Innovatsion rivojlanish vazirligida «Ilmiy yoʼnalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlashda fan jamiyatlarining roli» mavzusida matbuot anjuman oʼtkazildi. Tadbirda Oʼzbekiston Matematiklar jamiyati aʼzolari, sohaning yetuk mutaxassis va olimlari ishtirok etdi.
Аnjumanda Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilm-fan va ilmiy texnikaviy tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʼi, professor Shuhrat Otajonov Oʼzbekistonda ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini amalga oshirishda dolzarb ilmiy yoʼnalishlar boʼyicha fan jamiyatlarini tashkil etish masalasi haqida soʼz yuritdi.
Mazkur kontseptsiyaga muvofiq ilmiy tashkilotlar rahbarlari lavozimiga ustuvor ravishda ilm-fan tizimini boshqarish koʼnikmasiga va iqtisodiy bilimga ega boʼlgan yosh mutaxassislar tayinlanadi. Oʼz navbatida 2021 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy tashkilotlar rahbarlarini Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oʼqitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi joriy qilindi.
Shuningdek joriy yil boshidan har bir ilmiy tashkilotda uning boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida ilm-fan va ilmiy faoliyat boʼyicha maslahatchi lavozimi kiritildi. Bu lavozimga taniqli ilm-fan namoyandalari va nufuzli olimlardan biri tayinlanishi hamda maslahatchi tashkilotning Ilmiy kengashini boshqarishi koʼzda tutilgan. Bundan tashqari, hozirda ilmiy yoʼnalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarning sohadagi masʼuliyatini oshirish maqsadida har bir fan yoʼnalishlari boʼyicha fan jamiyatlari tashkil qilinmoqda.