
19 yanvar kuni Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 146 yilligi munosabati bilan «Mahmudxo‘ja Behbudiy va jadid matbuoti» mavzusida xalqaro miqyosida ilmiy retsenziyalangan onlayn-konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab quvvatlash markazi (Research Support Center) hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur konferensiya innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etib, nutq so‘zladi. U mazkur xalqaro anjuman Turkiston jadidlarining otasi hamda rahnamosi, jamoat arbobi, dramaturg Mahmudxo‘ja Behbudiyni yana bir bor xotirlash imkoniyatini berishini aytdi.
– Agar e’tibor berib qaralsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiy faoliyatining mazmunini yangilikka intilish tashkil qiladi, – dedi I. Abdurahmonov. – Xalqni mustabidlikdan, jaholatdan qutulishining yagona yo‘lini ma’rifat, bilim va ilm olishda deb bilgan Behbudiy tomonidan 1903 yilda Samarqandda yangi maktablar tashkil etilgan. Behbudiy va uning izdoshlari yurtning ijtimoiy-siyosiy hayotini yaxshilashga, turmush tarzini o‘zgartirishga harakat qilishgan.
Hech ikkilanmasdan, Mahmudxo‘ja Behbudiy va u yetakchiligidagi jadidlarni vatanimizning dastlabki innovatorlari deb atay olamiz. Sababi yangi usuldagi jadid maktablarining ochilishi, hozirgidek internet, televideniye imkoniyatlari bo‘lmagan davrda ma’rifat targ‘iboti uchun yangi teatr truppalarining tashkil etilishi. Turkiston yoshlarining ilm olish uchun zarur shart-sharoitlarning yaratilishi hozirda inson kapitalini rivojlantirish deb atayotgan maqsadimiz bilan hamohangligi ham mazkur konferensiyaning naqadar muhim va zarurligini anglatadi.
Shu o‘rnida ta’kidlash joizki, «Turkiston jadidlarining otasi» Mahmudxo‘ja Behbudiy va u rahnamoligida Turkistondagi jadidchilik harakati tarixi, jadidlar merosini tadqiq qilish bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida loyihalar tanlov e’lon qilingan. «Filologiya, pedagogika va psixologiya fanlari» yo‘nalishi bo‘yicha ““jadid.uz” elektron platformasini yaratish» mavzusida innovatsion loyihalar tanlovi uchun respublikamizdagi tarixchilar, filologlar hamda tilshunoslar, san’atshunoslar tomonidan loyihalarning taqdim etilgani mazkur mavzuga olimlarimizning qiziqishi katta ekanini ko‘rsatadi.