MILLIY LIBOSLАR – XАLQIMIZ KOʼRKI

     “Karantinda ochilgan isteʼdodlar” tanlovining shartiga koʼra, 1-, 2- va 3-oʼrin sohibi va sohibalarihaqida indep.uz sayti hamda“XXI asr texnologiyalari” telegram kanalida maqolalar yoritilishi aytilgandi. Vaʼdaga muvofiq, yana bir qobiliyatli ishtirokchimiz – “rassomchilik” nominatsiyasi boʼyicha gʼoliblikni qoʼlgan kiritgan P. BENKOV nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabining 10-sinf oʼquvchisi Gʼanieva Eʼzozaxon.

Eʼzozaxon tanlovga oʼzbek milliy libosining zamonaviy koʼrinishi aks ettirilgan suratlari bilan ishtirok etdi. Toʼgʼrisi, yosh boʼlishiga qaramay oʼz ishiga usta dizaynerlar singari mahorat bilan yondashgani bizni hayratga soldi.
– Milliy kiyimlarimiz tikilishining oʼziga xosligi va jimjimador naqshlari bilan ajralib turadi, – deydi Eʼzozaxon. – Shu bois tabiiy va serjilo adras va atlas matolardan hashamdor liboslarni toʼplashga, sharqona nazokatni suratlarimda aks ettirishga harakat qilaman.
Milliy kiyim masalasiga toʼxtaladigan boʼlsak, qadimdan inson qaysi millatga mansub ekanligi, birinchi navbatda, uning kiyimiga qarab aniqlangan. Har bir millat oʼziga xos kiyinish madaniyatiga ega. Bizning milliy kiyimlarimiz dunyoning qay burchagida boʼlmasin, har qanday millat vakillarining havasini keltirib, oʼziga mahliyo etadi. Аfsuski, eski tuzum davrida milliy liboslarimizga boʼlgan munosabat ancha susaygan edi. Hattogoʼzal va betakor, nafis va serjilo atlas matomizning havo oʼtkazmasligini bahona qilib, oʼzlaricha eʼtiroz bildirganlar ham bor edi. Yillar oʼtishi bilan zamonlar ham oʼzgardi. Har bir sohaga texnologiyalar yordamga kirib keldi. Endilikda oʼzbek milliy matolaridan foydalangan holda har kuni kiyiladigan liboslarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xursandmanki, bugungi kunda ayollarimizda zamonaviy tarzda tikilgan milliy liboslarimizni kiyish yana urfga aylandi.
Milliy va zamonaviy liboslarni qogʼozga tushirishdan tashqari, ularni bichishga ham harakat qilaman. Har bir sohada rivojlanish uchun mukamallik qoʼl keladi. Shu bois tikuvchilik toʼgaragiga ham qatnashaman.
Oʼylaymanki, karantin davri oʼz ustimizda koʼproq ishlash uchun qulay sharoitni ham yuzaga keltirdi, qolaversa, eng ahamiyatli jihati, oilam bagʼrida boʼlib, har kuni ota-onam va yaqinlarim bilan dasturxon boshida maroq bilan suhbatlashib, fikrlar almashdik va bolalar bilan turli oʼyinlarni davom ettirdik. Shuningdek, taomlar hamda turli xil shirinliklar pishirish bilan mashgʼul boʼldim. Oila aʼzolarimning duosini oldim. Bu esa men uchun juda muhimdir.
Innovatsion rivojlanish vazirligiga qarashli “XXI asr texnologiyalari” jurnali tomonidan oʼtkazilgan tanlov mening oʼzimga boʼlgan ishonchimni yanada oshirdi. Ularga ana shunday oʼtkazilgan tanlov uchun oʼz tashakkurimni izhor etaman.
                                                                                         Sevara АBDULLАEVА tayyorladi