
Innovatsion rivojlanish vazirligida Germaniya bilan ilmiy hamkorlikka bag‘ishlangan «Germaniyaning innovatsion tajribasi: Olmon ilmiy tashkilotlari» mavzusida xalqaro konferensiya onlayn tarzda o‘tkazildi. Konferensiyani Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev va Innovatsion rivojlanish vazirining Yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns ochib berdilar. Ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, moliyalashtirish, grant tizimining Germaniya tajribasini o‘rganish O‘zbekiston akademik jamoalari uchun muhim ekanligini inobatga olgan holda konferensiyaga oliy ta’lim muassasalari prorektorlari va ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari va rahbar o‘rinbosarlari taklif etildi.
Konferensiyada Aleksandr fon Gumboltd jamg‘armasi eksperti professor Klaus Manderlar, Olmon ilmiy-tadqiqot jamiyati xodimi professor Yoyern Axterberg va Akademik almashinuv bo‘yicha Germaniya xizmati lektori Simon Krechmer ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Germaniya butun dunyoda ilm-fan o‘chog‘i deb tan olingan. U yerdagi ilm-fanga bo‘lgan hurmat, tolerantlik muhiti va demokratiya yangidan yangi olimlarning yetishishiga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning ishlashi, yashashi va dam olishi uchun yaratilgan sharoitlar, tenglik va mehmondo‘stlik ilmiy ishlar samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Akademik almashinuv bo‘yicha Germaniya xizmati (DAAD – Deutscher Akademischer Austauschdienst) lektori Simon Krechmer xalqaro ilmiy almashinuv iqtidorli insonlar o‘z imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishlari mumkin bo‘lgan joyda o‘qishlari, dars berishlari va tadqiqotlar olib borishlari lozimligini ta’minlashi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Germaniya Ta’lim va tadqiqotlar federal vazirligi (BMBF) hamkorlikdagi e’lon qilingan O‘zbekiston–Germaniya xalqaro ilmiy loyihalar tanlovi 1 noyabrga qadar davom etadi. Ushbu tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik va germaniyalik olimlar uchun loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkor topishga ko‘maklashuvchi maxsus sayt yaratildi. Saytga quyidagi havola orqali kirish mumkin: http://uzb-ger.mininnovation.uz/.