Innovatsion rivojlanish vazirligi, Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Venture Well (AQSh) kompaniyasi tomonidan AQSh elchixonasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda ilk bora 13-16noyabr kunlari ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘liq yosh startap kompaniyalari uchun Ilm-fan va texnologiyalar orqali global innovatsiyalar (GIST) hududiy startap treningi o‘tkazildi. Mazkur tadbir tadbirkorlarning novatorlik imkoniyatlarini kengaytirish, yangi startaplar yaratish, xududning biznes ekotizimini mustahkamlashga qaratilgan. Dasturda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistondan 25 ta startap-jamoalari ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, 2011-yildan shu kunga qadar GIST tomonidan butun dunyodan 27 million nafar innovator va tadbirkorlarni jalb qilgan holda 8400 startapchilarga ta’lim berildi. Natijada 220 million AQSh dollari o‘zlashtirildi. Amerika Qo‘shma Shtatlaridan tashrif buyurgan yetti nafar trener, mentor va spiker tadbirkorlik, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni tijoratlashtirish, g‘oyalar va texnologiyalarni monetirizatsiyalash bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidi. Amaliy mashg‘ulotlar orqali trening qatnashchilariga kuchlarini sinashga imkon berildi.
Treningda yoshlar nafaqat bilim olish, balki bilimlarini tajribada sinab ko‘rishga ham muvaffaq bo‘lishdi.

Finalga chiqqan yetti jamoa ichidan uchta jamoa tanlab olinib, ular bir ming AQSh dollaridan uch ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik yosh kimyogarlar Mardonali Mirzaaliev va Sherozbek Dolimov tomonidan taqdim etilgan “O‘zbekistonda pektin ishlab chiqarish” loyihasi qo‘lga kiritdi. Yosh izlanuvchilar o‘z loyihalari haqida bizga quyidagilarni bayon qilishdi:

     – Pektin oziq-ovqat sanoati, qandolatchilik (jem, konservalar, marmelad, konfet) va farmakologiya sohalarida keng qo‘llaniladi. Bu tabiiy qo‘shimcha turli mevalar, ayniqsa, olmadan olinadi.

Hozirgi kunda bu ozuqa qo‘shimchasi O‘zbekistonga bir qator xorijiy davlatlar, jumladan, Germaniya, Shvetsiya va Xitoydan import qilinmoqda. Vaholanki, pektinni o‘zimizda ham ishlab chiqarishning iloji bor. To‘g‘risi, bozorni o‘rganib, birorta mahalliy pektin ishlab chiqaruvchi tadbirkorni topolmaganimizdan ajablandik. Shu bois ham biz bu mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi Sherzodbek Dolimov.

Treningda pektin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasiga GIST StartUp deb nom berildi. Albatta, buning uchun chet eldan kerakli texnologiya olib kelinadi. Qolaversa, shunga mos xomashyo tanlab olish uchun “Ilg‘or texnologiyalar markazi”da katta ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi. To‘rt kun davom etgan trening mobaynida topshirilgan loyihalarni hayotga tatbiq qilish, biznes modeli, innovatsionligi va bozorda talabgorligi tekshirildi.

Bunday Startap treninglar yosh tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini tezroq bozorga olib chiqish, texnologiyalar olib kelishda nimalarga ahamiyat berish va eng asosiysi, investor topib, hayotga tezroq tatbiq qilishga yordam beradi.

Aytish zarur bo‘lgan yana bir jihat shundan iboratki, spiker va trenerlar tomonidan bajarilishi zarur bo‘lgan yo‘l xaritalari tuzib berildi. Buning asosida kelgusi yili O‘zbekistonda yana bir import o‘rnini 100% bosuvchi mahsulot ishlab chiqariladi.
        Ikkinchi o‘rin tojikistonlik yosh tadqiqotchilarning Easy Silk Road deb nomlangan startapiga berildi. Bu sayyohlar uchun ilova bo‘lib, u yerda sayyohlik marshrutlari, jumladan, xavfli hududlar haqida muhim ma’lumotlar beriladi.

– Umuman olganda, Easy Silk Road g‘oyasi sayohatlar paytida tajribaga asoslangan holda tug‘ildi, – deydi Farrux Hojatov. – Sayohat qiluvchilar har doim muayyan muammolarga duch keladi. Xususan, yashash uchun turar joy, tansiq taomlardan iborat oshxona va qanday madaniy hordiq chiqarish bilan bog‘liq bir qator savollar sayohatchilarni tashvishlantiradi.

Sayohatchilarni bunday muammolardan xoli qilish maqsadida, to‘liq va mukammal tarzda tuzilgan loyiha yaratishga harakat qildik. Shu bilan birga, taqdim etayotgan loyihaning muvaffaqiyatli bajarilishi uchun yagona yechimga ega bo‘ladigan ilova yaratish kerak, degan fikrga keldik. Birinchi marta ushbu loyiha haqida o‘ylaganimizda, barcha turistik xizmatlarni birlashtirishni istadik. Mehmonxonani band qilishdan tortib yaqin atrofda joylashgan gidlar haqida ham ma’lumotlar kirgizmoqchi bo‘ldik. Darhaqiqat, bunday yo‘l orqali turistlar muammosini universal ravishda hal qiladigan yechimni deyarli topdik. Biroq hammasi biz o‘ylagandan ko‘ra murakkabroq kechdi.

Barcha turistik xizmatlar konsepsiyasini dastlabki bosqichda amalga oshirish oson bo‘lmadi. Shu bois ushbu loyihani dastlab ma’lum vaqt mobaynida “55 Group” investitsiya maslahat kengashi kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirishga qaror qildik. Natijada biz sayyohlar tomonidan ko‘plab ariza tushayotgani va ular uchun sayohatlar uyushtiradigan platformalar mavjud emasligiga amin bo‘ldik.  Biz taqdim etayotgan  Easy Silk Road startapi aynan sayohatchilar uchun malakali va sifatli xizmatlarni amalga oshira oladi.

Easy Silk Road – Markaziy Osiyoda sayohatlar uyushtiradigan maydonchadir. Deylik, ikkita shaharga borish uchun A nuqtadan B nuqtagacha bo‘lgan masofani tanladingiz. Biz yaratgan platforma siz uchun bir nuqtadan ikkinchi nuqtagacha borish uchun yo‘l xaritasini tuzib chiqadi. Platforma bir nuqtadan ikkinchi nuqtagacha bo‘lgan joylardagi barcha mehmonxonalar, shaharning diqqatga sazovor maskanlari, narxi hamda xavfli hududlari haqida ma’lumot beradi. Ushbu loyiha 2019-yilning ikkinchi yarmida ishga tushirilishi mo‘ljallangan.
Uchinchi o‘rinni o‘zbekistonlik yoshlar Igor Kim va Bog‘don Bag‘dasarov tomonidan yaratilgan chakana savdoning xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan Fastago loyihasi egalladi. Igor Kim bizga o‘z loyihasi haqida quyidagilarni aytib berdi:

Hammasi mahalliy onlayn-do‘kon orqali buyurtma berganimdan boshlandi. Menga shakar buyurtmasi o‘rniga petrushka o‘tini keltirishgan. Qolaversa, narsalar ko‘rsatilgan vaqtdan ancha kechiktirib yetkazildi. Hafsalam pir bo‘lganini ko‘rgan Bog‘don do‘stim g‘amimga sherik bo‘ldi. Natijada dunyoda shunga o‘xshash muammolarga barham berish maqsadida sa’y-harakatlarimizni birlashtirishga ahd qildik. Ikkalamiz ham Moskva Davlat Universiteti Fizika fakultetining amaliy matematika yo‘nalishini bitirganligimiz sababli muammoni yechish masalasi u darajada qiyinchilik tug‘dirmadi.

Xullas, yetkazib berishni osonlashtiradigan onlayn-xarid do‘kon dasturini taqdim etishga kirishdik. Muhimi, hamkorlarimiz uchun ta’rifning arzon narxda bo‘lishini ta’minlashdir. Odatda, onlayn-do‘konlardan olayotgan narsangizning soniga qarab, bir qancha shartnomalar tuziladi. Bizning do‘konimiz bilan atigi bitta xujjat to‘ldiriladi, xolos. Biz taklif qilayotgan Fastago – “yugurdak do‘koni” orqali dunyoning istalgan nuqtasiga narsalar jo‘natishingiz mumkin. Mazkur loyiha 2019 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Sevara Abdullaeva tayyorladi.