So‘nggi yillarda mamlakatimizda innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, iqtidorli yoshlarning innovatsion loyihalarini rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilayapti. Bu, esa o‘z navbatida, talaba-yoshlarimizning chuqur bilimga ega bo‘lishi, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xuddi shu gapimizning isboti sifatida Turin politexnika universiteti iqtidorli talabalari  ishlanmalarida ham ko‘rishimiz mumkin. Ular aynan e’tiborimizdan chetda qolgan narsalardan qiziqarli va foydali narsalar yaratmoqda. Talabalarning ixtirolari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» II Respublika tanlovida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.   

                            KO‘P QAVATLI UYLAR UChUN VERTIKAL BOG‘

Surayyo Abduxoliqova, Turin politexnika universitetining 2-bosqich talabasi. Bu iste’dodli qizning istiqbolli innovatsion g‘oyasi 4000 ta ishtirokchini ortda qoldirib, 100 nafarini esa finalda mag‘lubiyatga uchratdi. Uning tanlovga taqdim etgan “Aqlli innovatsion vertikal bog‘” g‘oyasi ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi.

– Dala-hovlida yashashning gashti o‘zgacha, deydi Surayyoxon. – O‘zim hovlida istiqomat qilaman. Biroq qarindoshlarimiz, yaqinlarimizning aksariyati ko‘p qavatli uylarda turishadi. Ular har doim biznikiga kelishsa, hovlimizga ekilgan rang-barang gullarga havas qilishadi. “Qaniydi biz ham gullarni ana shunday chiroyli qilib o‘stirsak, lekin joy masalasi muammo-da”, deyishardi. Ularning bu gaplari meni o‘ylantirib qo‘ydi. Shunda menda vertikal bog‘ yaratish fikri tug‘ildi.

Albatta, yam-yashil manzara inson tabiati va kayfiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularning shifobaxsh xususiyati juda ko‘p marotaba shifokor mutaxassislar tomonidan ta’kidlangan. Ayniqsa, bugungi kunda ko‘pchilikning ish faoliyati kompyuter bilan bog‘liq. Uning qarshisida uzoq vaqt o‘tirish esa ko‘zlarni toliqtiradi. Bunday paytda yashil o‘simliklarga qarash ko‘zlar quvvatini tiklashga yordam beradi. Xuddi shunday go‘zal manzara vertikal bog‘da ham aks ettirilgan. Bilasiz, o‘simliklardan inson salomatligi uchun foydali kislorod tarqaladi.

Men tanlovga taqdim etgan “Aqlli vertikal bog‘” loyihasi yashil tabiatni qo‘msagan dillarga taskin beradi. Dastlab men uning ko‘rinishini “nx CAD” 3D modelleashtirish dasturi orqali chizib chiqdim. Kuchli mexanizmlar asosida ishlaydigan Arduino Mega2560 R3 platformasini qo‘llagan holda loyihasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

Bog‘ning “aqlli” deb atalashida ham o‘ziga xos ma’no bor. Ko‘pincha uy yumushlari bilan band bo‘lib, o‘simliklarni o‘z vaqtida parvarish qilishni unutib qo‘yamiz. Natijada e’tiborsiz qolgan o‘simliklar qurishni boshlaydi. Biroq aqlli bog‘imizga e’tibor shart emas. Unga o‘rnatilgan “arduino platasi” Arduino Uno R3 Board texnologiyasi orqali butun boshli tizim ishga tushiradi. Uning yordamida har bir ekilgan o‘simlik o‘z vaqtida sug‘oriladi va parvarishlanadi. Shu bilan birga, bu texnologiya xona haroratini ham o‘lchaydi. Vertikal bog‘ga o‘rnatilgan displey DS3231 dasturi yordamida monitoringda aniq vaqt va sana ham ko‘rsatiladi.

Vertikal bog‘imizga faqatgina bo‘yi baland bo‘lmagan o‘simliklarni ekish mumkin. Masalan, gullar, qulupnay, maymunjon kabi.

 

                               AQLLI QANDILLAR

     Turin politexnika universitetining yana bir iste’dodli talabasi Nasiba Islomboeva tomonidan namoyish etilgan ajoyib va zamonaviy qandillar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. o‘rinishidan jimjimador ko‘ringan qandillar oddiy baklajka va bir marta qo‘llaniladigan qoshiqlardan tayyorlanganligi kishini hayratlantiradi. Ushbu loyiha haqida qahramonimiz fikrlariga quloq tutamiz.

– Universitetimizda ko‘plab yangi loyihalar yaratish ustida katta izlanishlar olib borilmoqda. Men ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etaman. Texnika ilmiga bo‘lgan qiziqishim sababli mexatronika kursida ham tahsil olaman.

Bu loyihani yaratishimdan maqsad aholiga qulaylik yaratish, shuningdek, elektr tokini tejash hamda ekologiyani muhofaza qilishdan iborat. Aqlli qandillar qulay mexanizm yordamida ishga tushiriladi. Ular oddiy  «qarsak sistemasi» orqali boshqariladi. Masalan, ikki marta qarsak chalsangiz, qandil yonadi, yana ikki marta qarsak chalsangiz, o‘chadi. Qandilning bunday ishlashi ko‘pchilikka qulaylik tug‘dirishi tabiiy. Ayniqsa, nogiron yoki qariyalar uchun bunday boshqaruv ayni muddao.

Bundan tashqari, aqlli qandillarni pult orqali ham boshqarish mumkin. Ixtiromga ekologik nuqtai nazaridan baho beradigan bo‘lsam, qandillarning ustki modellari ikkilamchi mahsulotlardan ishlangan. Bir marta ishlatishga yaroqli idishlar, sharbat qutilari, disklar va akrel fanerlaridan foydalanganman. Bu qandillar ekologik toza va ortiqcha  xarajat talab etmaydi.

Dastlab modellarni Avtocad dasturi orqali chizib chiqdim. So‘ng shu dizayn asosida qo‘l mehnati orqali qandillar yasadim. Loyihamning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bu orqali ko‘plab ayol-qizlarimizni ish bilan ta’minlash imkoniyati mavjud. Negaki aqlli qandillarning ustki modellari, asosan, qo‘l mehnati yordamida yasaladi.

Men loyiham doirasida ikki xil ko‘rinishdagi qandillarni yasashga erishdim. Birinchisi “Qoshiqli chiroq” (“Spoon Lamp”) deb nomlanadi. Uni yasash uchun 2 yoki 3 litrli baklajka, bir marta qo‘llaniladigan choy qoshiq (250 ta dona ketdi), termoelim, patron, elektr tokini o‘chirish moslamasi (vыklyuchatel), kabel va ularni yopishtirishga yordam beradigan pistolet kerak bo‘ladi. Va, albatta, yorituvchi LeD lampochkasidan foydalandim.

Ikkinchi qandil “Fuleren qandili” deya nomlanadi. Bu qandil ham ekologik smart qandil hisoblanadi. Negaki bu qandil bo‘shagan sharbat qutilaridan yasaladi. Yaratgan qandillarim ko‘rinishidan bir-biridan farq qilsa-da, bir xil “qarsak tizimi” orqali boshqariladi. Uni pult orqali ham boshqarsa bo‘ladi.

Qandilga Fuleren nomi berilishga sabab mashhur arxitektor Richard Bukministr Fuller shunday shakldagi molekulalar borligini bilib, binolar gumbazlarini yaratish uchun poliedrik qurilmalardan foydalangan. Fulerenlarning ancha yirik va murakkab ko‘rinishdagi strukturalari mavjud. Masalan: 60,120,180,240.180-UGLeVOD molekulaning tarkibi 60 dan ziyod atomdan tashkil topgan. Beshburchak va oltiburchak shakldagi ko‘rinishlari futbol to‘pini eslatadi. Men yaratgan qandil aynan shu struktura ko‘rinishida yig‘ilgan. 180 12TA beshburchak va 72 ta oltiburchakdan iborat.

Kerakli anjomlar: sharbat qutisi (200 ta), patron, elektr tokini o‘chirish moslamasi (vыklyuchatel), kabel va lampochka. Shuningdek, unga ovozli datchik, Arduino UNO R3 dasturi va IR (CHQ 18/38) (infraqizil nurlari)ni ham o‘rnatdim.

Hozirgi kunda loyihamga mulkni muhofaza qilish agentligi tomonidan patent berildi. Ayni paytda qandillarimga yangi qulayliklar kiritish ustida ish olib bormoqdaman. Sinov tariqasida ishga tushirib ko‘rdim, natijalar yomon emas.

Sevara tayyorladi.