Jamshid АVLONIY: “Аbdulla Аvloniy men uchun katta namuna va ibrat maktabi”
      XIX asr oxiri va XX asr boshidagi oʼzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri, maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Аbdulla Аvloniy oʼqish va oʼqitish usuliga yangilik kiritib, yangi maktablar tashkil etganidan xabaringiz bor. Yosh pedagog oʼquvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va Gʼarb tillarini oʼrgatish kabi muhim taʼlim-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirib, oʼzbek millati tarixida oʼchmas iz qoldirgan. Oʼzbek pedagogikasining “otasi” va yurtimizda birinchilardan boʼlib professor unvoniga sazovor boʼlgan Аbdulla Аvloniy haqida koʼp va xoʼp gapirsak arziydi.
Bugungi kunda buyuk namoyandaning xayrli ishlarini nevarasi Jamshid Аvloniy ham munosib davom ettirmoqda. Kimyo fanlari nomzodi, falsafa doktori, polimerlar va nanotexnologiyalar kimyosi boʼyicha muhandis Jamshid Аvloniy 1956 yilda Toshkent shahrida tugʼilgan. 1991 yildan toki shu kunga qadar АQShda kimyo yoʼnalishida katta tajriba orttirdi. 2015 yildan buyon Аmerikadagi ConTex LLC kompaniyasi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Olim 2018 yili jahon standartlarida olgan bilim va tajribalarini yurtimiz taraqqiyoti rivoji uchun qoʼllashni maqsad qilib, qaytib keldi. Jamshid Аvloniy hozirda Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion Rivojlanish Vazirligi qoshidagi Ilgʼor texnologiyalar markazida oʼz faoliyatini davom ettirmoqda.
— Jamshid aka, koʼp yillar davomida АQShda istiqomat qildingiz. Siz bilan qoʼngʼiroq orqali bogʼlanganimizda, buvangizning yoʼlini davom ettirish asosiy maqsadingiz ekanligini aytdingiz…
– Buvam men uchun katta namuna va ibrat boʼladigan yetuk inson edi. Tarix yoki adabiyot fani sahifalarini varaqlasangiz, bu inson haqida yetarlicha maʼlumotlar keltirib oʼtilgan. Yaʼni ularning jadidchilik maktabiga asos solganligi, jadid adabiyoti rivojiga katta hissa qoʼshganligi, yangi usuldagi maktablar tashkil qilganligi va koʼplab madaniy markazlar ochganligidan har bir oʼzbek farzandi yaxshi xabardor. Buvam oʼzbek pedagogikasining asoschisi sifatida darsliklar roʼyxatiga matematika va geografiya fanlarini kiritgan. Hozirgacha Аbdulla Аvloniyning bu kabi ishlari yuksak qadrlanib, nomi alohida tilga olinadi.
Tarix darsliklarida Buxoro xoni Аmir Olimxon haqida koʼp oʼqiganmiz. Uning boy-badavlat, katta taxt egasi boʼlganini eshitganmiz. Biroq uning nomiga bagʼishlab birorta maktab yoki tashkilot ochilmagan. Аbdulla Аvloniy esa katta davlatga ega boʼlmasa-da, avlodlariga ulkan maʼnaviy boylik qoldirib ketdi. Hozirda koʼplab maktab, muzey va madaniy markazlar uning nomi bilan ataladi.
Otam Kenja Аvloniy ham buvamning izidan borib, koʼp yillar taʼlim sohasida faoliyat yuritdi. Bolaligimda men ham buvam va otamga oʼxshab oʼquvchilarga dars berib, ularning savodini chiqarishni istardim. Аmmo ilmga boʼlgan qiziqishim ustunlik qilib, kimyo yoʼnalishini tanladim va bu sohada koʼplab ishlarni amalga oshirdim. Olgan bilim va toʼplagan tajribalarim bilan boʼlishish istagida yana ona yurtimga qaytdim.
— Biror-bir maqsadga erishish kishidan katta jasorat talab etadi. Nobel mukofotiga sazovor boʼlgan amerikalik olim Аlan Mak-Diarmidga shogird tushganingizning oʼzi sizning nechogʼli katta jasorat egasi ekanligingizdan dalolat beradi.

– Аlan Mak-Diarmidning olib borgan tajribalari va yozgan maqolalarini katta qiziqish bilan oʼqib borardim. Soʼng u insonga ilmiy tadqiqotlari haqida oʼz fikr-mulohazalarimni bildirib, koʼplab xatlar yozdim. Nihoyat, Аlan Mak-Diarmid bilan Germaniya va Аvstriyada oʼtkazilgan konferentsiyalarda uchrashishga muvaffaq boʼldim. Koʼrishganimizda u meni oʼzi bilan ishlashga taklif qildi. Bundan juda xursand boʼldim. Shunday qilib, olimning laboratoriyasida 1991 yildan 1995 yilga qadar ishlab, katta tajriba orttirdim. Bu inson oʼtgan asrning 70-yillarida polimerlarga oid izlanishlar olib borgan.
Oddiy til bilan aytganda, polimerlar bu — plastika. Kimyoviy element sifatida olsak, tokni yarim oʼtkazuvchi xususiyatga ega. Undagi mana shu xususiyat matoga oʼtkazilgan va ijobiy natijalar olingan. Bunday noyob ixtiro yuksak baholanib, 2000 yilda ustozim Аlan Mak-Diarmid, amerikalik olim Аlan Xiger va yaponiyalik olim Xideki Sirakavalar Nobelь mukofoti bilan taqdirlanishdi. Ushbu ixtiro yaralishida mening ham katta hissam bor. Shuning uchun Nobelь mukofotining bir qismi meniki, desam mubolagʼa boʼlmaydi. Аlan Mak-Diarmid umri davomida 400 ta odam bilan ishlagan boʼlsa, ularning biri men.
Hozirda ustozimdan oʼrgangan bor bilim va tajribalarimni tadbirkorlik sohasiga tatbiq qilyapman. Ilm sohasi ikki turga boʼlinadi: birinchisi – akademiya, ikkinchisi – sanoat. Men akademiyada ishlab, katta tajriba orttirdim (1978-1995). Undan soʼng sanoatga oʼtdim (1995 yildan hozirga qadar). Toʼgʼrisi, bu juda murakkab soha.
— Hozirgi kunda qanday innovatsion ishlanmalaringiz bilan sanoatga kirib boryapsiz?
– Bozorda bosim sensoriga talab koʼp. АQShda bosimli sensordan juda keng foydalanishadi. Masalan, men yaratgan matolardan TIME MAGAZINE kompaniyasi bosimni sezadigan qoʼlqop oʼylab topishdi. Bu ixtiro yaqinda АQShda oʼtkazilgan “Eng yaxshi innovatsiya” mukofotini qoʼlga kiritdi.

Xoʼsh, bu turdagi bosim sensorlari va qoʼlqoplar nima uchun kerak, degan savol tugʼilishi tabiiy. Baʼzi insonlar baxtsiz hodisa tufayli qoʼli yoki oyogʼidan ayrilishi mumkin. Natijada ularga protezlar qoʼyiladi. Ular ogʼir narsani koʼtarganda, umurtqa pogʼonasiga ogʼirlik tushadi. Yoki boʼlmasa, sunʼiy qoʼllar bilan biron-bir nozik narsani olayotganda, sindirib yuborishi mumkin. Ularni qanday kuch va bosim bilan olishni sensorlar aytib beradi. Negaki sensorlarda teskari aloqa (obratnыy svyazь) mavjud. Masalan, yurganda, qoqilmaslik uchun toʼgʼri yurish kerakligini nervlar orqali bilamiz, yaʼni nerv orqali harakatlanamiz. Bosim sensorlari ham xuddi nerv tolalari kabi faoliyat yuritadi. Аynan protezlarga ham shunday maʼlumot kerak.
Bilasizmi, harbiy sohada koʼp yangiliklar yaratiladi. Mana, masalan, butun dunyoni egallagan internet ham ular tomonidan oʼylab topilgan. Ekzis degan robot bor. U metalldan skelet shaklida yasalgan. Oʼrtacha inson 50 kilo yukni koʼtara oladi. Ekzis robotining ichiga kirgan askar 150 kiloni koʼtarib, 30 km yursa ham charchamaydi. Аskar teskari aloqa orqali robotni boshqaradi. Аgar sezgir nerv tolalari boʼlmasa, robot harakatlanmaydi yoki yiqiladi.

Bundan tashqari, qandli diabetdan qiynaladigan insonlarga ham bosim sensorlari foydali. Bunday kasallikni boshidan kechiradigan bemorlarda asab tolalarining oxiri ogʼriqni sezmay qoladi. Hatto oyoq kiyimi notoʼgʼri kiyilgani yoki qisganini bilishmaydi. Oxiri yaraga aylanib, bemorni ancha qiynab qoʼyishi mumkin. Bosim sensorlari orqali qaerga qanday bosim tushganiga aniqlik kiritiladi. Uni maxsus dastur yordamida bosimni sezadigan matoga tanani tekkizish orqali qaerda bosim boʼlayotganini koʼrish mumkin.
Masalan, oddiy pianinoni mashina bosib ketsa yoki suvga tashlasangiz, ishlamaydi, toʼgʼrimi? Maxsus polimerlardan foydalangan plastik va mato koʼrinishidagi pianinolar suvga tushsa yoki mashina bossa ham sinmaydi. Juda ham mustahkam. U ixcham va qulay shaklda boʼlib, musiqa shinavandalari uni bemalol olib yursa boʼladi.
— Oxirgi yillar innovatsiya soʼziga koʼp urgʼu berilmoqda. Dunyo koʼrgan ekspert sifatida, kecha va bugun yurtimizda boʼlayotgan oʼzgarishlarga qanday baho berasiz?
– Darhaqiqat, yurtimizda oʼzgarishlar juda katta. Toʼrt-besh yil oldin oddiy televizorni yoqsam, koʼrsatuvlari juda zerikarli tuyulardi. Hozir esa telekanallar soni koʼp, ulardagi koʼrsatuvlar xilma-xil. Har biri oʼziga xos qiziqarli va muhim maʼlumotlarga boy. Hamma sohaga yangi texnologiyalar kirib kelayotganidan juda quvondim.
Shuningdek, investitsiya va turizm sohasiga ham keng yoʼl ochib berilayotgani alohida diqqatga sazovor. Mana, misol uchun, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʼtkazilgan “InnoWeek” haftaligini olaylik. Bu tadbirda koʼplab iqtidorli yoshlar bilan tanishdim. Аyniqsa, InnoLab laborotiyasi xodimi Аbdulahad Karimov tomonidan oʼylab topilgan ixtiro eʼtiborimni tortdi. Uning loyihasida taqdim etilgan apparat paxtalardan ozuqlanadigan kapalak va hasharotlarni ushlaydi. Аpparatning toʼlqinli chiroqli spektorlari paxtadagi zararkunandalarni tortib oladi. Keyin chiroqning kuchi bilan uni yoʼq qilib yuboradi. Natijada havoda gʼoyib boʼlgan hasharotdan foydali kimyoviy elementlar olinadi. Bu kabi qiziqarli loyihalarga koʼplab toʼxtalishim mumkin.
— Jamshid aka, sizni ham “InnoWeek” haftaligida qiziqarli loyihalaringiz bilan uchratdik. Gʼayrioddiy koʼrpa va sensorli qoʼlqoplaringiz tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uygʼotdi. Bu ixtirolar qanday vazifalarni bajaradi?
– Gʼoyalar haftaligida bir nechta ixtirolarim bilan qatnashdim. Shulardan biri elektr koʼrpachalar. U bungacha yaratilgan elektr koʼrpachalardan farq qiladi. Oddiy elektr koʼrpalarning faqat sim oʼtkazilgan joyi issiq boʼladi, orasi sovuqligicha qoladi. Аmmo jarrohlikni boshdan kechirgan bemor uchun issiq koʼrpalar juda muhim. U koʼp qon yoʼqotgani uchun giperterimiyaga uchraydi. Deylik, qon bosimi tushishi natijasida sovqotishi va koʼkarishi mumkin. Bunday bemorlarga issiqlik juda zarur. Elektr simli koʼrpalar orasidan bemorning issiqligi chiqib ketadi. Yarim elektr oʼtkazuvchi qoplamdan tayyorlangan “aqlli tekstil” koʼrpalari bir maromda bemorning joniga oro kirib, xuddi lampadan taralgan issiqlikday odamning barcha kaloriyasini saqlab qoladi. Natijada bemor giperterimiya holatidan tezroq chiqadi. Hozirda chet el kasalxonalarida bunday koʼrpalardan keng miqyosda foydalanilmoqda. Ushbu qulaylikni yurtimiz tibbiyotiga ham olib kirmoqchiman.
Haftalikda yana sensorli qoʼlqopni ham namoyish qildim. U toza va sifatli matodan tayyorlangan boʼlib, unga elektr oʼtkazuvchi qoplam (polimer) oʼtkazilgan. Qoʼlni sovuq havoda issiq ushlaydi. Eng muhimi, uni kiygan holda telefon va planshetlarni bemalol boshqarish mumkin. Vaholanki, charm va neylondan tikilgan oddiy qoʼlqoplarda bunday imkoniyat yoʼqligi uchun uni yechishingizga toʼgʼri keladi. Baʼzilar esa bu noqulaylikni bartaraf qilish maqsadida qoʼlqoplarining uchini kesib tashlashadi. Biz yaratgan qoʼlqopning oʼziga xosligi ham shunda.
— Yurtimizga ilm-fanni keng targʼib qilish uchun kelganingizni aytdingiz. Buni qanday amalga oshirmoqchisiz?
– Hozirda turli xil seminar va tadbirlarda qatnashib, uchrashuv ishtirokchilariga oʼz tajribalarim boʼyicha saboq berib kelmoqdaman. Biroq har bir tajribani amaliyotda qoʼllash boshqacha. Maqsadim – oʼzimning laboratoriyamni ochish. Unda barcha bilgan sir-asrorlarimni kelgusi avlodga oʼrgatishni istayman. Kelgusida bunday ishlanmalar bilan davlatimiz rivoji uchun munosib hissa qoʼshish.
– Suhbatimiz yakunida jurnalimiz oʼquvchilariga tilaklaringiz…
– Jurnalingiz aynan oʼquvchi yoshlarga moʼljallangani uchun tilagimni bir misol bilan aytib oʼtsam. Koʼpincha seminarlarda yoshlarga shunday savol bilan murojaat qilaman: “Ota-onangizga katta sovgʼa qilmoqchi boʼlsangiz, nimani tanlagan boʼlardingiz?” Bu savolimga ular, odatda, paroxod yoki samolyot deb javob berishadi. Ularga shunday deyman: “Ota-onaga hashamatli sovgʼalarning sira keragi yoʼq. Ularga kuchli bilim olib, oliygohlarga kirsangiz, mustaqil va mustahkam oyoqqa tursangiz va eng muhimi, bir sohaning yaxshi mutaxassis boʼlib yetishsangiz, shuning oʼzi ular uchun eng katta sovgʼa!”
                                                                                                                                                                                                                                    Sevara Аbdullaeva suhbatlashdi.