
Leonardo Da Vinchi jahon madaniyati, san’ati va ilm-fani tarixida buyuk rassom, haykaltarosh, me’mor, balki iste’dodli ixtirochi muhandis, matematik, anatom sifatida ham yorqin iz qoldirgan. Undan o‘z hayoti davomida bitilgan 7 ming sahifaga yaqin xotira daftari qolgan. Leonardoning qo‘lyozmalari orasida uchish apparatlari, parashyut, suv osti kemasi, avtomat to‘quv stanogi kabi ajoyib narsalarning loyihalari topilgan. Bir necha yuz yillardan so‘ng bularning barchasi qaytadan ixtiro etildi. Samolyot paydo bo‘lmasdan yuz yillar avval Leonardo da Vinchi qushni eslatuvchi uchish apparatini yaratganligiga guvoh bo‘ldik. Uning texnik ixtirolari o‘z davridan bir necha asrlarga ilgarilab keta olgani kishini taajjublantiradi.
Leonardo da Vinchi 1452 yil 15 aprelda Florensiyadan uzoq bo‘lmagan Vinchi shaharchasi yaqinidagi Ankiano qishlog‘ida tug‘ildi. Leonardoning bobosi Antonio da Vinchi (1372-1468) kundaligidagi yozuv e’tiborga molik: «Shanba kuni 15 aprel kechasi soat uchda mening nabiram, o‘g‘lim Peroning o‘g‘li tug‘ildi. Bolaga Leonardo deb ism qo‘ydik. Uni Pero di Bartolomeo ota cho‘qintirdi», deb yozuv qoldirgan. Leonardoning otasi 25 yoshli notarius Pero (1427-1504) va onasi oddiy dehqon ayol Katerina bo‘lgan.
Biroq ular qonuniy nikohdan o‘tishmagani sababli bunday vaziyat yosh Leonardoning butun umri davomida ruhiyotiga ta’sir etgan. Hayotining dastlabki yillarini Leonardo onasi bilan birga o‘tkazdi. Uning otasi ko‘p o‘tmay boy va aslzoda qizga uylanadi. Lekin bu nikohdan farzand tug‘ilmagani bois Pero uch yoshli Leonardoni o‘z tarbiyasiga oladi. Onasidan ajaratib olingan Leonardo butun hayoti davomida uning qiyofasini o‘zining shedevrlarida yaratishga uringan.
O‘sha davrdagi Italiyada noqonuniy tug‘ilgan farzandlarga deyarli qonuniy merosxo‘rdek munosabatda bo‘lishgan. Otasi Leonardoni oilaviy kasbga jalb qilishga urinib ko‘rdi. Lekin samarasi bo‘lmadi: o‘g‘lini jamiyatning qonunlari qiziqtirmas edi. Natijada u o‘z qiziqishlari tomon yo‘l olib, 14 yoshida o‘z davrining mashhur usta rassomi Anrea Verokkoga shogirdlikka tushadi. Bu ish aynan noyob shaxsning keyingi taqdirini belgilab berganligi ma’lum.
Bir vaqtda ham ishlab, ham ta’lim ola boshlaydi. Leonardoni gumanitar va texnika fanlariga mehri o‘zgacha bo‘lgan. Aynan Verokkoning ustaxonasida ustoz mutaxassislar Anolo di Polo, Lorenzo di Kridi va Perudjino tomonidan metallurgiya, kimyo, rassomchilik san’ati, haykaltoroshlik sohalari bo‘yicha ham tajribalarini oshirib, dunyo qarashini rshakllanib boradi.
G‘avvoslar kiyimi
G‘avvoslar kiyimini Leonardo doimiy ravishda dengiz harbiy hujumlarini qaytarib turishga majbur bo‘lgan venetsiyaliklar uchun o‘ylab topgan edi. Ushbu suv o‘tkazmaydigan kiyimlar bilan harbiylarni kiyintirib, ularni suv ostiga dushman qayiqlariga suvning tubida zarar yetkazgan holda cho‘ktirish uchun yuborish nazarda tutilgan edi. G‘avvoslar kiyimini Leonardo teridan tayyorlagan, dubulg‘a shisha linzalar bilan jihozlangan, g‘avvosning oyoq kiyimi metall yuk bilan og‘irlashtirilgan edi. Inson bunday kiyimda suv ostiga tushirilgan havo solingan qalpoq (g‘avvoslar qalpog‘i) yordamida nafas olishi mumkin edi, ya’ni ushbu qalpoqdan g‘avvos dubulg‘asiga nafas olish naychalari tortilgan edi.
Parashyut
Albatta, da Vinchi davrida uchish apparatlari hali yo‘q edi va inson uchun havoga ko‘tarilish mumkinligi faqatgina orzu edi. Buyuk ixtirochi qutqarish vositasi sifatida emas, balki yuqoridan sakrab, havoda sokin harakalanish imkonini bergan apparat sifatida tarixdagi birinchi parashyutni o‘ylab topdi. Da Vinchining parashyuti piramida shaklida bo‘lib, pishiq (qalin) mato bilan sirilgan edi.
Deltaplan
Inson qadimdan uchish haqida orzu qilgan. Leonardo da Vinchi ham ko‘plab o‘tmishdoshlari kabi ushbu orzuni hayotga tatbiq qilishga urindi. Dastlabki uchish apparatlarini yaratish uchun olimga qushlar va ko‘rshapalaklar ilhom berdi. Uchish mashinalaridan biri pedalni aylantiruvchi inson tomonidan harakatga keltiriladigan harakatchan qanotlar bilan jihozlangan edi. Ixtirochi sekin-asta pastlab uchuvchi apparatlarni yaratishga ham urinib ko‘rdi: buyuk Leonardoning ixtirolaridan biri – bu zamonaviy deltaplan prototipi.
Vertolyot
Leonardo bolalikdan tabiiy hodisalar, hayvonlar va o‘simliklarni kuzatishni yaxshi ko‘rardi. Hozirgi vaqtda vertolyotlarni osmonga ko‘tarayotgan havo vintlariga o‘xshash vintni yaratish g‘oyasi ulug‘ ixtirochida daraxtlardan qanotli urug‘larning yerga sokin uchib tushishini kuzatish jarayonida tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. «Vertolyot»ni havoga ko‘tarish uchun da Vinchiga parragiga parusina tortilgan katta vint kerak edi. To‘rt nafar havoda uchuvchi vintni aylantirgan holda «vertolyot»ni yuqoriga ko‘taruvchi tortuvchi kuchni va parraklarga bosimni hosil qila olishi nazarda tutildi.
Avtomobil
Buyuk italyanning ushbu ixtirosini shartli ravishda dunyodagi birinchi avtomobil deb hisoblash mumkin. Albatta, u zamonaviy avtomobillardan ko‘ra ko‘proq aravani eslatardi. Lekin Leonardoning o‘zi harakatlanadigan aravasiga haydovchi shart emasdi va ekologiyali transport edi, chunki huddi buraladigan o‘yinchoq kabi prujinali mexanizm yordamida harakatlanardi. G‘oya shunchaki zo‘r: prujina barabanga dastak yordamida qo‘l bilan o‘ralardi. Prujina yozilgunga qadar arava oldinga yurardi.
Velosiped
Leonardo da Vinchi zamonaviy velosiped ixtiro qilinishidan ancha oldin, XV asrdayoq ikki g‘ildirakli harakatlanuvchi mexanizmni o‘ylab topdi. Olimning qo‘lyozmalarida hozirgi ikki g‘ildirakli transportga juda o‘xshash yog‘och mashinalar loyihalari topilgan. Faqat zamonaviy velosipedlardan farqli ularoq da Vinchining ixtirosida rul burila olmas edi va mashinada o‘rindiq yo‘q edi. Zanjir yordamida harakatni bir g‘ildirakdan ikkinchisiga o‘tkazish esa birinchi marta Leonardo da Vinchi ning qo‘lyozmalarida tilga olingan.
Projektor
Da Vinchi optika sohasida ham ilmiy eksperimentlar o‘tkazdi. Olim bir necha yoritish qurilmalarini ixtiro qildi, teleskop va kuzoynak linzalarini yaratish ustida ishladi. Ma’lumki, Leonardo teatr ihlosmandlari bo‘lgan boy hukmdor-metsenatlar saroylarida xizmat qilgan. Projektorni yaratish g‘oyasi sahna ehtiyojlaridan paydo bo‘lgan. Yoritish qurilmasi ichiga yonib turuvchi sha’m qo‘yiladigan quti edi. qutining devorlaridan birida yo‘g‘on oshirish oynasi o‘rnatilgan edi.
Robot
Ulug‘ Leonardo da Vinchiga mexanik odam – birinchi robot g‘oyasi ham tegishli. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra ushbu ixtiro hatto hayotga ham tatbiq etilgan. Leonardo yaratgan odam-mashina guyoki milanlik boy gersog Sforso uchun o‘yinchoq bo‘lib xizmat qilgan. Odamga o‘xshash mexanik odamni yaratish g‘oyasi Leonardoda anatomiyani chuqur o‘rganganidan keyin paydo bo‘ldi. Tarixning darak berishicha, Italiyaning monastirlaridan birida Leonardoning maxfiy xonasi bo‘lib, unda u inson tanasining tuzilishini o‘rganish uchun o‘quvchilar bilan butun tun davomida murdalardan preparat olgan. Muskullar suyaklarni harakatlantirish uchun xizmat qiladi degan fikr Leonardo da Vinchini insoniyat tarixidagi birinchi robotni loyihalashtirishga undadi.
Pulemyot
Ma’lumot bo‘lishicha, pulemyot Birinchi jahon urishidan ancha oldin ixtiro qilingan ekan. «Organ karnayi shaklidagi mushket» (da Vinchi o‘zining ixtirosini ana shunday nomlagan edi) raqibni tinimsiz o‘q bilan yog‘dirishga qaratilgan edi. Buning uchun maxsus aravaga uchta ustunga 33 ta o‘q otar stvol o‘rnatish nazarda tutildi. Qurilma aylana olardi. Ustunlardagi qurollar navbatma-navbat o‘q otardi – bir qurol o‘q otganda, ikkinchisi o‘qlanardi, uchinchisi esa sovutilardi. «Pulemyot»ning balandligi vintli mexanizmdagi maxsus ko‘targich yordamida to‘g‘rilanardi.
Tank
Leonardo da Vinchi tomonidan ixtiro qilingan ushbu zirhli furgon – zamonaviy tankning prototipi hisoblanadi. Toshbaqani eslatuvchi konstruksiya ichidan zirh bilan qaplangan edi. Leonardo «tank»ining atrofida pushkalar o‘rnatilgandi. Ixtirochining g‘oyasiga ko‘ra ushbu mashinani uning ichidagi odamlar harakatlantirishi kerak edi, – sakkiz nafar kishi g‘ildiraklarni uzatmalar qutisi orqali harakatga keltirishi lozim edi.
Qiziqarli fakt
“Mona Liza” suratini olimlar hozirgacha o‘rganishadi
Barchaga ma’lum va mashhur bo‘lgan ushbu surat rassomlarning ham, olimlarning ham o‘ziga jalb qiladi. Maxsus dasturlar Mona Liza tasvirdagi his-tuyg‘uni berishini aniqlab berdi, xususan: 80%ga yaqin baxt, 10% norozilik, 5% qo‘rquv va bir necha foiz nafrat. Shuningdek, suratga taalluqli bir necha nazariya ham aniqlangan:
Mona Lizaning sirli tabassumi u homilador ekanligini anglatadi.
Xonimga jilmaymaslik qiyin bo‘lgan, chunki rassom Mona Lizani tasvirlayotgan vaqtda uni masharabozlar kuldirib turgan.
Portretda rassomning o‘zi niqob kiyib olgan. U o‘z qiyofasini tasvirda yashirish uchun o‘z bilimlari va qobiliyatlaridan foydalangan.