Har bir insonning o‘ziga xos tabiati, xarakteri va fazilatlari bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, ma’lum toifa, guruhdagi insonlarning umumiy jihatlari bo‘ladiki, olimlarni shunday toifadagi insonlar deb atasak bo‘ladi. Ularni ilmga chanqoqlik, kasbga sadoqat, so‘nmas iroda, kuchli xotira, chuqur tahlil qilish qobiliyati va albatta, tug‘ma iste’dod birlashtiradi. Bunday insonlarning aksariyatiga kamtarinlik fazilati ham xos. Ular go‘yo to‘dadan ajralib turgan “oqqush” bo‘lsalar-da, bunga urg‘u berib yashamaydilar, bu bilan kerilmaydilar ham.

BOLA BOSHIDAN

Inson tarbiyani oilada oladi, atrof-muhit ta’sirida ulg‘ayadi. Piter Zeemanning hayotda katta yutuqlarga erishishida ham, shubhasiz, ota-onasining roli katta bo‘lgan. Niderlandiyaning Zonnemeyr deb ataladigan kichik bir qishloq cherkovida ruhoniy bo‘lgan Katarinus Forandinus Zeeman o‘z farzandining ilmga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlaydi va unga yordam beradi. 1865-yil 25-mayda tavallud topgan Piterda fizikaga bo‘lgan qiziqish erta paydo bo‘ladi. O‘rta ta’limni Zirkzee shaharchasidagi maktablardan birida oladi.

Maktabni bitirayotgan chog‘ida sodir bo‘lgan bir voqyea uning hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradi. 1883-yilda Niderlandiya osmonida qutb yog‘dusi kuzatiladi. 18 yoshli Piter bu hodisani sinchiklab o‘rganadi va uni batafsil ta’riflab, tasvirlaydi. Yozgan maqolasini o‘sha davrda dong‘i chiqqan Nature jurnaliga yuboradi. Tahririyat esa bu maqolaning ilmiy jihatdan naqadar aniq, puxta va yuqori darajada yozilganligini ko‘rib, darhol chop etadi. Maqola so‘nggiga esa “professor Zeemanning Zonnermeyrdagi observatoriyasida olib borgan kuzatuvlari” degan muharrir qaydi yozib qo‘yiladi. 18 yoshlik “professor” esa shu payt maktabda o‘qishni davom ettirib yurgan edi…

KATTA HAYOTGA QADAM

Shu yilning o‘zidayoq Piter maktabni tugallaydi va Delft shahriga yo‘l oladi. Biroq uning niyati Politexnika universitetiga kirish emas edi. U lotin va grek tilini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. U yerda u ikki yil davomida ta’lim oladi va buyuk fizik olim Xeyke Kamerling-Onnes bilan tanishadi. Aynan bu olim uni fizika olamiga kirishiga yaqindan yordam beradi. Eslatib o‘tamiz, Xeyke Kamerling-Onnes birinchi suyuq kislorod, vodorod va geliy hamda yuqori o‘tkazuvchanlikni ixtiro qilgan.

1885-yilda Zeeman Leyden universitetiga o‘qishga kiradi va unga aynan Kamerling-Onnes hamda Xendrik Anton Lorens ustozlik qilishadi. Yillar o‘tgandan so‘ng 1902-yilgi Nobel mukofotini Zeeman o‘z ustozi Anton Lorens bilan birgalikda oladi.

Besh yildan so‘ng Zeeman universitetni tugallaydi va Lorensning yonida assistent sifatida ilmiy faoliyatini davom ettiradi. Ular birgalikda “Kerr effekti” deb nomlanadigan qiziq bir hodisa ustida laboratoriya ishini olib borishadi. Bu hodisa shotlandiyalik Jon Kerr tomonidan Zeeman tadqiqotlaridan 15 yil avval ixtiro qilingan edi. Bu effekt Kerrning magnioptik effekti deb ham ataladi, shuningdek, yorug‘lik elektromagnit to‘lqin ekanligini eksperimental ravishda isbotlaydi.

Mazkur effektning mazmun-mohiyati nimadan iborat? Agar metall magnitni olib, qutblarini sayqal berib yaltiratsa, bu silliqlangan qutblardan nurning qaytishi oqibatida qutblanish yassiligi buriladi.

1892-yilda u bu ishi uchun Niderlandiya Xaarlem ilmiy jamiyatining oltin medalini qo‘lga kiritadi. Aytib o‘tish joizki, bu olimning bundan keyingi barcha tadqiqotlari yuksak darajasi bilan ajralib turadi.

ILM MASHAQQATLARI

Doktorlik dissertatsiyasining himoyasidan keyin Zeeman Strasburgda Kolraush institutida semestr o‘tkazadi va 1894-yilda Leydenga qaytadi hamda u yerda magnetizm va nurlanishning o‘zaro ta’siri bo‘yicha tajribalarini davom ettiradi.

O‘sha paytlarda magnetizm va optikani bir-biri bilan bog‘laydigan bor-yo‘g‘i ikkita eksperimental hodisa ma’lum bo‘lgan. Birini Zeeman sinchiklab o‘rganib chiqqandi, ikkinchisi undan oldin ixtiro qilingan edi. Lekin bu kabi effektlar soni ko‘proq bo‘lishi kerakligi unga kundek ravshan edi. Shuning uchun ham u o‘z tadqiqotlarini to‘xtamay davom ettirish va nurlanishning o‘ziga emas, uning manbasiga e’tiborni qaratishga qaror qiladi. Aniqroq qilib aytganda, natriyning harakatdagi atomlari ishlab chiqaradigan nurlanishda, uning spektri ustida ish olib boradi.

Natriyning spektrida ikkita yorqin to‘q sariq rang chiziqlar bo‘lib, Zeemanning taxminlariga ko‘ra, magnit maydon nurlanishdagi zarralar vibratsiyasi bilan “biror nima” qilishi kerak. Faradey ham xuddi shunday tajriba o‘tkazib, muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan Zeemanning xabari bor edi. Bu haqda uning rahbariyati ham bilar edi. Balki shuning uchun unga bu kabi “befoyda” tadqiqotlarni o‘tkazishga qarshilik qilar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlab qo‘ygan edi. Shunga qaramay, Zeeman magnit maydonidagi chiziqlar kengayishining kuchsiz effektini kuzatishga muyassar bo‘ldi. Ammo rahbariyat olim tomonidan tajriba muvaffaqiyatli yakunlanganligiga qaramay, buyruqni buzganligi uchun uni ishdan bo‘shatishga qaror qiladi.

Shundan keyin Piter Zeeman 1897-yilda Amsterdam universitetiga ma’ruzachi bo‘lib ishga o‘tadi.

HAQIQAT QAROR TOPADI

1896-yil 31-oktabrda Zeemanning ustozlari – Xenrik Lorens va Kamerling-Onnes Zeeman o‘tkazgan tadqiqotlar natijasi haqida Niderlandiya qirolligining san’at va ilm akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan  konferensiyada xabar topishadi. 2-noyabrda Lorens zudlik bilan Zeemanni chaqiradi va bu tadqiqot natijasiga izoh bera olishi, ya’ni mazkur effektni o‘zining shaxsiy elektromagnit nurlanishi nazariyasi nuqtai nazaridan tushuntira olishini aytadi.

Lorens magnit maydon materiyaning elektr zaryadlangan zarralarini boshqacha uslubda, zarralar uchun tegishli bo‘lgan chastotalardan biroz farqlanadigan chastotalar bilan vibratsiyalashga majbur qilishini bashorat qiladi. Bu bilan u spektral chiziq nafaqat kengayishi, balki uchta turli chiziqqa bo‘linishini kutgandi. Shuningdek, u tarqalayotgan yorug‘lik zarralarning o‘zgargan harakatiga muvofiq ma’lum tarzda qutblanishini ham bashorat qiladi.

Zeeman Lorens tomonidan bashorat qilingan qutblashuvni aniqlashga muyassar bo‘ladi va bir qancha tadqiqotlardan so‘ng (kadmiy kabi moddalarning yonishi oqibatida paydo bo‘ladigan olov ustida olib borilgan tadqiqotlar singari) u spektrning kengaygan chiziqlarini alohida komponentlarga ajratadi.

ILMGA BAXSHIDA UMR

Zeeman o‘z tajribasini qayta-qayta o‘tkazishdan to‘xtamaydi. Sababi bu tadqiqot eksperimental jihatdan juda murakkab bo‘lib, ustanovkasi esa vibratsiyaga ta’sirchan edi. Mazkur tadqiqot Zeemanga shu darajada muhim ediki, u hattoki uni amalga oshirish uchun tinch bo‘lgan joyga – Groningen qishlog‘iga – unga aravalar tovushi xalal bermaslik uchun vaqtinchalik ko‘chib ham o‘tadi. Natijada u aniq o‘lchovlarni olishga muyassar bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, unga yana bir muhim ixtiro – vibratsiyalanuvchi va nurlanuvchi zarra zaryadining massaga nisbatini o‘lchashga imkon yaratadi. Bundan tashqari, aynan Zeemanning taxminiga ko‘ra, spektrni yuzaga keltiruvchi “vibratsiyalanadigan zarra” bu – professor Tomson tomonidan ixtiro qilingan katod trubkadagi elektron. Bugungi kunda elektron zaryadining massaga nisbati – fizikadagi asosiy fundamental konstantalardan biridir.

Fizika yo‘nalishi bo‘yicha 1902-yilgi Nobel mukofoti taqdimotida Shvetsiya Qirolligi Fanlar akademiyasi a’zosi Xyalmar Teel so‘zga chiqib, Zeeman effekti oxirgi o‘n yil ichida amalga oshirilgan muhim eksperimental yutuqlardan biri ekanligini alohida ta’kidlab, kelgusida Zeeman ixtirosining natijalari bizning spektrlar va materiyaning molekulyar tuzilishi haqidagi bilimlarimizni sezilarli darajada oshirishiga ishonch bildirdi.

Teel mutlaqo haq edi. Shu kunga qadar Zeeman effekti  – bilimlarimiz, masalan, yulduzlar haqidagi, aniqrog‘i, ularning magnit maydonlari to‘g‘risidagi bilimlarimizning muhim manbalaridan biri hisoblanadi.

OLIMNING KEKSALIK DAVRI

Nobel mukofoti bilan taqdirlangandan so‘ng Zeeman yana qirq yil umr ko‘radi. U Amsterdamda yashaydi. Uning laboratoriyasiga taniqli fizik olimlar tez-tez kelib turishadi.

Bu buyuk olim yetmish yoshni qarshilaganda, barcha egallab turgan lavozimlaridan bo‘shaydi va, ming bor afsuski, urush paytida Amsterdam uchun og‘ir bo‘lgan paytda – Germaniya tomonidan qamal qilinganda olamdan o‘tadi.

Olimning fizika fani rivoji yo‘lida amalga oshirgan ishlari hali-hanuz dunyo olimlari tomonidan e’tirof etiladi va qadrlanadi.

Hilola SALOYEVA