
Hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligida 16 ta fan yo‘nalishlari hamda Startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash va Qurilish materiallarini o‘rganishga bag‘ishlangan Ilmiy-texnik kengash faoliyat yuritmoqda.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligidagi Startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashning navbatdagi majlisida Ilmiy texnik kengash tarkibining rotatsiyasi masalasi ko‘rib chiqildi. Majlisda ITK Raisi, Rais o‘rinbosari va Ilmiy kotibi saylandi. Bir ovozdan qabul qilingan ITK rahbariyati va tarkibi vazir buyrug‘i bilan tasdiqlandi.
Majlisda vazir I.Abdurahmonov Ilmiy-texnik kengash a’zolarining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi barcha qonun hujjatlariga, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari talablariga to‘liq rioya qilishini kafolatlashi haqida Majburiyatnoma imzolashlari va har bir loyihani ekspertizadan o‘tkazishda shaffoflik, adolatlilikni ta’minlashlari zarurligi haqida alohida to‘xtaldi.
Majlisda startap loyihalariga vazirlik tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovlar, unga topshiriladigan loyihalarga qo‘yiladigan talablar, loyihalarning dastlabki texnik va moliyaviy ekspertizasi haqida batafsil tushuntirildi.