
Bugun oramizda bilimga chanqoq va uddaburon yoshlar juda ko‘p. Ular tomonidan o‘ylab topilgan g‘oyalar ko‘pgina olamshumul kashfiyotlar yaralishiga turtki bo‘lmoqda. Dunyo miqyosida har yili aynan yosh ixtirochilar 17–yanvar – Xalqaro bolalar ixtirolari kuni deb e’lon qilingan
Ko‘pgina ixtirolarning mualliflari yoshlar bo‘lganligi sababli ham. Bolalarning yaratgan mavzulariga e’tibor qaratsak, biz amaliy jihatdan qanchalik qiziqarli va jiddiy muammolarni hal qiladigan noyob ixtirolarni o‘ylab topganlaridan hayratlanamiz.
Hiqichoq bosadigan obaki
Odatda, hiqichoq bezovta qilsa, uni to‘xtatish uchun darhol suv ichamiz. Yoki bo‘lmasa, xalq tabobatida sinalgan usullardan biri – ma’lum soniya nafas olmay turishga harakat qilamiz. Ba’zida shuncha qo‘llagan muolajalarimiz naf bermasligi mumkin. Xuddi shunday holat 13 yoshli Kivmanda ham kuzatildi. Tabiiyki, hiqichoq tutish jarayoni ko‘rinishidan bezararga o‘xshasa-da, lekin tinimsiz insonni ta’qib qilishi omma orasida noqulay ahvolga solishi muqarrar.
Kivman bolaligidan shifokorlik kasbiga qiziqqanligi uchun shu yo‘nalish bo‘yicha turli izlanishlar olib borgan. Xuddi shunday hiqichoq dardini yengish maqsadida ham tadqiqot ishlarini o‘tkazdi. Nihoyat, davosini topdi. Qizaloq bunday yoqimsiz holatning oldini olish uchun 3 ta narsani: shakar, olma sirkasi va obaki so‘rg‘ichni birlashtirib ko‘rdi. Natijada hiqichoqga tez barham beradigan “shifobaxsh obaki” iste’molchilarning sinovidan a’lo darajada o‘tdi. Bora-bora qizaloq yaratgan ixtiro mashhurlik suppasiga chiqdi. Kivmanni ushbu so‘rg‘ich orqasidan yaxshigina daromad ko‘rdi.
Alsgeymerlar uchun maxsus datchik
Bolaligini Yaponiyada o‘tkazib, hozirda Nyu-Yorkda istiqomat qilayotgan 15 yoshli Kennet Shinozuka Science in Action Award (“Ilmiy va amaliy” jurnali) jurnalining navbatdagi «Scientific American» o‘tkazilgan tanlovining g‘olibi deb topildi va 50000 AQSh dollar summaga ega ilmiy mukofotni qo‘lga kiritdi.
“Hozirda eng ko‘p tahdid soladigan xastalik qaysi?” degan savolga saraton, yurak xuruji yoki qandli diabet, deb javob bersangiz, yanglishasiz. Negaki hozir AQShda har 67 soniyada bemorlarga aynan Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilmoqda. Bu degani 2050-yilga borib, bunday kasallikka chalingan bemorlar soni 3 baravarga ortishi va ularga g‘amxo‘rlik qilish ijtimoiy muammoga aylanishi mumkin. Ma’lumki, Alsgeymerga chalingan bemor xotirasi sekin-asta yo‘qolib, oxir-oqibat kimligini ham unutishadi. Bunday insonlar muntazam parvarish va enagaga muhtoj bo‘ladi.
Bobomga ham bir necha yil oldin ana shunday tashxis qo‘yildi. Ularga doim xolam qarashga mas’ul edi. Bobom ko‘pincha xolam biroz orom olganlarida yoki biron ish bilan chalg‘iganida, yotoqlaridan chiqib, uzoqqa ketib qolardilar. Natijada ko‘p marotaba o‘ziga shikast yetkazardi. Shu sababli bobomda kuzatilayotgan bunday holatlarni yengillashtirish maqsadida menda datchik yaratish g‘oyasi tug‘ildi.
Datchik ixcham kichik tanga o‘lchamidagi sensordan iborat. Men ushbu tarkibiy qismlarni birlashtirgan holda 2 ta prototip yaratishga muvaffaq bo‘ldim. Birinchisi datchik paypoqning ichidan, ikkinchisi esa bemorning oyoqlari “aloqa” qiladigan har qanday narsaga (paypoq ustidan yoki oyoq kiyim) o‘rnatiladi. Inson o‘rnidan turganida, oyoqlariga bosim tushadi. Shu zahoti darhol datchikning sezgir sensorlari jonlanadi va uni qaraydigan insonning smartfoniga mobil ilova orqali ovozli ogohlantirish jo‘natadi. Ixtiromdan foydalangan xolamning ishlari ancha yengillashdi. Shu qatorda boshqa ana shunday tashxis bilan qiynaladigan insonlarga ham qurilmani qo‘llab ko‘rdik. Datchik xususida yig‘ilgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qurilma bemorning qarovi yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Ixtiromning birinchi marta kechasi bobomning to‘shakdan turganini xabar bergan kunni hyech qachon esimdan chiqarmayman. O‘sha zahoti texnologiyaning kuchiga tan berdim. Uning kuchi bilan hayot faoliyatimizni yaxshilashga urinishimiz mumkin ekan, – deydi Kennet Shinozuka.
Termometr ko‘rinishidagi so‘rg‘ich
Entoni Xalmon Chikagoning Inglivud hududida o‘sgan bolakay. U bolaligidan sotsiologiya faniga juda qiziqqan. U o‘zining tug‘ilib o‘sgan hududini “qo‘pol va shafqatsiz” hamda “ko‘p zo‘ravonlik va to‘dalar”ga gavjum joy bo‘lgan, deya ta’rif beradi. Shu sababli ko‘p marotaba ana shunday tarbiyasiz yoshlarning dastidan xo‘rlangan. Kelajagi haqida qayg‘urgan Xalmon bo‘lajak farzandlarini bunday sharoitda o‘sib ulg‘ayishini istamaydi. Turmush tarzini yaxshilash maqsadida ilm olishga intildi.
Xullas, Chikagoda joylashgan Kornel universitetiga hujjatlarini topshirishga ahd qiladi. Bu orada o‘z baxtini uchratib, turmush quradi. Keyin esa ajoyib mo‘jizaviy ixtironing asoschisi – qizalog‘i dunyoga keladi. Xalmon farzandining kasal bo‘lishidan ko‘p xavotirga tushadi. Shu bois unda bolaning o‘zini yaxshi his qilmagan paytlarini aniqlashtirib beradigan ixtiro yaratish kerakligi to‘g‘risida fikr tug‘iladi. Natijada Xalmon bolalarning sevimli so‘rg‘ichini termometr sifatda yaratishga erishadi. U ixtirosiga «Thermofier», deya nom berdi. Termometr so‘rg‘ich bolaning harorati va ahvolini doim nazoratga olishi bilan ham ahamiyatli.
Qizig‘i shundaki, mehribon otaning yaratgan ixtirosi “Oq uy”dagilarni ham befarq qoldirmadi. Shaxsan AQSh prezidenti Obama Xalmonni lutfan uchrashishga taklif qildi. Xullas, Xalmon birinchi bosqich talabalik davridanoq nomi tillarga tushgan ixtirochiga aylandi.
Ob-havoni tozalaydigan mashina
Navbatdagi eng uddaburon o‘smirlar ro‘yxatidan 17 yoshli Param Djaggi o‘rin olgan. Avtoulovni endigina haydashni boshlagan o‘smir uning atmosferaga tarqatayotgan zararli gazlarini ko‘rib, vahimaga tushadi. Shu tariqa mashinadan chiqayotgan atrofni ifloslaydigan CO2 (karbonat angidrit gazini)ni yengib, uning o‘rniga foydali kislorod ishlab chiqaradigan ixtiro o‘ylab topish xususida bosh qotiradi. Nihoyat, Param «Algae Mobile» (Suv o‘tlari-mobili) deb nomlanuvchi qurilmani ishlab chiqishga erishdi. U avtomobil orqasidagi zararli gaz chiqaradigan trubaga qo‘yiladi. Avtoulov harakatga kelganda, fotosintez (o‘simliklarda yorug‘lik ta’sirida anorganik moddalardan organik moddalar hosil bo‘lish jarayoni) jarayoni yuzaga keladi. Shu orqali gaz o‘tkazadigan trubkani ichiga o‘rnatilgan o‘simliklar tarkibidan tayyorlangan alyumin qotishmasi korbonat angidrit gazini kislorodga aylantirib, havoga chiqarib beradi. Bu esa inson salomatligi uchun foydalidir.
Iste’dodli o‘quvchi Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (Environmental Protection Agency) tomonidan o‘zining ekologik foydali va qiziqarli ixtirosi bilan yuqori mukofatni qo‘lga kiritdi.
Dunyo okeanlarini qutqaradigan kashfiyot
23 yoshli gollandiyalik ixtirochi va tadbirkor Boyan Slat okeanlarni plastik chiqindilardan tozalaydigan yangi kashfiyotni o‘ylab topdi. Slat ushbu loyihani ishlab chiqish va dizayni ustida ikki yil vaqtini sarflaydi. 14 yoshida bir vaqtning o‘zida 213 ta suvda yuradigan raketalarni ishga tushirib, Ginnes rekordlar kitobida uning nomi muhrlandi.
2011-yili Boyan Gretsiya mamlakatining oqar suv havzalari bag‘rida dam olishga boradi. Shu paytda ayanchli xodisaga duch keldi. Gretsiyaning suvlarida baliqlardan ko‘ra, axlat ko‘pligidan hayratga tushadi. Ushbu voqyeadan qattiq ta’sirlangan qahramonimiz butun vaqtini okeanlarning ifloslanishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga bag‘ishlaydi. Ikki yil o‘tgach, The Ocean Cleanup kompaniyasiga asos soldi. TEDx Talk minbarida okean oqimlari yordamida suvni tozalash bo‘yicha rejasini taqdim etgandan so‘ng yosh daho ixtirochi 2,2 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.
Dastlab Boyan ishlab chiqargan qurilmasi Yaponiya suvlarida sinab ko‘rildi. Keyin esa diqqatini chiqindilar punktining maydoni 700 mingdan 1,5 million kvadrat kilometrgacha yetadigan Tinch okeaniga qaratdi. Slatning rejasiga ko‘ra, Tinch okeanini plastiklardan tozalashga 5 yil vaqt ketar ekan.
Boyan Slatning aytishicha, u yaratgan noyob qurilma butun dunyo okeanlaridan 20 milliard tonnaga ega plastik chiqindilarni tozalashi mumkin ekan. Stalning jonkuyarligi hamda turli xil innovatsion loyihalarni amalga oshirayotganligi sababli bir qator yuksak sovrinlarga erishmoqda. Qolaversa, suvlarni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rsatayotgan olijanobligi dengiz mutaxassislari tomonidan yuqori baholanmoqda.
Sigir go‘ngidan foydali sprey
Bizni bitta noodatiy ixtiro hamma kashfiyotlarga qaraganda ko‘proq hayron qoldirdi. Hammaga ma’lumki, sigirning go‘ngi noxush hid taratadi. Menimcha, hyech kimning xayoliga undan xushbo‘y havo tozalaydigan sprey yaratish mumkinligi kelmagan bo‘lsa kerak. Biroq indoneziyalik maktab o‘quvchilari Dvi Izza va Rintya Aprianti Mikilar bu masala xususida tug‘ilgan teskari fikrga barham berishdi. Ular nafaqat bunday g‘oyani ilgari surishdi, balki ushbu texnologiyani ishlab chiqarib taqdim etishga muvaffaq bo‘lishdi. Ko‘rinib turibdiki, taqdim etilgan namunaning xushbo‘yligi Indoneziyaning “Ilmiy Loyihalar Olimpiyadiyasi”ning barcha hakam hay’ati a’zolarini ham hayratda qoldirdi.
Shu sabab g‘ayrioddiy ixtiro tanlovning mutlaq g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Ustabilarmon qizlarning ta’kidlashicha, sigir go‘ngidan tayyorlangan havo tozalovchi sprey ekologik toza hayvon iste’mol qilgan tabiiy o‘simliklarning hidini taratar ekan. Shu bilan birga, inson salomatligi uchun foydalidir. Hozirgi bozor rastalarida sotiladigan havo tozalovchi mahsulotlar kimyoviy moddalar bilan to‘yingan. Bu, albatta, inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Yangi ixtiroda hyech qanday kimyoviy modda qo‘shimchasi mavjud emas.
Qizlar fermalardan katta shoxli molning go‘ngini yig‘ishgan. Keyin uni uch kun davomida achitishga qo‘yishdi. Kerakli muddat o‘tgach, sigir go‘ngidan ortiqcha hosil bo‘lgan suvni chiqarib, kokos suti bilan aralashtirishdi. Suyuqlikni filtrlab, yakuni sprey holatiga keltirishga erishildi.
Barchin Shukurova tayyorladi.