Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz, ulugʼ ajdodlarimiz bor. Bugungi kunda Oʼzbekistonda 100 mingdan ziyod qadimiy asarlar mavjud. Bu raqamning oʼzi ham allomalarimizning ilm-fan sohasidagi bebaho xizmatlarini yaqqol koʼrsatib turibdi. Ushbu durdonalarning salmoqli qismi Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʼlyozmalar fondi, shuningdek, Oʼzbekiston Musulmonlari idorasi kutubxonasi, Oʼzbekiston Xalqaro islom akademiyasi Manbalar xazinasida saqlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ulugʼ zotlarga munosib ehtirom sifatida Toshkentdagi Hazrati Imom (Xastimom) mavzeida tashkil etilayotgan Islom madaniyati markazida ham yozma madaniy merosimizni oʼrganishga alohida eʼtibor berildi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil
23 iyundagi “Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʼzbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida allomalarimizning ulkan ilmiy faoliyatini koʼrsatuvchi alohida pavilьon qismlar ajratilishi va shu orqali ularning merosi ziyoratchilarga taqdim etilishi belgilab qoʼyilgan.
Siyosiy fanlar boʼyicha falsafa doktori Kamron Shaniyazovning “Аvliyolarim” kitobi bilan tanishib chiqqanimdan soʼng ulugʼ ajdodlarimizning Toshkentda yashab turgan bir avlodi sifatida shu kitob toʼgʼrisida oʼz fikr-mulohazalarimni bildirgim keldi.
Maktabda oʼqib yurgan davrlarim marhum otam, Soatov Todjiboy, bizlarga koʼp quyidagi soʼzlarni uqtirgan edi: “Oʼgʼlim, biz ulugʼ ajdodlar avlodlarimiz, bizning bobolarimiz oʼz davrining ziyoli, donishmand, xalq eʼtiboridan joy olgan, hurmatli insonlari boʼlgan. Shuning uchun sizlar ham yaxshi oʼqib, ulugʼ ajdodlarimizga munosib insonlar boʼlib ulgʼayishingiz kerak”.
Marhum otamning yuqoridagi gaplarini ongu shuurimga muhrlab, maktabda yaxshi oʼqidim, soʼngra Leningrad (Sankt-Peterburg) universitetlaridan biriga oʼqishga kirib, uni 1982 yili muvaffaqiyatli bitirib, Toshkent shahridagi maxsus korxonalardan birida mehnat faoliyatini boshladim. Davlatimiz oʼz mustaqilligiga erishganidan soʼng Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi korxonalarda ishlab keldim.
Marhum otam ajdodlarimiz haqida koʼp eslab, gapirib turar, lekin ular haqida toʼliq maʼlumot bermas edi. “Аvliyolarim” kitobida ana shunday tarixiy ajdodlarimiz nomlarini yoritilib berilgani, ularning madaniy-maʼrifiy merosi haqida koʼplab maʼlumotlar keltirilgani va ularning bizlar bilan bogʼlovchi shajaralari koʼrsatilganligini alohida taʼkidlab oʼtish kerak. Sababi “Аvliyolarim” kitobi ajdodlarimiz haqida, shaxsan men kimlarning avlodi ekanligim toʼgʼrisida aniq maʼlumot olishimga yordam berdi. Bu aniqlik esa menda oʼsha ajdodlarimga yanada hurmatim oshishi bilan birga oʼzimga boʼlgan hurmatim oshishiga sababchi boʼldi, Va, albatta, shu insonlar yashab oʼtgan tarixga, shu insonlar yashab oʼtgan diyor boʼlmish Oʼzbekistonimizga yanada mehrim, muhabbatim, ehtiromim oshdi.
Ushbu kitob men ulugʼ ajdodlar avlodi ekanligimni anglab, bugungi va keyingi avlodlarga buni yetkazish uchun koʼprik boʼlib xizmat qilishimga masʼuliyat yukladi. Holbuki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning bugungi kunda ulugʼ tarixiy ajdodlarimiz nomini tiklashi, ularning ilmiy, madaniy-maʼrifiy merosini dunyo miqyosida oʼrganilishi va targʼibot qilinishi, ular bilan bogʼliq tarixiy obidalar qayta tiklanishi, obodonlashtirilishi, respublikamizda Islom markazining qurilishi, bu borada dunyo miqyosida anjumanlar oʼtkazilishi hamda boshqa bir qator ulkan ishlar qilinishi, tarixiy merosni asrab avaylash, oʼrganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yunalishlaridan biriga aylantirilishi, albatta, bizlarni bu borada yanada ilhomlantiradi va imkon qadar shu masalalarda oʼz hissamizni qoʼshishga chorlaydi.
Kamron Shaniyazovning “Аvliyolarim” kitobi uch til (oʼzbek, rus, ingliz)da chop etilishi buyuk ajdodlarimiz merosini oʼrganish, tadqiq etish va dunyoga tarannum etishda muhim ahamiyatga ega boʼladi degan umiddaman. Shuningdek, mazkur kitob respublikamiz oliy va oʼrta maxsus oʼquv yurtlarida gumanitar fanlar yoʼnalishi boʼyicha, yaʼni ijtimoiy fanlar doirasida oʼrganilishida oʼz oʼrnini topadi, degan fikrdan yiroq emasman. Chunki bu kitob yosh avlodning maʼnaviy dunyosini boyitib, ular ongida ajdodlar merosiga hurmat ruhini kuchaytirish va ularning ota-bobolarimizga munosib avlod boʼlib kamol topishida muhim tarbiyaviy omil boʼlib xizmat qiladi
Kamron Shaniyozov ulugʼ ajdodlarimizning boy merosini yangi qirralarini oʼrganishda oʼz ilmiy ijodini davom ettirib, bizlarga yangi, yanada qiziqarli, maʼlumotlarga boy kitobini taqdim etadi degan umiddaman va men unga bu ulkan ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Saatov Zaxir Tadjibaevich
Neftegaz maxsus qurilish unitar korxonasi Bosh injeneri muovini