
11 sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida vazirlik huzuridagi “XXI asr texnologiyalari” ilmiy-texnikaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ommabop jurnali tomonidan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida «Karantinda ochilgan iste’dodlar» shiori ostida e’lon qilingan tanlov g‘oliblariga mukofotlar topshirildi.
Tanlovda qatnashgan har bir ishtirokchiga “XXI asr texnologiyalari” jurnali tahririyati tomonidan esdalik sovg‘alari hamda sertifikat topshirildi.
Tanlov 15 avgustidan to 31 avgustiga qadar davom etgan bo‘lib, uni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda o‘rnatilgan karantin davri mobaynida yoshlarning qanday ishlar bilan mashg‘ulligini bilish edi. Tanlov shartiga ko‘ra, ishtirokchilar karantin davridan unumli foydalangan holda, biror-bir sport turi bilan shug‘ullanayotgani, qandaydir hunar o‘rganayotgani, rassomlik qobiliyatini namoyon etayotgani yoki qandaydir ixtiro ustida izlanayotgani aks etgan videolavha yoki surat jo‘natishi kerak edi. Tanlovda 5 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qatnashishi belgilangan.
Belgilangan muddat davomida 200 ga yaqin qatnashchidan qiziqarli videolavha va suratlar keldi. Ular orasidan eng saralari tanlab olinib, “XXI asr texnologiyalari” kanaliga joylashtirib borildi. Har bir ishtirokchining mahoratiga baho bergan holda, ular #ixtirochi #rassom #foydali karantin #musiqachi #pazanda #sportchi #hunarmand kabi nominatsiyalarga ajratildi. Har bir videorolik va surat jurnal tahririyati xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan kuzatildi va o‘rganildi.
Tadbir yakunida Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosi bo‘ylab sayohat uyushtiriladi.