
Buni qarangki, hozirgi kunda erkaklar foydalanadigan aksariyat buyumlarni ayollar ixtiro qilgan ekan. Sovitkich, sirkulyar arra, pivo va hokazo. Bu kabi ixtirolarsiz bugungi turmush tarzimizni tasavvur qilolmaymiz hatto.
Bugun biz sahifamizda ayollar tomonidan yaratilgan ayrim kashfiyotlarga e’tiboringizga qaratmoqchimiz.
IDISH YUVADIGAN MASHINA IXTIROCHISI
Uy bekalarining aksariyat vaqti oshxonada o‘tadi. Ovqat pishirish, oshxonani saranjom-sarishta qilish va idish yuvishga deyarli yarim kun vaqt ketib qoladi. Amerikalik Jozefina Kokreyn ayollarga bu borada qulaylik yaratib, ajoyib ixtiro muallifiga aylangan. Aslida, Jozefina kashfiyotchilar oilasida o‘sib ulg‘ayadi. Bobosi Jon Fitch paroxod ixtirochisi sifatida tarixda qolgan.
Jozefinaning bolalik damlari to‘qchilikda o‘tadi. U ulg‘aygach, siyosatchi Uilyam Kokreynga turmushga chiqadi. Biroq baxtli turmushi uzoqqa cho‘zilmaydi. Umr yo‘ldoshi bedavo kasallikka chalinib, olamdan o‘tadi. Uning vafotidan so‘ng turmushning barcha tashvishi Jozefinaning nozik yelkasiga tushadi. U qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tib maqsadida tinimsiz mehnat qiladi. Natijada butun dunyoni lol qoldirgan idish yuvadigan mashina yaratishga muvaffaq bo‘ladi.
Idish yuvadigan mashina dastlab qo‘pol yog‘och paqirga o‘xshash ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ichida metall savat joylashtirilgan bo‘lib, u o‘z o‘qi atrofida aylangan. Pastki qismiga o‘rnatilgan ikki piston (porshnya) yordamida mashina harakatga kelgan. Yuvilmagan idishlar savatga joylashtirilgan va uning ichi suv bilan to‘ldirilgan. Suv mashina pastiga o‘rnatilgan isitish moslamasi orqali asta-sekin isiy boshlagan. Savat o‘z o‘qi atrofida asta-sekin aylanib, pastdan ko‘tarilgan suv idishlarni yuvgan.
Kokreyn xonim ushbu mexanizmni 1885-yilning 31-dekabrida patentlashga erishdi. U bir necha oy ichida o‘z kashfiyotini ommaviy ravishda ishlab chiqara boshlaydi. 1893-yilda Amerikaning Chikago shtatida o‘tkazilgan Butunjahon ko‘rgazmasida Jozefina o‘z ixtirosini namoyish qiladi. Mashina katta qiziqish va shov-shuvlarga sabab bo‘lib, ko‘rgazma g‘olibiga aylanadi. Shundan so‘ng bu ixtiro savdosi yuqori darajaga ko‘tariladi. Jozefina shu bahona o‘zining «Garis-Kokreyn» nomli shaxsiy kompaniyasini ham ochadi. Natijada u Amerikadagi eng muvaffaqiyatli ishbilarmon ayollardan biriga aylanadi.
BOLALAR UChUN TAGLIKLAR TARIXI
Butun dunyo onalari amerikalik Merion Donovadan minnatdor bo‘lsa arziydi. Negaki aynan uning sa’y-harakati tufayli bir marta qo‘llanadigan tagliklar dunyoga keldi. Har bir ixtironing yaralishiga nimadir turtki bo‘ladi, deb bejizga aytishmaydi. Merionda ham shunday bo‘ldi. U ham ishlab, ham yosh qizalog‘iga qarashga majbur bo‘lgan. Bunday qiyin damlarni boshdan o‘tkazayotgan Merionni, ayniqsa, bola tagliklari bilan bog‘liq muammo qiynaydi. Ularni tez-tez almashtirib, quritishga ulgurmaydi. Bunga chora topish maqsadida hal xil usullarni qo‘llab ko‘radi. Oxiri hammom uchun mo‘ljallangan suv o‘tkazmaydigan mato ichiga bolaga mos qilib yo‘rgak joylashtiradi. So‘ng ularni bir-biriga jipslashtirib, tikib chiqadi. Shundan so‘ng uning muammosi ariganday bo‘ladi. U o‘ylab topgan bu usul keyinchalik bugun biz bilgan tagliklar paydo bo‘lishiga asos bo‘ladi. Albatta, undan keyin Merion tagliklari mukammallashtirilib, unga suyuqlikni shimib oladigan maxsus mato va boshqa bola salomatligiga salbiy ta’sir qilmaydigan qilib ishlab chiqala boshlangan.
ChAQALOQLAR UChUN XURJUN
Bugungi zamonaviy onalar bolalarini qo‘lida emas, yelkaga taqiladigan bolalar uchun maxsus xurjunda ko‘tarib yurganiga ko‘p bora guvoh bo‘lmoqdamiz. Ular xuddi Avstraliya ramzi sanalgan kengurularni eslatadi. Bu ixtironi amerikalik hamshira Enn Mur yaratgan.
Enn 60-yillarning boshida G‘arbiy Afrikaga xizmat safariga ketadi. U yerda afrikalik ayollarning turmush tarzini o‘rganadi. Og‘ir muhit va sharoitdan kelib chiqqan holda ayollarning chaqaloqlarini bir parcha mato bilan yelkasiga bog‘lab olishganini ko‘radi. Ular faqat shu holatdagina dala va uy-ro‘zg‘or yumushlarini bemalol bajara olardi.
Afrikada uning hayotida yana bir muhim voqyea sodir bo‘ladi. Enn u yerda o‘zining bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Maykni uchratadi. Oradan ko‘p o‘tmay, ular turmush qurishadi va farzandli bo‘lishadi. U ekspeditsiyada ko‘rgan tajribasini o‘z hayotida sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Enn avvaliga qalin matodan yuk xalta ko‘rinishida afrikancha uslubda ryukzak tikadi. Uning dastlabki urinishlari omadsiz chiqadi. U esa o‘z ustida ishlab, ryukzakni takomillashtirib bordi. Nihoyat, bugun bizga tanish bo‘lgan ryukzak-kenguru dunyoga keldi.
1970-yildan Enn ryukzak-kenguruni ommaga tanitishni boshlaydi. Bugungi u ko‘plab yosh onalarning eng yaqin ko‘makchisiga aylangan.
MIKROTO‘LQINLI PECHNING KASHF ETILISHI
Bugun bu texnika deyarli hamma xonadon oshxonasida bor. Uning dunyoga kelishiga AQShning harbiy ta’minot kompaniyasi muhandisi Persi Spenser sababchi bo‘lgan. Bir kuni u cho‘ntagidagi shokolad magnetron ta’sirida eriganini bilib qolgan. U bu hodisani hamkasblariga aytib beradi. Kompaniyaning yana bir muhandisi, Persining eng yaqin hamkasbi, jamiyat arbobi, notiq hamda ishbilarmon ayol Jessi Kartraytni bu hodisa qiziqtirib qo‘yadi va unda mikroto‘lqinli pech yaratish g‘oyasi tug‘iladi.
Qurilmaning birinchi nusxasi 1947-yili Amerikaning harbiylar oshxonasida mahsulotlarni tezda eritib berish uchun ishlatilgan. O‘sha paytda bu qurilma haddan tashqari katta vazn (300 kg) va past quvvatga (3 kilovatt) ega bo‘lgan. Aksincha, XXI asr mikroto‘lqin pechlari juda ham ixcham.
Jessi Kartraytga uy yumushlarida qo‘llaniladigan juda ko‘p ixtiro va zamonaviy texnikalarning avtomatlashtirilgan dasturlari ham tegishli. Jumladan, kir yuvish mashinasini yaratish g‘oyasini ham aynan u o‘ylab topgan.
QISHLOQ AYOLINING NOYOB IXTIROSI
Ehtimol, ayollar tomonidan yaratilgan ixtirolar o‘zlarining manfaatiga xizmat qilgan, deyishingiz mumkin. Ammo qattiq yanglishasiz.
XVIII asrning oxirlarida AQShning Massachusets shtatida yashagan Tabita Bebbit yaratgan arra bu fikrning mutlaqo noto‘g‘riligini isbotlaydi. Bu yerda istiqomat qilgan mahalliy aholi og‘ir mehnat orqali kun ko‘rishgan. Tabita Bebbit, asosan, to‘quvchilik qilgan. Oilasidagi erkaklar esa yog‘ochni qayta ishlash bilan shug‘ullangan.
Bir kuni Tabita aka-ukalarining qiynalib, xoda yanchayotganini ko‘rib qoladi. Ular arraning ikki chekkasidan ushlab, kuch bilan biri oldinga, bir orqaga tortardi. Bu jarayonda ikkala erkakdan ham bir xil kuch talab etilayotgan bo‘lsa-da, biroq arra faqat oldinga siljiganda xodani yanchardi. Ikkinchi tomonga sarflanayotgan kuch esa behuda ketardi. Shunda Bebbita bu muammoni bartaraf qilish haqida bosh qotiradi. 1810-yili u charxsimon arraning (sirkulyar arra) aylanma tig‘ (krugovыm lezviem) shaklidagi prototipini yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Mukammal o‘ylangan va ishlangan bu ixtiro tufayli arraning har bir harakati foyda keltirgan. Oradan ancha vaqt o‘tgach, ushbu ixtiro taxta tilish sanoatida muhim uskunadan biriga aylandi.
Sevara Abdullayeva tayyorladi.