O‘zbekiston Respublikasining Baku shahridagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov va Gruziya Innovatsiya va texnologiya agentligi raisi Avtandil Kasradze boshchiligida videokonferensiya uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida Gruziya tomoni Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va Yashnobod innovatsion texnoparkining faoliyati bilan batafsil tanishib chiqdi, hamda innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, olimlar va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilm-fan va ta’limning integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ushbu videokonferensiya doirasida «onlayn» rejimda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Gruziya Innovatsiya va texnologiya agentligi bilan Anglashuv memorandumi imzolandi. Bunda, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari hamda tadqiqot va taraqqiyot (R&D) markazlari faoliyati bo‘yicha Gruziya tajribasini o‘rganish, hamkorlikda qo‘shma ilmiy loyihalar va startaplarni o‘zaro kelishilgan holda moliyalashtirish hamda startaplar infratuzilmasini rivojlantirish kabi amaliy ishlar bajarilishi rejalashtirilgan.

Kelgusida sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, turizm, tadbirkorlik va sog‘liqni saqlash sohalarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishildi.