Avstraliyalik mashhur psixiatr shifokor, buyuk mutafakkir va shaxs psixologiyasi asoschisi Alfred Adler fikricha, muvaffaqiyatli odamlar mukammallikka intilish orqali hayotda yetakchilik qilar ekan. Aynan Adler ta’riflagan “jonli” namunaga dunyodagi eng rivojlangan Microsoft kompaniyasi hamda kompyuter dasturiy ta’minot sanoati asoschisi Bill Geytsni misol qilib keltirish mumkin.

Bill Geytsning muvaffaqiyat tarixi haqiqiy amerikaliklarning orzusini eslatadi. U tinimsiz mehnati orqali nafaqat kompaniyaning ravnaq topishiga, balki yer yuzidagi eng badavlat insonlar ro‘yxatidan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.

Bolalik yillari

Bo‘lajak omadli biznesmenning bolaligi AQShning Vashington shahrida joylashgan Sietl shtatidan boshlanadi. Bill Geyts 1955-yili 28-oktabrda ziyoli oilada dunyoga keldi. Uning otasi Vilyam Geyts huquqshunos, onasi Meri Maksvell esa birinchi davlatlararo bank direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan. Shu sababli ular Geytsni Sietlda joylashgan eng nufuzli Leyksayd maktabiga berishadi.

1968-yili Bill maktabdoshi Pol Allen bilan do‘stlashib qoladi. Ularning do‘stlik tarixi maktab ma’muriyati General Electric kompaniyasidan kompyuter vaqtini sotib olganidan boshlandi. O‘sha paytda kompyuterlar bozori DEC PDP-10 mikroarxitekturaga asoslangan tizimlar tomonidan boshqarilgan. Bill va Allen maktabga keltirilgan kompyuterlardan boshqa o‘quvchilar kabi shunchaki vaqtini o‘tkazish uchun foqdalanmaydi. Aksincha, ular kompyuter haqidagi mavjud adabiyotlarni o‘qishga qiziqishadi. Natijada Bill avtomobilga qarshi o‘ynashga ruxsat beruvchi oddiy stimulyator dasturini yozishga erishdi. Biroq bir yilga sotib olingan kompyuter vaqti maktab ma’muriyati tomonidan bir necha hafta ichida sarflanadi. Natijada ikki do‘st kompyuterga kirish imkoniyatini yo‘qotishadi. Ammo ularning tushkun kayfiyati uzoqqa cho‘zilmaydi. Leyksayd maktabiga yangi o‘quvchi qo‘shiladi. Uning otasi Computer Center Corporation markazida yetakchi dasturlovchi bo‘lgan. Bu esa Geyts va uning do‘stida tajribalarini davom ettirishga yana imkon yaratadi.

1969-yilda Computer Center Corporation qator qiyinchiliklarga duch keladi va 1970-yili inqirozga uchraydi. Leksayd o‘quvchilari bir vaqtning o‘zida ham ishini, ham kompyuterga kirish vaqtini yo‘qotishadi. Biroq tinib-tinchimas ishbilarmonlar to‘xtab qolishmaydi. Ular o‘zlarini rivojlantirish maqsadida boshqa yo‘llarni qidirishga tushishadi. 1971-yili Information Sciences kompaniyasi bolalarni dasturlochi qilib ishga qabul qiladi.

Maktab davrida Bill dars jadvalini tuzadigan dastur yaratadi. O‘ninchi sinfda esa kompyuterga doir kitoblarni o‘qish emas, balki undan dars berish darajasiga erishadi.

Kompyuter hayotimni mazmuniga aylangandi…

Billni maktabdagi fanlar mutlaqo qiziqtirmagan. Lekin 1973-yili oilasining istagiga ko‘ra, Garvard universitetiga o‘qishga kiradi. U matematika fanini chuqur o‘zlashtirib, professorlik darajasiga erishishni istasa-da, kompyuter sohasidan ko‘ngil uzolmaydi. Billning aytishicha, u darslarda o‘tirganida, xayoli faqat kompyuterlarda bo‘lgan. Odatda, insonlarda daholik fazilati uning turmush tarzi va qurshab turgan muhitiga qarab shakllanadi. Biroq bu qoida Bill Geytsga nisbatan amal qilmagan.

Shu orada Pol Allen tungi mashg‘ulotlarini davom ettirishga imkon beradigan dasturiy ish topadi. Bu ishga Bilni ham taklif qiladi.

Kunlardan bir kun ular Popular Electronics jurnalida MITS kompaniyasining shaxsiy Аltair 8800 mikrokompyuteri yaratilayotgani haqida o‘qib qolishadi. Ular bu kompyuter uchun BASIC dasturiy interpretatorini yaratishga qaror qilishadi. Bu yangi dastur, ya’ni BASIC tili aynan Аltair 8800 uchun mos keladi. Natijada yosh tadqiqotchilar Altair kompyuterini yaratgan MITS kompaniyasi bilan shartnoma tuzishga erishadi. Oradan ikki oy o‘tgach, 1975-yilning 4-aprelida afsonaviy Microsoft kompaniyasiga asos solinadi Bu nomni o‘ylab topgan Allen uni ikkita so‘zning qisqartmasidan olgan edi: microprocessor (mikroprotsessor) va software (dasturiy ta’minot).

Dastlabki qadamni tashlash kompaniya uchun murakkab kechdi. Xodimlarning tinimsiz mehnatiga qaramasdan, kompaniyaning moliyaviy ahvoli og‘ir, yaxshi mutaxassislarni yollashga imkon yo‘q edi. Mehnat – mehnatning tagi rohat, deganlaridek, oradan uch yil o‘tar-o‘tmas, Yaponiyada kompaniyaning vakolatxonasi ochiladi. 1981-yilda IBM PC kompyuterining sotuvga chiqarilishi yosh tijoratchilarga katta omad keltiradi. Kompyuterga o‘rnatilgan MS-DOS tizimiga 86-DOS dasturi asos sifatida olinadi. Uni Geyts va Allen Seattle Computer Products kompaniyasidan sotib olib, qayta ishlab chiqishadi.

1981-yili Microsoft kompaniyasi katta korporatsiyaga aylanadi. Uning boshqaruv tizimini Bill va Pol o‘zaro teng bo‘lib olishadi. Oradan ko‘p o‘tmay Microsoft kompyuter dasturiy ta’minotiga BASIC, COBOL, Paskal kabi dasturlar ham qo‘shiladi. Shundan keyin kompaniya shiddat bilan rivojlana boshlaydi.

Microsoft shuhratini butun dunyoga tarqatgan dastur – Windows 1984-yildan ishga tushiriladi. O‘shanda bu dastur buyruqlar panelidan iborat MS-DOS dasturiga grafik tus beradigan “nusxa” edi, xolos.

1993-yilda Microsoft Windows foydalanuvchilari soni 25 millionga yetdi. Shu tariqa Windows dunyodagi eng mashhur grafik interfays operatsion tizimiga aylandi.  1998-yili Windows 98 dunyo yuzini ko‘rdi. U ko‘rinishidan Windows 95 dan mutlaqo farq qilmagan. Biroq ichki funksiyalari yaxshilangan tartibda ishlagan. Keyin esa qadamba-qadam Windows 2000 yaraldi. Aynan ushbu dastur foydalanuvchilari fikriga ko‘ra, Windows 2000 Microsoftning eng yaxshi dasturi hisoblanadi.

 G‘alaba va raqobat ruhi menga tinchlik bermasdi!

Billga g‘alaba qozonish ilinji, raqobat ruhi va boshqalarga qaraganda yaxshiroq va ko‘proq harakat qilish istagi tinchlik bermasdi. Keyinchalik u Microsoftning grafik interfeysga asoslangan operatsion tizimini yaratish haqida o‘ylaydi. Bunday tizim Apple kompaniyasida allaqachon shakllanib bo‘lgandi. Microsoft grafik interfeys imkoniyatlarini o‘zining Word va Excel dasturlarida sinab ko‘radi va muvaffaqiyat qozonadi.

1993-yili Microsoft kompaniyasi sichqonchani yaratadi. Ushbu moslamasiz kompyuterdan foydalanish juda qiyin. Ushbu qurilmaning yaratilishi kompyuterda ishlashni ancha osonlashtirdi.

Microsoft kompaniyasi, shuningdek, musiqa pleerlari va zamonaviy soatlar ham ishlab chiqaradi. Bu esa kompaniyaning Apple bilan raqobatlashayotganiga yaqqol namunadir. Bu qarama-qarshilikda goh u tomon, goh bu tomon g‘alaba qozonadi. Aytaylik, kompyuter bozorida Microsoft so‘zsiz yetakchilik qilsa, audiopleer va planshetlar ishlab chiqarishda Apple ga teng keladigani yo‘q.

“People” jurnali Billga shunday ta’rif beradi: “Geytsning dasturlovchi sifatidagi dovrug‘i xuddi Edison elektr chiroqqa erishgan yutuqqa teng. Qisman innovator, qisman tadbirkor, qisman savdogar va mutlaqo daho inson”.

  Bill Geytsning shaxsiy fazilatlari

Bill Geyts odamlardagi iste’dod va qobiliyatni tan olishni yaxshi ko‘radi hamda bunday insonlarni hurmat qiladi. U vaqtni juda qadrlashiga qaramasdan, biznesdagi asosiy narsa – intellektual kapital deb hisoblaydi. Shu sababli gohida xodimlarni ishga olishda shaxsan o‘zi suhbat o‘tkazadi. Agar qobiliyatli xodim uchrasa, unga qo‘ng‘iroq qilib, ishga taklif qiladi. Billning jamoasi — eng yaxshi va kuchli dasturchilardir.

Kuchli matonat va qattiq mehnat Billning asosiy xususiyati sanaladi. Dam olish yoki hordiq chiqarishni u zaiflik belgisi deb hisoblaydi. Shu sababli u har kuni juda ko‘p soatlab o‘zini ishga bag‘ishlagan. Negaki inson bir joyda tursa, erishgan yutuqlarining qiymati tezda yo‘qolishiga ishonchi komil edi. Ayniqsa, bu holat kompyuterlar olamida tezda sezilishi aniq. Bejizga yangi dasturni o‘zlashtirgan bo‘lsangiz, demak, bilingki, bu allaqachon eskirgan deya aytishmagan.

 Bill Geytsdan foydali tavsiyalar

Bill Geyts ko‘rgan qiyinchiliklari, ish tajribasi va muvaffaqiyatlari bilan bo‘lishish maqsadida maktablarda tez-tez uchrashuvlar tashkil etadi. Har safar o‘z ma’ruzasini yakunlashidan oldin quyidagi haqiqatlarni alohida ta’kidlaydi.

  1. Hayot murakkab – bunga ko‘nikish lozim.
  2. Jamiyatimizni o‘zingizga “yuqori baho berishingiz” mutlaqo qiziqtirmaydi. Ular sizdan faqat “muvaffaqiyat” kutishadi.
  3. Agar biron-bir ishga qo‘l ursangiz-u, u siz kutgan natijani bermasa, bu ota-onangizning aybi emas. Xatolaringizdan to‘g‘ri xulosa chiqarishga o‘rganing. Omadsizlikka munosabatingizni o‘zgartiring.
  4. Birovni ayblash va yomonlashdan oldin o‘zingizga nazar soling. Shunda to‘g‘ri mulohaza qilishni o‘rganasiz.
  5. Ko‘zlagan maqsadingizga erishish uchun bo‘sh vaqtlaringizdan unumli foydalaning. Aynan hozir sizda bunday vaqtlar ko‘p.
  6. Doimo hamma bilan hushmuomalada bo‘lishga harakat qiling. Bir kun kelib, ular sizning rahbaringiz bo‘lishi mumkin.

 Geytsning yaqin hamkori va do‘sti Pol Allen 1983-yilda deyarli barcha aksiyalarini Geytsga sotib, biznesni tark etadi. U aksiyalarning bir qismini saqlab qolgani bois kompaniyaning direktori kengashidagi o‘rnini yo‘qotmadi. 2008-yilda Bill Geyts ham aksiyalarini saqlagan holda Microsoft dan ketadi. 2000-yilda Bill turmush o‘rtog‘i bilan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bill & Melinda Gates Foundation fondini tashkil qildi. Ayni damda bu milliarder ushbu fond faoliyati bilan mashgֹ‘ul.

Sevara Abdullayeva tayyorladi.