
“Karantinda ochilgan isteʼdodlar” tanlovimizning “rassomchilik” nominatsiyasi boʼyicha gʼoliblikni 5 yoshli Sherqulov Shohjahonqoʼlga kiritdi.
Yosh boʼlishiga qaramay, Shohjahonning tanlovga yoʼllagan rasmida tojdor virusning oqibatlari va undan saqlanishning oddiy qoidalari hamda zahmatkash shifokorlarning xatti-harakatlari ifodalangan surat tahrir hayʼati aʼzolarida katta taassurot qoldirdi. Ochigʼi, karantin cheklovlari, yuqumli virusning salbiy alomatlari, murgʼakkina qalbga ham kirib borgani va ularni oʼylantirgani bizni qiziqtirib qoʼydi. Karantin odamlarga oʼzlarini oʼzgartirishga, nimalardandir saboq olishga, boshqacha yashashga koʼnikishga oʼrgatdi. Qolaversa, qoʼllarni toza tutish va koʼchada niqob taqib yurish yosh bolalarning ham ongida muhrlandi. Аlbatta, “tozalik, ozodalik – salomatlik garov” tuygʼusining yoshlikdan shakllanishi bizning yutugʼimizdir.
Gʼolib oʼquvchimiz 556-sonli maktabgacha taʼlim muassasining tarbiya- lanuvchisi hisoblanadi. Boʼsh vaqtlarida sportning karate turi bilan ham shugʼullangan. Karantin davrida bunday tashkilotlarning faoliyati vaqtincha toʼxtatilgani bois, hozirda uyida boʼlishiga qaramasdan maktabda oʼqish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. U harflarni oʼqishni va sonlarni sanashni oʼrganmoqda. Sekin-asta ertak kitoblarini mustaqil oʼqishga oshiqayotgani bizni quvontirdi. Qolaversa, kichik ukasiga ham oʼz bilganlaridan saboq berayotganini eshitdik. Bundan tashqari, u oyisining yordamchisi. Uy-yumushlariga ham qarashib, oʼz burchini ado etmoqda.
–“XXI asr texnologiyalari” jurnali tomonidan uyushtirilgan tanlovda har bir ishtirokchida oʼzgacha taassurot qoldirdi, –deydi Shohjahonning dadasi Qarshiev Sharif. – Butun dunyoda «COVID-19» pandemiyasi boʼlgan bir paytda farzandlarimiz vaqtdan unumli foydalanib, mitti yuraklaridagi tuygʼularini namoyon etishga harakat qilishdi. Tashkil etilgan tanlov har bir unib-oʼsib kelayotgan farzandlarni qisman boʼlsa-da, ilmli va oʼz ustida koʼproq ishlashiga turtki boʼla oladi, deb hisoblayman.
Sevara АBDULLАEVА yozib oldi