Ilgari chet el mamlakatlarining restoran yoki shifoxonalarida ofitsiantlar o‘rniga robotlar xizmat qilishini eshitib hayratlanardik. Zamon shiddat bilan rivojlangani sari kundan-kun yangi ixtirolar turmush tarzimizga kirib kelmoqda. Endilikda ular orasida robotlarni ham uchratishimiz mumkin.
Yurtimizda iqtidorli yoshlar ko‘p. Ular yurtimiz shuhratini o‘z iste’dodlari bilan olamga yoyishmoqda. Toshkent Turin Politexnika universiteti talabalari Rahmatillo Hakimov hamda Elyorbek Sunnatov tomonidan yaratilgan Sayyohbek nomli robot tillarda doston bo‘ldi. Mazkur qurilma sayyohlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga ingliz va rus tillarida muzey eksponatlari haqida ma’lumotlar bera oladi; kutubxona foydalanuvchilariga kitob topishga ko‘maklashadi; shifoxona va klinikalarda esa yordamchi-maslahatchi vazifasini o‘taydi, ya’ni bemorni kerakli mutaxassis xonasiga bemalol boshlab bora oladi.
Yaqinda ana shunday yuksak cho‘qqilar sari dadil odimlayotgan yoshlarimizdan biri Sunnatov Elyorbekni suhbatga tortdik.

– Ixtirochilik sohasini go‘zal bir san’atga qiyoslasak arziydi. Negaki bunday qobiliyat egalari foydalanishga yaroqsiz ro‘zg‘or buyumlari yoki texnika jihozlariga sehrli qo‘llari bilan qayta umr bag‘ishlaydi. Sizda bunday iste’dod qachondan boshlab yuzaga chiqqan?

– Bolaligimdan har xil narsalardan turli buyumlar yasashga juda qiziqardim. Ayniqsa, robotlar yasashga bo‘lgan qiziqishim fantastik kinolardagi qutqaruvchi va jangovar temir odamlarni ko‘rganimdan so‘ng uyg‘ondi. Nega men shunday robotlarni ixtiro qilolmayman, degan fikr tug‘ilgan o‘shanda. Aniq fanlarga bo‘lgan ishtiyoqim yillar sayin ortib bordi va meni Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida joylashgan Pedagogika institutining aniq fanlar yo‘nalishiga ixtisoslashgan akademik litseyiga yetakladi. Litseyda tahsil olib yurgan paytlarimda fizika fanidan ta’lim beradigan o‘qituvchim men yaratgan narsalarni ko‘rib, juda ibratli gap aytgandilar: “Sen ixtirochisan! Fantastik kinolardagidek dunyoni qutqarib qoladigan robotlar yasash uchun sen juda ko‘p kitob mutolaa qilishing kerak. Shuningdek, amalda ham o‘z mehnatingni namoyon qilishing lozim. Bu hayotda qancha mashaqqat cheksang, sendan kam mashaqqat chekkanlar bir pog‘ona pastda, aksincha, sendan ham ko‘p mashaqqat chekkanlar bir pog‘ona tepada yurishadi. Mashaqqat chekishdan qo‘rqma, muhimi, vaqtingni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgan!”

Butun dunyo beshigini tebratgan tarixiy siymolarimiz al-Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Z.M. Bobur, Alisher Navoiy, Amir Temur kabi allomalarimizga havas qilaman va ular bilan g‘ururlanaman. Ammo hozirgi kunda ularning haqiqiy izdoshlari deyarli yo‘q. O‘sib kelayotgan yosh avlod orasidan ajdodlarimizning munosib davomchilari yetib chiqishiga ishonaman.

– Har bir ixtironi yaratish va uni joriy qilish oson ish emas. Bunday paytda moddiy tayanch kerak. Ayting-chi, bu borada sizga kim ko‘mak bermoqda? 
– Akademik litseyning 2-bosqichida o‘qib yurgan chog‘imda kattaroq robotni yasashni istardim. Tabiiyki, bu istagimni amalga oshirish uchun ancha mablag‘ kerak edi. Dastlab Yoshlar ittifoqiga yordam so‘rab murojaat qildim. Ulardan rad javobini oldim. Ochig‘i, hech qachon robot yasab ko‘rmaganimni eshitganlar bunday ixtiro qilishimga ishonishmadi ham. Lekin menga bo‘lgan ishonchsizliklar ko‘nglim tubida jo‘sh urib turgan umidimni so‘ndirmadi.

Natijada o‘z kuchimga tayanib, kichik-kichik loyihalarni amaliyotda qo‘llay boshladim. O‘zim ishlab chiqarmasam-da, buyurtma asosida odamlarga kerakli narsalar yasab berdim. Masalan, telefonlar orqasiga “fleshmayil” o‘rnatdim. U uyali telefonni quvvatlantiradi. Yoki shamol orqali elektr toki chiqaradigan asbob ham ko‘pchilikka ma’qul keldi. Ayniqsa, g‘isht zavodiga bergan taklifim men uchun katta omad keltirdi. Ularga mexanizm asosida yangicha g‘isht quyish usulini o‘rgatdim. Odatda, 1000 ta g‘isht quyiladigan bo‘lsa, maxsus mexanizm asosida 10 yoki 12 mingtagacha g‘isht quyish mumkin.

Fermerlarga esa o‘t o‘rish yoki makka donini ajratish, paxtani dorilashga oid turli loyihalar bilan murojaat qildim. Xullas, qator loyihalarim orqali taxminan 10-12 mln.gacha mablag‘ yig‘ishga erishdim. Shundan keyin ko‘zlagan robotimni yasashga kirishdim. Albatta, ota-onam va yaqinlarim ham bu borada meni doimo qo‘llab-quvvatlashgan.
– Oliygoh talabasi bo‘lishingizga qaramay, robototexnikaga oid ishlanmalaringizni ham namoyon etishni boshlabsiz…

– Texnika ilmiga bo‘lgan qiziqishim meni Toshkent Turin Politexnika universiteti tomon yetakladi. Bu oliygoh menga juda ham katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu yerdagi sharoitlar qobiliyatimni rivojlantirishda katta hissa qo‘shdi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Jumladan, 2018-yil oxiri va 2019-yil boshlarida Turin Politexnika universitetida robototexnika klubini tashkil etishni yo‘lga qo‘ydik. Ushbu klub orqali butun viloyatdan robototexnikaga qiziqadigan yoshlarning qiziqishlarini bir joyga birlashtirgan holda hamjihatlikda turli loyihalar qilishga harakat qilyapmiz. Viloyatlararo saralangan 30 ga yaqin klub a’zolari yig‘ildi. Hozirda internet tarmog‘i orqali ularga onlayn darslar o‘tmoqdamiz. Kutilayotgan natijalar shundan iboratki, bepul o‘tilayotgan darslarimizdan saboq olayotgan yoshlar keyinchalik o‘z bilimi bilan yon-atrofidagi qiziquvchi bolalarga ham ta’lim berishini ko‘zlayapmiz. Maqsad – safimizni yanada kengaytirish.
– Eshitishimcha, o‘zingiz hali talaba bo‘lishingizga qaramay shogirdlaringiz ham bor ekan…

– Akademik litseyning 2-bosqichida tahsil olib yurganimda, “Barkamol avlod” o‘quv markazida ham ishlardim. U yerda bolalarga robototexnikadan ikki yil davomida dars berdim. O‘zim mustaqil ravishda viloyatimizda joylashgan maktab va litseylardan iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni bitta jamoa sifatida yig‘ishga erishdim. Natijada 5-6 oy ichida 1- va 4- sinf o‘quvchilari Shahzod, Shahboz va Behruz Habibullayevlar respublika tanlovida faxrli 1- va 3-o‘rinlarni egallab qaytishdi.
Hozirda Turin Politexnika oliygohida olayotgan bilimlarimni shu kichik shogirdlarimga ham o‘rgatmoqdaman. Ular 3D loyihalarini chizish bilan birga bemalol kichik sxemalarga dastur ulashni ham uddalashmoqda. Talabalar qilayotgan ishni kichik sinf o‘quvchilari ham bajara olishining isbotini ko‘rdim. Endilikda ularni xalqaro miqyosdagi tanlovlarga ham tayyorlamoqdaman.
– Barchaning e’tiborini tortgan Sayyohbek robotining yaratilish tarixiga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Aslida, bu robotni yasash fikri menda bir voqeadan so‘ng tug‘ildi. Bir kuni Koreya davlatidan yosh ixtirochilar tashrif buyurishdi. Ular o‘zlarining xuddi kino qahrmonlariga o‘xshab ketadigan, bo‘yi 30-40 sm keladigan va harakatlanadigan robotlarini namoyish qilishdi. Shunda mehmonlardan biri “Sizning mamlakatingizda bunday robotlar hali yaratilmagan”, dedi. Bu gap, albatta, bizni ta’sirlantirdi va shundan so‘ng Turin Politexnika talabalari bilan birgalikda robot yasashga kirishdik. To‘g‘ri, men robotlarimni jahon miqyosida ishlab chiqarilayotgan robotlar bilan solishtirmoqchi emasman. Lekin o‘zim tengi robot ixtirochilarining ishi orasida eng yaxshilardan bittasi deyishim mumkin. Shu paytgacha 5 ta robot yasagan bo‘lsam, shulardan biri Sayyohbek. Hozirda bu robotimga talab katta. Restoran va shifoxonalardan takliflar tushmoqda.
– Ushbu robotni yasashda qanday texnologiyalardan foydalangansiz?

– Dastlab robotning barmoqlarini yasaganman. Robotda 12 voltlik quvvat manbai mavjud. Uning quvvati 6 soatga yetadi. Ko‘zlariga 2 ta kamera o‘rnatilgan: biri – 8 megapiksel, ikkinchisi – 12 megapikseldan iborat. Robot shu orqali narsalarni 3D shaklda ko‘ra oladi. Uning ichiga Razberi PA5 o‘rnatilgani bois robot qo‘llarini bemalol harakatlantiradi. Lekin uning qo‘llari to‘liq ish bajarish uchun mo‘ljallanmagan. Masalan, u nozik (stakan) narsalarni ushlolmaydi. Faqat ish bajarishda yordamlashish uchun ajoyib hamkor bo‘lishi mumkin.

Biroq endilikda uning barmoqlarini ish-harakatlarni insonday bajarishi uchun takomillashtirmoqdamiz. Robotda taxminan 3 ta ardino mega sxemasi mavjud bo‘lib, oyoqlariga septima motor o‘rnatilgan. Shu sababli qo‘liga idish-tovoqlar qo‘yilgan patnis berilganda, ularni qimirlatmasdan yura oladi. Sayyohbek inson xarakteridan kelib chiqqan holda uning kayfiyatini ko‘tarishga ham harakat qiladi.
Bundan tashqari, men robotimni oshxonada ham sinovdan o‘tkazdim. Sayyohbekning dasturiga oila a’zolarim sog‘lig‘i haqidagi to‘liq ma’lumotlarni kiritdim. Bir kuni buvim biznikiga mehmonga keldilar. Ular robotga qarab, men osh yemoqchiman, deganlarida, Sayyohbek: “Sizga yog‘li ovqatlar mumkin emas. Qonda qand miqdori ortib ketishi mumkin”, deb javob berdi. Keyin esa buvimga iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan ovqatlar ro‘yxatini chiqarib berdi.
Robot unga o‘rnatilgan Siri va Alisa dasturlari orqali bilmagan narsalarini tezda o‘rganish xususiyatiga ega. Agar robot tuxumni qanday qovurish haqida ma’lumotga ega bo‘lmasa, ushbu jarayon haqida internet orqali bilib olishi mumkin.
Sayyohbekni masofadan turib boshqarish imkoniyati ham mavjud. Bu esa nogiron insonlar uchun juda qo‘l keladi. Ular robot ko‘magida bemalol ishi yoki darsga borishi mumkin.

– Yong‘in – naqadar dahshatli holat. Bunday ayanchli vaziyatdan sog‘-omon chiqish mo‘’jizadek gap. Ixtirolaringiz orasida aynan yong‘in xavfsizligidan himoya qiladigan ishlanmalar ko‘p ekan.

– Darhaqiqat, yong‘in xavfsizligiga oid juda ko‘p ixtirolarim bor. Shulardan biri – “aqlli mo‘ri”. Agar uydan gaz hidi chiqsa, mo‘ri avtomatik ravishda gazni o‘ziga so‘rib oladi. Shuningdek, u siz uchun ajoyib suhbatdosh ham bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, uy bekalariga tengsiz yordamchi. Negaki uning xotirasida 120 ga yaqin ovqat va salatlar retsepti mavjud bo‘lib, tanlagan taomingizga qarab, sizga ishni nimadan boshlashingiz va qancha masalliq kerakligini aytadi.
Bundan tashqari, mo‘ri gaz plitasiga ham ta’sir ko‘rsata oladi. Masalan, mantining 45 daqiqada tayyor bo‘lishini “yordamchingiz”ga aytsangiz, uni shu vaqtda o‘zi o‘chirib qo‘yadi. Yoki pishgandan so‘ng gaz tagini o‘chir desangiz, ovqatning suvi va bug‘ini nazoratga olib, pishgandan keyin o‘chiradi.

Shu bilan birga, olovni avtomatik ravishda o‘chiradigan kichik bir robot ham ixtiro qilgandim. Misol uchun, yong‘in bo‘layotganda, u olov ichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib ketadi. Uning ichida bitta odam sig‘adigan joy bor. U alanga ichida qolgan insonlarga olovdan saqlovchi maxsus plash va kislorod baloni yetkazadi. Robotga olov o‘chiradigan mexanizmlar, ya’ni kimyoviy unsurlar o‘rnatilgan bo‘lib, bir necha daqiqa ichida katta hajmdagi yong‘inni bartaraf etishi mumkin.
Hozirgi kunda o‘t o‘chiruvchilar uchun yangi turdagi kiyim yaratmoqdaman. U libos sovuqda issiq yoki issiq kunlarda sovuq saqlaydi. O‘t o‘chiruvchi olovning ichiga kirgan mahal kiyim sovushni boshlaydi. Usti taxminan -10 gradusgacha sovishi mumkin. Bu sovuqlik esa kiyim ichiga ta’sir qilmaydi. Maxsus kiyim ichiga kislorod va havo bosimini nazorat qiluvchi apparat sensorlar o‘rnatilgan. U insonning nafas olishini tekshirib turadi.

– Elyorbek, ixtirolaringiz chet elliklarda ham katta qiziqish uyg‘otgandir…
– Hozirgi kunda yaratgan ixtirolarimni ko‘rib, chet davlatlardan bir qancha takliflar tushmoqda. Biroq inson hayotining mazmuni pul emas. O‘z yurtimda yashab ham chet eldagi milliarderdan baxtliroq hayot kechirishim mumkin. Yaratgan texnologiyalarim bilan o‘zbek xalqi hayoti va turmush tarzini farovon qilishni istayman. Har bir ixtiromning, avvalo, xalqimga nafi tegsin. Kun kelib, xalqim meni yaratgan ixtirolarim orqali tilga olishadi va eslashadi. Chet elliklar esa sizni hatto tanimasligi mumkin…

Yaqinda Toshkent Turin Politexnika institutida o‘tkazilgan grant tanlovi asosida 100 ga yaqin talaba orasidan 20 ga yaqini saralab olindi va Koreyada malaka oshirib qaytish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Quvonarlisi, shu iqtidorli yoshlar orasida Elyorbek Sunnatov ham bor.

Sevara Abdullayeva suhbatlashdi.