
“Karantinda ochilgan isteʼdodlar” tanlovining “foydali karantin” nominatsiyasi boʼyicha gʼoliblikni Fargʼona viloyati, Politexnika institutining iqtisod yoʼnalishi 2-bosqich talabasi Muxsinova Shahrizoda qoʼlga kiritdi.
Belgilangan karantin darvridan unumli foydalanish maqsadida koʼp onlayn tadbirlarga qatnashdim, deydi Shahrizoda. Jumladan, oliygohdan olgan bilimimni mustahkamlash maqsadida iqtisodiyot, ingliz tili, matematika fanlaridan umumrossiya onlayn olimpiadalarida qatnashib, faxrli 1-oʼrinlarni oldim. Shuningdek, mutahassisligim iqtisodiyot yoʼnalishi boʼlganligi sababli ushbu sohada ham oʼz tajribalarimni oshirishga harakat qildim. Natijada “raqamli iqtisodiyot” fanidan bir haftalik kursda ham qatnashishga muyassar boʼldim va ular tomonidan sertifikat bilan taqdirlandim.
Har bir erishgan muvaffaqiyatlarimdan kuchga toʼlib, yanada oʼz ustimda koʼproq mehnat qilishga urindim. Qozogʼiston hamda Hindistonda nashr etiladigan jurnallarga soham boʼyicha maqolalar yozib joʼnatdim. Ularning sahifalarida maqolalarimni koʼrib, juda quvondim. Hatto, sertifikatlarga ega boʼldim.
Bundan tashqari shoxlar oʼyini shaxmatga ham qiziqishim boʼlakcha. Yurtimiz boʼylab, oʼtkazilayotgan “Uyda qol va gʼalaba qozon” shiori ostidagi shaxmat turnirida sentyabrь saralash bosqichida faxrli 2-oʼrinni olishga muvaffaq boʼlib, grand finali uchun yoʼllanmani qoʼlga kiritdim.
Inson harakat qilar ekan u har bir qilgan mehnati uchun turli yutuqlarni qoʼlga kirita oladi. Shu bois ham, har bir tanlov mehnat va intilishim natijasini koʼrsatib beradi va ushbu natijalarga qarab, intilishlarimni davom ettiraman. Hozirda Institutimizda onlayn darslar yoʼlga qoʼyilgan. Darslarimiz tugagach, oʼzim uchun kerakli boʼladigan hamshiralik toʼgaragiga qatnashib turibman.
Kelajakdagi rejalarim juda bisyor. Tanlagan sohamning yetuk mutaxassisi boʼlish asosiy orzuyim! Iqtisodiyot yoʼnalishida Vatanimiz ravnaqiga oʼz hissamni qoʼshishni istayman. Koʼzlagan maqsadlarimni amalga oshirish uchun hozirdan tinimsiz mehnat qilishga shayman.
Sevara АBDULLАEVА yozib oldi