
Innovatsion rivojlanish vazirligiga qarashli Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab internati matematika, fizika, informatika va astronomiya fanlariga ixtisoslashgan. Tabiiyki, bunday fanlarni o‘rganishda texnikalarning o‘rni beqiyos. O‘quvchi ta’lim olayotgan fanini nafaqat o‘qishi, balki uni amalda ko‘rib, his qilsagina yanada mukamal o‘zlashtirishi turgan gap. Shuni inobatga olgan holda, kimyo, biologiya, fizika va informatika fanlarida laboratoriya ishlarini virtual tarzda o‘rganishlari uchun Xitoy davlatidan “HOLOMAX” uskunasi olib kelindi.
“HOLOMAX” uskunasi 3D ko‘zoynak orqali barcha fandagi mavjud hossalarni namoyon qiladi. Masalan, biologiya fanida inson a’zolarini o‘rganish davomida tomirlararo qonning a’zolarda harakatlanishini kuzatish mumkin. Go‘yoki, barcha hodislar ko‘z o‘ngingizda bo‘layotganday tuyuladi. Axir aytishadiku, yuz marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal deb. Xuddi shunday, ko‘rganimiz butun umr yodimizda muhrlanadi.
Shuningdek, zamonaviy texnologiya asosida dars o‘tishga mo‘ljallangan elektron doska va interaktiv panellar ham maktabda o‘rin olganligini kuzatdik.
Yuqoridagi gapimizning tasdig‘i, sifatida QR-kod innovatsion darslikka ham alohida to‘xtalib o‘tishni joiz topdim. Ko‘pincha o‘qigan narsamizni yodimizda saqlashga qiynalamiz. Maktabda o‘quvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida QR-kod dasturi ham ishga tushirilgan. Ushbu dasturga WI-FI orqali maxsus shtrix kod bilan ulansangiz bo‘ladi. Natijada innovatsion darslik orqali sizga qiyinchilik tug‘dirayotgan fandan ma’lumotlar va videolar ko‘rib, keng ma’lumot olishingiz mumkin. Masalan, geografiya fanidan mamlakatlarning joylashishi va o‘lchami, poytaxtlarini bilmasangiz, bemalol ushbu dastur orqali tezda xabar topasiz. Ushbu innovatsion darslik bilan nafaqat Mirzo Ulug‘bek maktabi o‘quvchilari, balki butun dunyo yoshlari kerakli shtrix kodni terib, ulanishi mumkin.
Bundan tashqari “Q-BOX” innovatsion qurilmasi ham maktab ahliga xizmat qilishni boshladi. Q-Box – bu respublikamizning eng chekka hududlaridagi maktablar, kollejlar, OTMlar va boshqa ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalarga Wi-Fi tizimi shaklida ta’lim olish uchun mo‘ljallangan hamda ta’limga oid elektron ma’lumotlar, elektron darsliklar, elektron-axborot resurlarini o‘z ichiga olgan innovatsion qurilma sanaladi.
Bo‘lajak astronomlarga zo‘r imkoniyat!
Bizning e’tiborimizni zamonaviy osmon jismlarini kuzatish uchun mo‘ljallangan Meade LX600 teleskopi tortdi. Shu sababli Meade LX600 teleskopining tuzulishi va afzallik jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tishni joiz topdim.
Meade LX600 teleskopi AQShning yetakchi “Meade Instruments” firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, teleskop ko‘zgusining diametri 40 sm, focus masofasi esa 325 sm.dir. U 140 ming osmon jismini o‘ta katta aniqlik bilan topoladi. Teleskopning GPS tizimi va Autostar II masofadan boshqaruv pulti bilan jihozlangan. Ushbu jihozlar yordamida teleskop to‘liq avtonom rejimda o‘zini-o‘zi sozlash va kuzatuvlarni dasturlash imkoniyatiga ega. Qolaversa, teleskopda yuqori sifatli optika mavjud. Qurilma Shmidt-Kassegren sxemasiga ega bo‘lib, osmon jismlarini nazariy jihatdan 100-martadan 800-martagacha kattalashtirish imkoniyati mavjud. Uning yordamida oy, sayyoralar va ularning yo‘ldoshlari, asteroidlar va kometalar, yulduzlar va ularning to‘dalari, tumanlik va galaktikalarni kuzatish mumkin.