
OʻZAK HUJAYRALAR: ZAMONAVIY TIBBIYOTNING YANGI BOSIQICHI
Odamzod yaralibdiki, kasalliklar bilan kurashadi. Kecha oʻlimga sabab boʻlgan xastaliklar bugun oddiy bir xabdori bilan yoʻq qilinyapti. Ammo yaqin kunlargacha davosi topilmagan xastaliklar olimlarni izlanishga majbur qilardi. Hozirgi rivojlangan tibbiyot bu borada katta yutuqlarga erishgan. Masalan, oʻzak hujayralarni olaylik. U bilan ming bir dardga davo topilmoqda. Xoʻsh, aslida, bu oʻzi nima–yu va u qanday “ishlaydi”? PhD, biologiya fanlari nomzodi Oksana Stanislavovna Charishnikova bilan boʻlgan suhbatimiz aynan shu mavzuda bo‘ldi.
— Keling, avval oʻzak hujayralar nima ekani haqida ozroq maʼlumot bersak.
— Bilasizmi, har bir organizm va undagi aʼzolar hujayralardan iborat. Masalan, jigarni olaylik, u jigar hujayralaridan tashkil topgan, buyrakda esa buyrak hujayralari bor. Oʻzak hujayralar embrion hosil boʻlishidagi dastlabki hujayralar. U barcha hujayralar asosi. Yaʼni barcha aʼzo va toʻqimalar ulardan shakllanadi. Aslida, organizm birgina hujayra — zigotadan paydo boʻladi. Har birimiz qachonlardir ona organizmidagi bittagina tuxum hujayrasi boʻlganmiz. Unda faqatgina yarimta genetik material boʻlgan. Shu sabab u boʻlinmagan. Ota hujayrasi genetik materialning ikkinchi yarmini berganda, hosil boʻlgan zigota — xromosomalarning toʻliq komplektiga ega boʻlgan hujayra — boʻlinishni boshlaydi. Avvaliga ikkita bir xil hujayra, keyin toʻrtta, keyin sakkizta va h.k. Ammo ular maʼlum bir aʼzoning hujayrasi boʻlmagan. Ular bir hil hujayra boʻlgan. Keyingi, ontogenez bosqichida bu hujayralar maʼlum bir aʼzo hujayrasiga aylana boshlaydi: teri, suyak, miya, koʻz, soch va h.k. Ana shu hali oʻzgarmagan hujayralar oʻzak hujayralardir. Odam yoshi oʻtib borgani sari oʻzak hujayralar kamayaveradi, ammo ilikda maʼlum miqdorda boʻladi.
— Hozirda oʻzak hujayralar yordamida kasalliklar davolanilmoqda. Bu qanchalik samarali?
— Oʻzak hujayralar hayot uchun xavfli boʻlgan, bedavo kasalliklarga uchragan koʻpgina odamlar hayotini saqlab qolayotgani hozirda sir emas. Shunday vaziyatlar borki, shifokorlarning oʻzak hujayrani koʻchirib oʻtkazishdan boshqa chorasi qolmaydi. Masalan, odamda ogʻir qon xastaligi aniqlandi, deylik. Agar uning oʻz iligi sogʻlom boʻlib, hujayralari zararlanmagan boʻlsa, unda ogʻir kimyoviy muolajadan oldin uning sogʻlom hujayralari olinadi va muzlatib qoʻyiladi. Negaki kimyo muolajasi juda zaharli. Lekin ular oʻsimtalar, organizmdagi begona va zararli hujayralarni halok qiladi. Ammo shu bilan bir qatorda, sogʻlomlarini ham halok qiladi. Shundan soʻng tiklanish uchun sogʻlom oʻzak hujayralar yana bemorning oʻziga qaytariladi. Bu hujayralar halok boʻlgan sogʻlom hujayralarning tiklanishi, immunitetning mustahkamlanishi va bemorning umumiy ahvoli yaxshilanishiga yordam beradi.
— Agar iligi ham zararlangan boʻlsa-chi?
— Unda mos keladigan donor izlash kerak. Donorni topish juda qiyin. Negaki Oʻzbekistonda ilik donorlarining registri yoʻq. Bundan tashqari, bunday donorlik qiluvchi koʻngillilarni topish ham muammo. Donor boʻlish uchun butkul sogʻlom odam boʻlishi, u turli tahlillardan oʻtishi kerak. Negaki uning iligi bemor odamga mos kelishi lozim. Donor va retsipiyentning mos kelishi juda kam uchraydi.
— Qarindoshlar donorlik qila oladimi?
— Qarindoshlar ham bir-biriga mos kelmasligi mumkin. Ayniqsa, onkogematologik kasalliklarda 100 foiz gistologik muvofiqlik boʻlishi kerak. Bunda etnik jihati ham muhim rol oʻynaydi. Negaki har bir irq, xalqning oʻziga xos molekulyar va gistologik muvofiqligi boʻladi. Hozirda yurtimizda bunday imkoniyatlar boʻlmagani uchun bemorlar xorijdagi donorlar registriga murojaat etishga majbur.
— Bu hujayralarni olish ham qiyin boʻlsa kerak?
— Donor hujayralarini topish qanday kechadi? Hatto oʻz iligini olish kerak boʻlganda ham, bu juda jiddiy va ogʻir muolaja. Avvaliga suyak iligini olish uchun bemor tayyorlaniladi. Bunda alohida preparatlar bilan terapevtik muolajalar oʻtkaziladi va hujayralar ilikdan periferik qonga oʻtkaziladi. Keyin esa aferez oʻtkaziladi, yaʼni qon olinadi. Soʻng separatsiya qilinib, oʻzak hujayralari ajratib olinadi. Shundan soʻng ularga baho beriladi: sifatlimi, qancha oʻzak hujayrasi bor, sogʻlommi? Baʼzan hujayralar koʻp, ammo qoʻllash mumkin boʻlganlari kam boʻlishi mumkin. Bu bemorning oʻz oʻzak hujayralari olinganda oʻtkaziladigan muolaja. Bu muolaja juda qimmat turadi. Agar donor izlansa, boshqa davlatlarga borishga toʻgʻri keladi. Bu esa muolajaning yanada qimmatlashishiga olib keladi.
— Hozirgi kunda oʻzak hujayralarni olish uchun kindik qonidan foydalanilayotgan ekan. Ularning boshqalaridan ustunligi nimada?
— Ha, bu suyak iligining oʻrnini bosuvchi eng yaxshi usul. Kindik qonidan olingan oʻzak hujayralarning ustunligi koʻp. Eng avvalo, u odamga ziyon yetkazmaydi. Odatda, bola tugʻilgach, kindik va yoʻldosh biologik chiqindi hisoblanadi va u tashlab yuboriladi yoki koʻmiladi. Ammo unda yetarlicha miqdorda oʻzak hujayralar mavjud. Misol uchun, katta odamni olaylik. U hayoti davomida bir qancha kasalliklarga uchragan, ekologik noqulay sharoitda yashagan, zararli odatlari boʻlgan boʻladi. Kindik qoni esa yosh, hali zararli omillarga duch kelmagan hamda juda faol boʻladi. Agar undan laboratoriyalarda oʻzak hujayralar olinib, muzlatib qoʻyilsa, u kimningdir hayotini saqlab qolishi mumkin. Ammo bu qiyin masala. Negaki buning uchun yaxshi laboratoriya, steril sharoit boʻlishi, qimmat turuvchi uskunalar, aynan shu sohada malakasi boʻlgan mutaxassislar boʻlishi zarur.
— Kindik qonidan olingan oʻzak hujayralarni saqlovchi bank bizda ham ochildi, shundaymi? U qachon toʻliq ishga tushadi?
— Kindik qonidan olingan oʻzak hujayralar banklari bizdan ancha yillar avval, yaʼni 80-yillardanoq turli davlatlarda faoliyat yurita boshlagan. Hozirgi kungacha ularning soni butun dunyo boʻyicha 200 dan oshadi. Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Iroq, Turkiyada ham shunday banklar bor. Janubiy Koreyada bola tugʻilgach, kindik qonidagi oʻzak hujayralarni saqlab qoʻyish majburiy. Ularni saqlash esa davlat tomonidan taʼminlanadi. Gʻarbda esa kindik qonidan olingan oʻzak hujayralarni olish va saqlash uchun ota-onalar pul toʻlaydi. Bu bola hayotini biologik sugʻurtalash deyiladi. Bu banklar sabab kelgusi avlod ogʻir va xavfli kasalliklardan oson davolanish imkoniga ega boʻladi.
2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4899-sonli “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori chiqdi. Ammo bu bankni tashkillashtirish oson ish emas. Ish boshlashdan avval jiddiy huquqiy baza boʻlishi zarur. Uni nazorat qilish, tartibga solish lozim. Qandaydir talabga javob bermaydigan klinikada kimdir hujayralar bilan odamlarni davolamasligi uchun qatʼiy nazorat kerak. Bu juda xavfli holat. Ha, hujayralarni ajratish mumkindir, ammo ularning sifati qanday, infeksiya agentlari, virus yoki qandaydir mikrobiologik kontaminatsiyalar bor-yoʻqligi tahlil qilindimi? Bu hujayralar organizmga tushgach, oʻzini qanday tutadi? Balki oʻsma hujayralariga aylanishga qaror qilar? Hujayralar bilan toʻgʻri ishlash uchun xalqaro talabga javob beruvchi laboratoriyalar, malakali mutaxassislar zarur. Biz hozir aynan shu bilan shugʻullanyapmiz, “Hujayra bankini yaratish uchun ilmiy-texnik platformani tashkillashtirish” loyihasi doirasida ishlayapmiz. Hozirda uskunalar xarid qilyapmiz, hujayralarni olish, saqlash, ularning sifatini baholash boʻyicha metodikalar ishlab chiqyapmiz. Shunda qay bir muolaja qanday oʻtadi, qaysi bosqichda nimalar yuz beradi, bitta muolaja narxi qancha boʻladi va boshqa jihatlarini aniq bilamiz.
— Oʻzak hujayrasi xavfli boʻlishi ham mumkinmi?
— Bir paytlar embrional oʻzak hujayralarni davo uchun sinab koʻrishgan. Ammo bu usul xavfli boʻlgani uchun undan foydalanilmaydi. Negaki ular aynan qanday hujayraga aylanishini hech kim bilmagan. U teri hujayrami yoki jigarnikimi, bilib boʻlmaydi. Ular organizmga tushgach, oʻsmaga ham aylanishi mumkin. Shuning uchun baʼzi davlatlarda embrional hujayralar bilan ishlash butkul taqiqlangan. Bundan tashqari, bu usul etik jihatdan ham notoʻgʻri, deb oʻylayman. Axir bu embrion hujayrasi. U ham bir hayot. Ammo uning rivojlanishini sunʼiy toʻxtatishadi va hujayralarga boʻlishadi. Buni bir qarashda shafqatsizlik deyish mumkin. Oʻzak hujayralarning kindik qonidan olinishi shunisi bilan ham ustundir. Bunda hech kim oʻlmaydi, hech kim aziyat chekmaydi. Achinarlisi, hozirda eng qimmatli biomateriallar tashlab yuborilyapti. U bir kuni kimningdir hayotini qutqarib qolishi mumkin.
— Aynan qanday kasalliklarni davolash mumkin?
— Kindik mezenximal hujayralarga ega. Ular suyak, togʻay, mushak toʻqimalariga aylanadi. Ulardan togʻayni oʻstirish mumkin. Shuningdek, mezenximal hujayralarni katta odamning yogʻ toʻqimalaridan ham olish mumkin. Masalan, hozirda koʻpgina ayollar qorin sohasidagi yogʻni liposaksiya qildirishyapti. Shu olingan yogʻ toʻqimalaridan mezenximal hujayralar olish mumkin. Ular yordamida parodontoz, keksalarda peshob ushlay olmaslik, tayanch-harakat apparatidagi kasalliklar davolaniladi. Isroilda esa Covid payti oʻpkasi 90 foiz zararlangan bemorlarni aynan shu hujayralardan tayyorlangan dorilar bilan davolashdi. Bu hujayralarning afzal tomonlaridan yana biri shundaki, laboratoriya sharoitida bu ularga qanday hujayralarga aylanishini “oʻrgatish” mumkin. U suyak yoki togʻay hujayraga aylanadimi, oldindan oʻrgatish imkoni bor. Shunda ularni qon oqimiga emas, aynan kasallik oʻchogʻiga yuborish mumkin. Shuningdek, teri kasalliklarini davolashda qoʻl keladi. Hozirda kuygan sohalar sogʻlom sohadan olingan teri boʻlagi bilan “yamaladi”. Ammo endilikda kichik teridan katta hajmdagi terini oʻstirish mumkin. Chunki oʻzak hujayralar teriga aylanishiga moslashtirilgan boʻladi. Masalan, estetik jarrohlikda qovoq ustidagi ortiqcha teri olib tashlanadi, uni tashlab yubormay, oʻstirish va zararlangan sohaga qoʻllash mumkin. Bunday usul bilan diabetning asorati boʻlmish diabetik tovon, trofik yaralarni davolash imkoni bor. Shuningdek, oʻgʻil farzandlarni xatna qilganda, kesilgan terisidan hujayralar olib, teri kasalliklarini davolashda qoʻllash mumkin.
— Hujayra texnolgiyasining kelajagi haqida nima deya olasiz?
— Yana oʻn yillardan keyin hujayralar bilan davolash rivojlanib, odatiy davo usuliga aylanadi. Hozirda ular yordamida saraton kasalliklari davolanilyapti. Hatto bemorning oʻz hujayrasini olib, unga qanday hujayraga aylanishini oʻrgatish texnologiyasi kashf etilgan. Ular organizmga kirgach, kasallikka qarshi kurasha boshlaydi. Bu jiddiy, ilgʻor texnologiya. Bu usullar bilan yillar davomida aziyat chekayotgan odamlar kasallikdan xalos boʻlishi mumkin. Bu texnologiya odamzod uchun juda zarur. Hujayralar bankida qancha koʻp namunalar boʻlsa, bemorlarga mos hujayralarni topish shunchalik oson boʻladi.
— Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat.
Kamola Boshbekova suhbatlashdi.