
Bu insonni dunyo ahli yaxshi taniydi. U 1790 yil 17 aprelda, ya’ni bundan 231 yil avval bu dunyoni tark etgan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan u bilan ko‘pchilik hozir ham «muloqotda» bo‘lib turadi. Bu inson amerikalik davlat arbobi, siyosatchi, diplomat, jurnalist, yozuvchi, noshir, ixtirochi va faylasuf Benjamin Franklin bo‘ladi. Uning surati AQSh 100 dollarlik kupyurasiga tushirilgan. Benjamin Franklinning «IXTIROChI», ya’ni «INNOVATOR»lik faoliyatiga diqqatimizni qaratamiz:
– Fizika fani uchun elektr toki bilan zaryadlangan zarrachalar, ya’ni (+) musbat va (-) manfiy atamasini umumjahon miqyosda muloqotga kiritgan.
– Atmosferada elektr tokining paydo bo‘lishi, ishqalanish kuchidan elektr toki hosil qilish va «Chaqmoqning elektr tabiati»ni isbotlab bergan.
– 1752 yilda yerga ko‘milgan bir uchi o‘tkirlangan metallar elektr toki bilan zaryadlangan jismlar energiyasini o‘ziga qabul qilib olishini isbotladi va «Chaqmoqqa qarshi» uskuna loyihasini ishlab chiqib, amalga tatbiq etdi.
– 1784 yilda Bifokal linza va ko‘zoynakni ixtiro qildi.
– 1784 yilda o‘zi yaratgan «Chayqalib turuvchi kreslo» konstruksiyasi uchun patent oladi.
– 1742 yilda uylarni isitishga mo‘ljallangan mitti tejamkor va samarador pech konstruksiyasini ishlab chiqib, sinovdan o‘tkazdi. Bu isitish pechlari «Franklin pechlari» deya nom oldi. 1770 yilda bu pechlarni mukammallashtirdi va xalq sotib olishga qiynalmasin deb patent olishdan voz kechdi.
– Elektrostatika kuchlari ta’sirida «Elektr g‘ildirak» aylanishini namoyish qildi va elektr dvigatellar yaratish g‘oyasini ilgari surdi.
– Poroxni elektr toki, ya’ni «Elektr uchqun» yordamida portlatishni birinchi bo‘lib ixtiro qildi.
– Leyden bankasi ishlash tamoyili, elektr toki hosil bo‘lishi jarayonida asosiy vazifani tok o‘tkazgichlarni bir-biridan ajratib turadigan Dielektriklar (o‘zidan elektr tokini o‘tkazmaydigan jismlar) bajarishini isbotlab berdi.
– «Shishalar garmoniyasi» musiqa asbobini mukammallashtirib, o‘z konstruksiyasini yaratdi. Bu musiqa asbobidan Motsart, Betxoven, Donetsitti, R.Shtraus, Glinka va Chaykovskiy kabi mashhur kompozitorlar o‘z asarlarini yaratishda foydalanishgan.
– Atlantika ummoni Golfstrim oqimi kengligi va chuqurligini o‘rganib, ilmiy asoslar bilan Geografik xaritaga kirgizdi.
Benjamin Franklin ko‘plab davlatlar akademiyalarining faxriy a’zosi bo‘lgan.
Inson qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, uning ong va tafakkuri doimo qandaydir yangilik yaratishga undaydi va yaratgan yangiligi odamzod farovon yashashi uchun xizmat qilishini ko‘nglidan o‘tkazib yashaydi.
Material muhandis Mahammadali Alimjanov tomonidan tayyorlandi.