Hayot bir sahna misoli. Unda har birimiz o‘z ijroyimiz bilan taqdirimizni yaratamiz. Kimdir umri davomida duch kelgan to‘siqlardan aylanib o‘tishga harakat qiladi, kimlardir esa shu to‘siqlardan qo‘qrqmay dadil olg‘a qadam tashlaydi. Oramizda shunday insonlar borki, butun umri faqat kurashishdan iborat.
Bugun “kun olimi” loyihamizda ko‘p yosh olimlarga ibrat bo‘lgan olim, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Erkin Narbo‘tayevning kurashga to‘la hayot kechinmalari bilan tanishishni joiz topdik. Qahramonimiz 24 yoshida fan nomzodi, 32 yoshida fan doktori va 34 yoshida professorlik unvoniga ega bo‘lgan.
Erkin Xolboyevich1959 yil 17 fevralda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ko‘p bolali oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan.

                                                                     Hayotim yo‘lidagi ilk kurash!
Mahallamizda turli millat aholisi (tatar, koreys, rus) istiqomat qilardi. Tabiiyki, ana shu turli millat bolalari bilan quvlashib-o‘ynab katta bo‘ldim. Ayniqsa, ular ichida Genatullo men uchun yaqin do‘st edi. Bir kuni u maktabga chiqishini maqtanib aytib qoldi. Unga juda ham havasim keldi. Shu zahoti uyga yugurib kirdimu, ota-onamga “ men ham maktabga boraman, Genatullo bilan o‘qiyman” deya turib olganman. Shunda onam, axir Genatullo sendan kattada, sen undan kichiksan dedi. Maktabga borish istagim kuchliligini ko‘rgan Genatulloning oyisi menga yordam berib, maktabga rus sinfiga joylashtirdi. Shunday qilib, do‘stim bilan sinfdosh bo‘ldim. Ammo rus tilida gapirish tugul bironta so‘zni ham bilmasdim. Men uchun qiyinchilik damlari boshlandi. Avvaliga meni o‘zbek sinfiga o‘tkazmoqchi bo‘lishdi. Bu ham, kamday yaxshisi maktabdan ketgin, kelasi yil yana kelasan deyishdi. Shunday ahvolga tushmaslik uchun men tirishqoqlik bilan rus tilini bilishga harakat qilardim. Hayotning mo‘jizasini qarangki, bizga dars beradigan o‘qituvchi Zinaida Ibragimova menga yaqin mahallada turar ekan. Har doim uning uyga ketishini poylardim. Keyin esa Zinaida opaga yordam tariqasida sumkasini ko‘tarib, maktabdan birga qaytardik. Yo‘l-yo‘lakay esa rus tilida mana shu so‘z qanday bo‘ladi, deya uni tinimsiz savolga tutardim. Xullas, 4 sinfga qadar baholarim “2”, “3”, “4” bo‘lgan. Nihoyat 4- sinfda uzoq kutilgan “5” bahoni tarix fanidan oldim. Shunday qilib 5-sinfdan baholarim yaxshilanib bordi. O‘z ustimda tinimsiz ishlashim va izlanganim bois 8 va 9- sinflarda a’lochi maqomiga ega bo‘ldim. Bitiruvchi sinf bo‘lganimda oltin medal berish masalasi qo‘yilgandi. Afsuski, bizning sinfda menga o‘xshab, yana 3 ta o‘quvchiga oltin medal berilishi kerak edi. Ammo medal faqat bir kishiga berilishi kerak ekan. Menga bitta nohaq “4” bahoni qo‘yib berishdida, medalni maorif bo‘limining ukasiga topshirishdi.. Ichimda medalga davogar bo‘lgan sinfdoshim, qaysi oliy o‘quv yurtiga topshirsa, men ham aynan o‘sha yoqqa boraman deb niyat qilgandim. Xullas, sinfdoshim Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetiga hujjatlarini topshirdi. Men ham shunday qildim. Menga omad kulib boqdi. Ammo oltin medal olgan do‘stim esa mandatdan o‘tolmadi.
Talabalik chog‘i o‘z oldimga yana bir maqsad qo‘ydim. Oliygohni qizil diplom bilan tamomlashim kerak! O‘z orzuimga erishdim va qizil diplomning sohibiga aylandim. Shu davrlarda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishim ortib borardi. Oliygohni yakunlagach, domlalarimga shu fakultetda ishlab, fan bilan shug‘ullanish hoxishim borligini aytdim. Rahmatli domlam, diplom rahbarim Karaketov Yo‘ldosh domla hozircha buning iloji yo‘qligini, amaliy bilimlarni oshirgan holda keyin fanni rivojlantirish ma’qulligini tushuntirdi. Xullas, 1980 yillar amaliyot o‘tash uchun Guliston shahar ichki ishlar bo‘limining tergovchisi sifatida ish boshladim.
                                                                      Ustoz ko‘rmagan olim, olim emas…
Bir yil davomida tergovchi bo‘lib ishladim. Oradan 4-5 oy o‘tgach, Yo‘ldosh domlam meni Toshkentga chaqirdilar. O‘shanda hayotimda muhim rol o‘ynagan rahmatli professor G‘ulom Ahmedov domla bilan tanishtirganlari hamon yodimda. Ularning qizg‘in suhbatidan o‘tganimdan keyin aspiranturaga sirtqi bo‘limga o‘qishga qabul qilindim. Ustozim G‘ulom Ahmedov mening tirishqoqligim yoki fikrlash doiramni ko‘rganligi uchunmi, yana bilmadim aspiranturaning kunduzgi bo‘limiga o‘tishga harakat qilamiz, dedilar. Ushbu niyatda, men 1981 yili ichki ishlar vazirligidan ishdan bo‘shab, fanlar akademiyasining falsafa va huquq institutining aspiranturasiga kunduzgi bo‘limiga o‘z ilmiy faoliyatimni davom ettirish uchun keldim. Biroq kunduzgi bo‘limda joy yo‘qligini ma’lum qilishdi. Vaqtning har bir daqiqasi g‘animat, uni behudaga sarflamaslik maqsadida salkam bir yil mustaqil tadqiqotchi sifatida fan bilan shug‘ullanib, Moskvaga yo‘l oldim. U yerda ko‘p olimlar hamda akademiklarlar bilan uchrashdim, fikr almashdim. Esimda Lenin nomidagi kutubxonada ertalab soat 9:00 dan kechgi soat 21:00 gacha qolib ketardim. Buni qarangki, 8 oy deganda nomzodlik dissertatsiyamning matnini tayyorladim. Toshkentga qaytib kelgach, kunduzgi bo‘lim aspiranturasida o‘qishni boshladim. 1982 yili esa nomzodlik ishim yuzasidan muhokamalar boshlandi…qo‘shimchalar va to‘ldirishlar bo‘ldi. 1983 yili 24 yoshda edim. Uylanish arafasida. Lekin aftoreferatim chop etilmas ekan, to‘yim hali bo‘lmaydi, deya otamni to‘xtatib turdim. Shunday qilib, aftoreferatim chop etildi oktyabr oyida fan nomzodligi bo‘yicha himoya ham qildim. Biroq…
                                                                   Hayotimdagi eng nohush voqea!
Nomzodlik ishim himoyasi juda yaxshi o‘tdi. Maxsus kengash tomonidan ham ma’qullandi. Natijada himoya ishim Moskvaga attestatsiya komissiyasiga tasdig‘ini topish uchun jo‘natildi. Orada farzandli bo‘ldim. Xonadonimizda quvonchli xabar. Biroq Moskvadan meni chaqirishayotgani haqida ma’lumot keldi. U yerga borgach, bilsam, dissertatsiyamni oliy attestatsiya komissiyasi rad etibdi!!! Sababi yozgan nomzodlik ishimdagi qoidalar chop ettirgan maqolalarimda aks etmagan emish… juda ham noxush holatga tushdim. Yana o‘zimda kuch va iroda topib, oliy attestatsiya komissiyasiga ishimni apellyatsiya tarkibida ko‘rib chiqishini so‘rab, xat jo‘natdim. Bu davrlar men uchun juda og‘ir kechdi. Ko‘cha-kuyda odamlarning ko‘ziga qarashdan cho‘chirdim. Ularning “nomzodlik ishing nima bo‘ldi?”, degan savollariga qanday javob berishni bilmasdim. Shu yillar otamdan ham ayrildim. Oradan 2 yil o‘tgachgina, meni Moskvaga oliy attestatsiya komissiyasining Plenumiga muhokamaga chaqirishdi. Esimda bor, katta bir xonada 5 ta akademik o‘tirgan edi. Shunda menga bir savol berishdi:
— Siz nimani istaysiz?
— Men faqat haqiqat qaror topishini istayman, dedim.
Keyin ular biz ishingizni o‘rganib chiqdik, ekspert komissiyasiga uni qaytadan ko‘rib chiqishga tavsiya qildik, deyishdi. Natijada menga himoya qilgan kunimdan boshlab, fan nomzodi unvoni berildi. Nihoyat yuzimga hayot quvonchi yog‘ildi!
                                                      Fan doktorligiga harakat allaqchon boshlangan edi!
Nomzodlik ishini qayta ko‘rishga ketgan 2 yil davr mobaynida domlam G‘ulom Ahmedovich meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turdilar. Domlam hammasi yaxshi bo‘lishini, kayfiyatni so‘ndirmay doktorlik dissertatsiya mavzusini tanlab, shu bo‘yicha materiallar yig‘ishni boshlashimni aytdilar. Materiallar yig‘ish jarayonida 4000 dan ziyod 11 xil turdagi anketalar tuzdim. Shular yuzasidan Tovoqsoy, Uyg‘ursoy kaloniyalariga, viloyat va tumanlarga bordim. Ko‘plab jinoyat ishlarini o‘rgandim, mahbuslar bilan suhbatda bo‘ldim. Mutaxassislar bilan ko‘rishib, ish jarayonini kuzatdim. Nazarimda baribir o‘zim istagan darajada natijalar olmaganday tuyuldi. Keyin domlamga amaliyotga qaytishim kerakligini aytdim. Negaki hamma jarayonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishim zarur edi. Faqat shundagina doktorlik ishini maromiga yetkazishim mumkin.
1986 yili Gulistonga qaytib, prokuratura tizimiga ishga kirdim. Dastlab, tergov bo‘limida, keyinchalik Sirdarayo tumanlararo prokurorining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdim. So‘ng viloyat prokuraturasining jinoyat sudlov bo‘limlarida ishni davom ettirdim. Xullas, jinoiy ish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muammo hamda vaziyatlarni amaliyotda tadqiq etdim. Jinoiy ishlarni o‘zim tergov qildim. Shunday qilib, 1990 yilda doktorlik ishini tayyorladim.
Doktorlik dissertatsiyamda jinoyatchilik holati tanqidiy nuqtai nazardan o‘rganilib, u bilan kurash olib boriladigan amaldagi jinoiy huquqiy choralar, o‘ylaydigan darajada samara bermayotganligini isbotladim. O‘sha davr qonunchiligida mavjud bo‘lgan institutlarga xos kelmaydigan nazariy yondoshuv va takliflar, shuningdek, moddalarni zamonaviy konstruksiyalarini, Jinoyat va Jinoyat protsessual kodeksining yangi konseptual asosida tuzilgan taxminiy variantini tavsiya eta boshladim. Ko‘p olimlar dissertatsiyamni o‘rgangandan keyin dahshatga tushganlarini ham ko‘rdim. Chunki ularning tasavvuridagi qarashlar va fikrlar mening ishimda o‘zgacha talqinga ega bo‘lgan. Albatta, har bir yangilikni hayotga tatbiq etish qiyin. Shu borada qancha-qancha ko‘p to‘siqliklarga duch keldim. Lekin O‘zbekiston fanlar akademiyasining falsafa va huquq institutining direktori do‘stim Akmal Saidovning yordamini alohida aytishim kerak. Chunki u bevosita mening doktorlik ishim bo‘yicha Moskvadagi olimlar bilan uchrashgan va gaplashgan. Natijada u kishi bevosita olim sifatida bergan tavsiyalarimni to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilganligini nafaqat o‘zi balki atrofdagi huquqshunos olimlarning fikrlarini eshitib, o‘z bayonotida izohlab berdi. Bundan bag‘oyat xursand bo‘ldim. Natijada ilmiy ishim bo‘yicha jarayon tezlashib ketdi. 1991 yili prokuratura tizimida ishlab turib, doktorlik dissertatsiyasini 32 yoshimda himoya qildim. 34 yoshimda esa professor darajasini oldim.
                                                                        Hayotimninig zafarli onlari!
Hayotimning eng zafarli damlarini men bevosita Fidokorlar demokratik partiyasining bosh kotibi bo‘lgani bilan bog‘layman. Chunki bir yarim yil davomida partiya yetakchisi bo‘lganimda atrofimdagi ko‘plab fidokor partiyasining a’zolari va boshqa partiyaga moyillik bildirgan insonlardagi ishonchni va ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, men juda ham baxtli insonligimni his qilganman. Oddiy bir dehqonning farzandi bo‘la turib, oliy majlis deputati ham bo‘ldim.
                                                                 Ichki ishlar vazrligiga yo‘l!
Hayotimda katta rol o‘ynagan insonlardan biri domlam G‘ulom Ahmedov bo‘lsa, ikkinchisi shubhasiz IIVAkademiyasining boshlig‘i rahmatli general, professor Ubaydulla Tojixanov edilar. Ular bilan doktorlik ishini yoqlagan mahal ko‘rishgandim. Shu uchrashuvdan boshlab, u kishi meni o‘zlari bilan birga ishlashga tinmay chaqirardilar. Oxiri 1997 yili u kishining taklifiga rozi bo‘ldim. Meni Tojixanov Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “jinoyat protsess” kafedrasining boshlig‘i lavozimiga tayinladilar. Oradan 3-4 oy o‘tgach esa mehnatim yoki harakatimni qadrlagan janob general meni akademiya boshlig‘ining fan bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tavsiya etdilar. Ko‘p o‘tmay, prezident huzuridagi strategiya va mintaqalar institutining direktor o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritishimga to‘g‘ri keldi.
U yerda bir necha yil ishlagach, yana Akademiyaga qaytib keldim. U. Tojixanovning qo‘llab-quvvatlashlari tufayli professor lavozimida, keyinchalik o‘zim fan muovini bo‘lganimda ochgan 3 tilda chop etiladigan “Huquq, Prava, Law” jurnalining bosh muharriri sifatida ishni boshladim. Jurnalni qabul qilganimda u dotatsiyada turgan ekan. Atigi 3-4 mingta obunasi bor edi, xolos. Bir yil ichida jurnal juda keng tarqalib, mutlaqo yangicha talqinda chop etila boshladi. Natijada jurnalning adadi 27 mingga yetdi.
Aytmoqchimanki, menga berilgan va bildirilgan ishonch tariqasidagi lavozimlar, ya’ni kafedra boshlig‘i, akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari, partiya bosh kotibi yoki jurnal bosh muharriri bo‘ladimi, har bir ishga bor kuchim va g‘ayratimni sarfladim.
                                                         Ko‘p takliflarim o‘z tasdig‘ini topmoqda!
Nafaqaga chiqqunimga qadar 6 ta monografiya yozdim. 60 dan ziyod maqolalar chop ettirdim. So‘ngra o‘quv metodik tavsiyalar, talaba-tinglovchilarga ma’ruza kurslarini taqdim etdim.
Bir narsani aytishim joizki, juda ham katta yoki ko‘p kitob yozish tarafdori emasman. Har bir inson ilm-fan yo‘lida o‘zidan qandaydir iz qoldirishga harakat qiladi. Fikrimni yorqin ifodalash maqsadida mashhur olim Chezare Bekkarianing faoliyatini misol qilib olmoqchiman. Masalan, u juda ham ko‘plab kitoblar yozgan. Lekin barcha olimlar tomonidan uning 73 betdan iborat, “Jinoyat va jazo” asari katta qiziqish bilan o‘qiladi. Chunki asarda bevosita jinoyat va jazoning huquqiy asoslari va jihatlari yoritilib berilgan.
Shu qoidaga amal qilgan holda mening yozgan monografiyalarim juda katta hajmda emas. Lekin u yerda asosan mening qarashlarim, fikrlarim, yondoshuvlarim bayon etilgan.
Jumladan yangi jinoyat qonunchiligi dispozitiv asoslar, ya’ni bevosita yarashuv va xususiy ayblov bilan bog‘liq tarzda, yangi Jinoyat protsessual qonunchiligi esa, jinoyatchilar bilan kompromiss konsepsiyasiga tayangan holda yaratilishi kerak. Chunki jinoyatchilik hamda o‘ta og‘ir jinoyatchiliklarni ochishda bevosita ayrim jinoyatchilar bilan kelishuv tariqasida ularning qo‘shgan hissasi yordamida maqsadga erishish mumkin.
Keyinchalik boshqa maqolalarimda doktorlik ishimni yanada rivojlantirganman. Yosh o‘tgan sari har bir olimda falsafiy qarashlar kuchayib borar ekan. Balki shungami, chuqur bilimga ega bo‘lishga harakat qilish, demak bevosita hayotda bo‘layotgan har bir narsaga falsafiy qarashga undar ekan. Yozgan maqolalarimda jinoyat protsessual qonunchilikda falsafiy kategoriyalar mavjudligini e’tiborga olib, jinoyat protsessual qonunchilikdagi haqiqat, adolat to‘g‘risidagi maqolalarni chop etdim. Maqolalarimda o‘zimning falsafiy qarashlarimni ham bildirganman.
Bundan tashqari, jinoyat huquqining qirralari rang-barangligini hisobga olib, uning etnografik jihatlariga doir monografiya, jinoiy huquq sohasidagi siyosiy jihatlar bo‘yicha jinoyatga oid siyosatga daxldor masalalar bo‘yicha ham maqolalar chop ettirganman. Bugungi kunda xursandmanki, ko‘p takliflarim o‘z tasdig‘ini topmoqda. Prezidentimizning qarorlari yoki qonunlar bilan amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilib borilayapti.
Olim inson doim atrof-muhitni kuzatish va hayot voqeliklarini tahlil qilish bilan yashar ekan. O‘ylaymanki, bitta aniq soha bo‘yicha chuqur bilim orttirilsa, kelajakdagi ushbu fan yuzasidan kuzatilayotgan muammolar anchayin bartaraf etilgan bo‘lardi. Nazarimda, inson kasbini sevsa, o‘z ustida tinimsiz ishlasa, izlansa, o‘rgansa va chin dildan astoydil mehnat qilsagina maqsadiga yetadi. Orzulari ro‘yobga chiqar ekan!
Ma’lumot o‘rnida: Bir o‘g‘il va 3 qizning otasiman. Ularning hammasi oliy ma’lumotli va o‘z bilmi bilan yurtimizga ziyo tarqatishmoqda. Shuningdek, 5 nafar shirindan-shakar nabiraning bobosiman! Rafiqam bilan birgalikda nafaqa gashtini surayotganimga va olloxim shu kunlarga yetkazganiga shukr!!!
Sevara ABDULLAYEVA yozib oldi