
10 mart kuni Milliy matbuot markazida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan «Ilmiy loyihalarni grant asosida moliyalashtirish» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov anjumanda ilmiy grantlar berilishining yangilangan tizimi, grant olish jarayoni haqida ma’lumotlar berdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar tanlovini o‘tkazadi va ularni moliyalashtiradi, shuningdek ilmiy loyihalar bo‘yicha davlat buyurtmalarini shakllantiradi, davlat ro‘yxatini yuritadi, bajarilishini monitoring qiladi. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi to‘liq joriy etildi. Yangi tartib sifatida, yakuniy mahsulot va moliyalashtirish hajmi aniq bo‘lgan tematik loyihalarga davlat buyurtmasi bo‘yicha tanlovlarni muntazam ravishda e’lon qilish yo‘lga qo‘yildi. Tanlov mavzusi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohadagi dolzarb muammolarning ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilib, davlat buyurtmasi sifatida e’lon qilinadi. Har bir e’lon qilingan mavzu bo‘yicha davlat buyurtmasining moliyaviy hajmi oldindan belgilanadi va tanlovda kamida ikkita loyiha ishtirok etishi talab etiladi. Natijada raqobat muhiti shakllanib, doimiy grant mablag‘larini olish imkoni yaratildi. Hozirda bir loyihani moliyalashtirish 3,5 barobarga oshdi hamda mablag‘larning kamida 40 foizini zarur asbob-uskunalar, reagent va materiallar sotib olishga yo‘naltirish asosida har bir ilmiy loyiha doirasida ilmiy maktablar (yangi ilmiy yo‘nalishlar) va zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar parkini yaratilmoqda.
Ilmiy loyihalarni ekspertiza qilish uchun vazirlik huzurida tarkibi davriy yangilab boriladigan, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan 18 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha 450 ta malakali olim va mutaxassislardan iborat yangi ilmiy-texnik kengashlar (ITK) tashkil qilingan. Ayni kunlarda 102 ta ilmiy tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan 520 nafardan ziyod nomzodlar orasidan Scopus va Web of Science xalqaro bazalarida Xirsh indeksiga ega 126 nafar olimlar tanlab olinib, 18 ta Ilmiy-texnik kengashlar (ITK) tarkibi to‘liq rotatsiya qilindi, bunda ITK raislari, o‘rinbosarlari va ilmiy kotiblari o‘rniga salohiyatli, yosh va xalqaro tajribaga ega olimlar tayinlandi. 36 nafar xorijlik olim ITKlar tarkibiga ekspert sifatida jalb qilindi.