, ularning tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun fan sohalariga oid adabiyotlarning audiokitob shaklidagi nusxalarini tayyorlash davr talabidir.
Bugungi kunga qadar mazkur loyiha doirasida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanining “Fonetika”, “Fonologiya”, “Orfoepiya”, “Leksikologiya”, “Leksikografiya” bo‘limlari, “Tilshunoslik asoslari”, “Umumiy tilshunoslik” fanlariga oid darsliklar, “O‘zbek tili tarixi”, “Semasiologiya”, “Matn lingvistikasi”, “Sotsiolingvistika”, “Psixolingvistika” kabi fanlarga oid bosma ravishda nashr etilgan o‘quv qo‘llanmalarining audiokitob shaklidagi nusxalari tayyorlandi.
Shahnoza Hojiakbarova, Toshkent farmatsevtika instituti mustaqil izlanuvchisi.
– Ma’lumki, 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasi xastaliklari ko‘p uchraydi. Kasallik ko‘zg‘atuvchisi oddiy gerpes (toshma) aholi orasida keng tarqalgan viruslardan hisoblanadi. Kattalarda kasallikning yengil, qaytalanuvchi turlari kuzatiladi. Biroq virusning ta’sirida zararlangan og‘iz shilliq pardasi yallig‘lanishi yosh bolalarda (1-3 yoshgacha) og‘ir kechadi. Ko‘pincha onaning homiladorlik yoki ko‘krak suti bilan emizish vaqti virus bilan zararlanishi bolaning organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada go‘dak organizmida immunitet tizimi hali to‘liq shakllanmaganligi sababli tez-tez kasallanish va shamollashlar kuzatiladi.
Kasallik havo-tomchi yo‘li orqali, xastalikka uchragan bolaning o‘yinchoqlaridan, idish-tovoqlaridan foydalanilganda yuqadi. O‘tkir gerpetik stomatit kasalligining yashirin davri virus organizmga yuqqanidan keyin 3 kundan 6 kungacha davom etishi mumkin.
Olib borilgan izlanishlar natijasida stomatit kaslligini davolashda ishlatiladigan aloe o‘simligi asosida tayyorlangan og‘iz bo‘shlig‘ini davolashga xizmat qiladigan «Denta aloe» preparatini tayyorlashga erishdik. Dori shakli kukun ko‘rinishida bo‘lib, tarkibi 3 g kukun saqlaydi: Aloe (Aloe arborescens mill) – 1,0; Mentol (Mentol) – 0,05; Natriy gidrokarbonat (Natrii Hydrocarbonas) – 1,4;
Yordamchi moddalar:Natriy xloridi (Natrii chloridium) – 0,54; Natriy benzoati (Sodium Benzoate) – 0,01 g;
Og‘iz bo‘shlig‘ini chayish uchun «Denta aloe» – mahalliy qo‘llash uchun mo‘ljallangan kombinirlangan preparat. Yallig‘lanishga qarshi, mahalliy ravishda og‘riqni bosadigan va og‘iz bo‘shlig‘i to‘qimasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Preparat og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati yallig‘lanishi (pufakchalar hosil bo‘lishi ham); gingivit; turli etiologiyali stomatit; og‘iz bo‘shlig‘ining protezlar va breketlar tufayli zararlanishi; sut va aql tishlari chiqishida zararlanishi; ortodontik muolajalar o‘tkazishda zararlanishidan himoyalash maqsadida qo‘llaniladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati yallig‘lanishi bilan bog‘liq bo‘lgan xastaliklardan stomatit kasalligi keng tarqalgan bo‘lib, uni davolashda, asosan, chet ellardan keltirilayotgan dori vostitalaridan «Elyudril» va «Geksoral» 0,1% (Fransiya) eritmalari qo‘llaniladi.
Ushbu amaliy loyihaning maqsadi o‘simlik xomashyosi Aloe o‘simligi asosida O‘zKFITIda yaratilgan stomatit kasalligini davolashda ishlatiladigan «Denta Aloe» dori vositasini texnologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat.
Sevara ABDULLAYEVA tayyorladi