“Innovator” jurnali orqali eʼlon qilingan “Vazirdan maktub” loyihasi uchun Qashqadaryoning chekka bir hududidan xat keldi.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Ommag‘on qishlog‘ida yashovchi yosh ixtirochi Ahrorbek Farhodov Innovatsion rivojlanish vaziriga o‘z qiziqishlari, ayniqsa, turli xil eski uskunalarning ichki qismlaridan Labo mashinasi, kamaz, magnitofon va yana koʻplab texnika vositalari yasagani haqida maktub yoʻllagan edi.

Yosh ixtirochining maktubiga Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham javob yozdi: “Ahrorbek, maktubingizni oʻqidim. Oʻqidim-u, yurtimizda sizdek iqtidorli va yangiliklarga intiluvchan, izlanishlardan zavq oladigan yoshlar borligidan quvondim, gʻururlandim. Vaqtingizdan unumli foydalanayotganizdan xursand boʻldim. Maktabda aʼlo baholarga oʻqishdan tashqari har xil innovatsion ishlanmalar yaratishga qiziqishingiz, ularni oʻzingiz mustaqil yasashga boʻlgan ishtiyoqingiz katta yutuq va ulkan marralarga olib kelishiga ishonaman”.

“InnoWeek-2022” innovatsion ishlanmalar hududiy ko‘rgazmasi Qashqadaryo viloyati bosqichi doirasida Ahrorjon Farhodovga Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari tomonidan vazirning javob maktubi va esdalik sovg‘asi topshirildi.