
Mamlakatimizda iqtisodiyot va sanoatda, shuningdek, ijtimoiy sohalarda zamonaviy texnologiyalarning o‘rni ortib borgani sayin, jamiyat hayotining barcha jabhalarida innovatsion g‘oyalar, ixtirolar keng joriy etilmoqda. Bu hol ishlab chiqarish hamda mehnat unumdorligini oshirishda, sohadagi muammolar yechimini topish hamda uni amaliyotga tatbiq etishda o‘z samarasini ko‘rsatyapti. Qayd etish lozim, ushbu jarayonda yoshlarning o‘rni beqiyos. Ayni paytda yosh ixtirochilarimiz o‘z g‘oyalari bilan barchani lol qoldirishmoqda.
Navoiy shahrida tug‘ilgan, hozirgi kunda Karmana tumanidagi 21-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Humoyun Haydarov joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan “Innoweek.uz-2019” – innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. U o‘qishdan tashqari, o‘z qiziqishlari va intiluvchanligi sababli ko‘plab sertifikat, tashakkurnoma va diplom bilan taqdirlangan.
Quyida Humoyua Haydarov bilan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
– Ilk kashfiyotimga 8-sinfda qo‘l urganman, – deya co‘z boshlaydi yosh ixtirochi. – U “aqlli ventilyator” loyihasi bo‘lib, qishda ham, yozda ham ishlatiladi. Ventilyatorning maxsus displeyi, ya’ni ekrani bor. Shu ekran orqali havoning harorati, namlik darajasi ko‘rsatiladi. Ko‘p odamlar qimmat narxlarga vintelyator hamda konditsioner sotib olishadi. Mazkur loyiha bu kabi ortiqcha xarajatlarning oldini olishga qaratilgan. Ya’ni u bitta qurilma bo‘lib, ham sovutadi, ham isitadi, agar qish kunlari xonada gaz isi chiqishi ehtimoli kuzatilsa, bu haqda telefoningizga signal yuboradi. Ushbu qurilmaning telefoningizdagi dasturi yordamida o‘chirib-yoqish, xuddi vetelyator singari o‘ngga va chapga burib boshqarish funksiyalari mavjud.
Keyinroq arxitektorlar uchun multimetr yaratdim. Bu asbob masofani metr yordamida emas, balki ellektron lazer yordamida o‘lchaydi. Uning haroratni o‘lchaydigan, tok bor-yo‘qligini tekshiradigan funksiyalari ham bor. Bu ixtiro uchun patent olganman.
Yozning jazirama issiq kunlarining birida ota-onam bilan toqqa chiqdik. U yerga yetib borganimizda o‘zimiz bilan olgan suvlarimiz isib, ayrim yeguliklar aynib qolgandi. Bu yoqimsiz holat edi. O‘sha kuni muzday suv icholmay, juda qiynalganmiz. Shunda xayolimga mashinada bemalol olib yursa bo‘ladigan muzlatkich yaratish g‘oyasi keldi. Shu tariqa “Mobil muzlatkich” loyihasiga qo‘l urdim. Kichik, atigi 7 litr hajmdagi bu muzlatkichni qo‘lda olib yurish mumkin. Mabodo, ichidagi suyuqlik to‘kilsa, u baland ovozda signal beradi. Displey (ekran)da ham bu holat haqida xabar yoziladi. Bunday muzlatkich bilan uzoq masofaga dori vositalarini olib borish mumkin. Yoki issiq havoda ayniydigan oziq-ovqat mahsulotlarini, ichimliklarni solib olsangiz, xavotirlanmaysiz, manzilga muzdekkina yetadi.
“Kran” loyiham ham bor. Hozirgi mavjud mashina-kranlarda yuklarni bir joydan ikkinchi joyga olish inson qo‘li bilan boshqariladi. Mening loyihamda esa o‘sha katta kranlar yerdan turib kameralar yordamida boshqariladi. Bunga ham qiziquvchilar ko‘p bo‘ldi.
Uyda mashinamiz bor. Dadam ketib qolsalar, men mashinani haydolmasdim. Yoki pultni menga berib qo‘ysalar, o‘zlariga mashina kerak bo‘lganda muammo paydo bo‘lardi. Ko‘pchilikda mashanasining pultini yo‘qotib qo‘yish holatlari uchraydi. Natijada mashinani ocholmay yoki yopolmay qiynalishadi va usta chaqirishiga majbur bo‘lishadi. Men mana shu muammoni hal qilishni istadim. “SHAXCAR smart system” loyihasi mashinalarni pult orqali emas, balki telefon yordamida ochish, yopish, yurgizish, to‘xtatish kabi funksiyalarni bajaradi. Chunki telefonga shunday dasturlar o‘rnatiladi. Ushbu loyihaning qulayligi shundaki, agar telefonning quvvati tugasa, boshqa telefon orqali mazkur programma yuklab olinadi va mashina eshigini bemalol ochsa bo‘ladi.
– Bu sohaga qiziqishingizga nima sabab bo‘lgan? Maktab o‘quvchisi ekansiz, ham o‘qish, ham bunday loyihalarni yaratish qiyin bo‘lmayaptimi?
– Mening ixtirochilikka qiziqishim kuchli bo‘lgani uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Internet orqali dunyoda qanday ixtirolar bo‘layotgani bilan qiziqaman, o‘qiyman, o‘rganaman. Bu sohada yanada ko‘proq bilim olishga harakat qilaman. Ixtirolar hayotimning bir bo‘lagiga aylangan, desam xato qilmayman. Bola – boshdan, deganlaridek, texnik yaratuvchilikka qiziqishim bolalikdan boshlangan. Qiziqishimning yanada kuchayishi esa bundan ikki yil oldin Innovatsion rivojlanish vazirligining vujudga kelishi bilan bog‘liq. Bu vazirlikda faoliyat yuritayotgan uztozlarning qo‘llab quvvatlashi yangi-yangi g‘oyalarning vujudga kelishiga turtki bo‘ldi. Shuningdek, o‘z akam ustozim ham hisoblanadi. Ba’zi loyihalarimni akam va do‘stlarim bilan yaratganmiz. Hali maktab o‘quvchisiman, turli tanlovlarda ishtirok etish uchun nafaqat poytaxtimiz Toshkentga, balki xorijga chiqishga ham to‘g‘ri keladi. Bu paytda o‘qituvchilarim meni qo‘llab-quvvatlashadi, qoldirilgan darslarimni o‘zlashtirib olaman. Turli musobaqalarda ishtirok etish mening kelajagim uchun zarur. Shu bois, hech qachon ortga chekinmay, faqat oldinga intilish mening shiorimdir.
– Bu ishlarga qo‘l urarkansiz, maqsadingizni ham aniqlab olgandirsiz?
– Albatta, oldimga katta maqsadlar qo‘yganman: chet davlatlardagi IT biznesmenlari, sohaning jahonga mashhur asoschilari kabi o‘z loyihalarimni yuksak darajada yaratish, dunyoning eng kuchli, eng boy biznesmenlaridan biriga aylanish. Kuchli jamoa yig‘ishni, dunyo miqyosidagi ixtirolarim bilan Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishni istayman.
– Niyatingizga yeting! Aytingchi, muammolarga ham duch kelganmisiz? Yangi g‘oyalarni ixtirolar shakliga keltirish uchun, ya’ni kerakli xom ashyoni sotib olish uchun mablag‘ ham kerak-ku…
– Muammo ham, to‘sqinliklar ham bo‘lgan. Ko‘p loyihalarimni ishlab chiqarishga (realizatsiyaga) qo‘yolmaganman. Avvallari Innovatsion rivojlanish vazirligi yo‘q edi, bizga o‘xshagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi davlat organlari unchalik rivojlanmagan edi. Prezidentimiz qarori bilan mazkur vazirlikning vujudga kelishi va ular tomonidan bo‘layotgan qo‘llab-quvvatlashlardan g‘oyatda mamnunmiz. Vazirlik bizga mamlakatimizda IT texnologiyalari sohasi yo‘nalishidagi barcha eshiklarni ochib berdi. Mavjud bo‘lgan to‘siq va muammolarga endi yechim topyapmiz. Yangi g‘oyalarni loyiha shakliga keltirish uchun esa ko‘p mablag‘ talab etilmaydi. Balki katta bilim va iqtidor zarur. Motor, datchik va boshqa kerakli asbob-uskunalarni sotib olishda dadam yordam beradilar.
– Maktabingizda yoki tumaningizda sizga o‘xshab yangi g‘oyalar bilan yashayotgan yoshlar bormi?
– Umuman, yurtimizning barcha viloyat, tuman va shaharlarida g‘ayratli, bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Keyinroq atrofimga shu sohaga qiziqqan bolalarni yig‘ib, ular bilan juda katta ishlarni amalga oshirish niyatidaman. Chunki yoshlar hamisha qiziqishlariga kattalarning e’tibor qaratishiga, ularni qo‘llab-quvvatlashiga muhtojlik sezishadi.
– Anglashimcha, siz bo‘sh vaqtingizni ko‘proq bilim olishga, yangidan yangi g‘oyalar va ularni amalga oshirishga bag‘ishlaysiz. Aytish mumkinki, hozirdan kelajagingiz poydevorini o‘z qo‘llaringiz bilan quryapsiz. Biroq sir emas, hamma yoshlar ham sizday yo‘l tutishmaydi. Bo‘sh vaqtini bekorchi narsalarga sarflab, umrini bema’ni o‘tkaziyotganlar ham, afsuski, bor. Siz shunday yoshlarga nima degan bo‘lardingiz?
– To‘g‘ri aytasiz, shundaylar ham bor. Endigina 20-25 yoshdaman, hali hayotim oldinda deb, keksalar aytganidek, hakkalak otib yurishadi. Yoki bo‘sh vaqtlarini internetdagi turli o‘yinlar bilan yoxud telegram, instagramda o‘tkazishadi. Internetdan ham to‘g‘ri va unumli foydalansa bo‘ladi-ku. Ayniqsa, o‘qish, o‘rganishni yoshlar birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak. Prezidentimiz kitobxonlikka katta e’tibor qaratayotgani zamirida ham yoshlarimizni bilimli, kuchli qilishga intilish yotibdi. Chunki kuch –bilimda. Inson qancha ma’rifatli, ma’naviyatli bo‘lsa, hayotda yuksak natijlarga erisha oladi, deb o‘ylayman.
Humayun Haydarov Turin Politexnika Universiteti, Toshkent Politexnika muzeyi hamda “O‘zAvtosanoat” MChJ tomonidan tashkil etilgan “Yosh ixtirochilar 2018“ tanlovida “Eng yaxshi muhandislik ishi nominatsiyasi”ni qo‘lga kiritgan. U “Smart fan system” va “Kran” ixtirolari muallifi. 2018-yili Navoiy viloyatida tashkil etilgan innovatsion yarmarkada viloyat hokimi tomonidan tadbiq etilgan pul mukofoti va Xitoyga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
“Mobil muzlatgich“ va “Multimetr” muallifi bo‘lgan Humoyun Innovatsion g‘oyalar haftaligi “Innoweek”da qatnashib, “Robototexnika va Mexatronika” yo‘nalishida mutlaq g‘olib jamoa azosi hisoblanadi. “Aqlli uy” muallifi. Shuningdek, u Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli “Barkamol avlod” bolalar markazi qoshidagi yosh olimlar innovatsion klubi asoschsi.
H.Haydarov 2018 yili Meksikada o‘tkazilgan Xalqaro “FIRST global challange” robototexnika olimpiadasida ishtirok etib, O‘rta Osiyoda 1-o‘rinni egallagan O‘zbekiston jaomasi a’zosi (guruh programmisti). Bugungi kunda u Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli “SHAXCAR smart system” loyihasi dasturiy ta’minot bo‘limi boshlig‘i.
–
Gulchehra MURODALIYEVA suhbatlashdi.